Today

Miruktamova Feruza Lutfullayevna — Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti Tadqiqot markazi rahbarligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Miruktamova Feruza Lutfullayevna 1986-yilda tugʻilgan. 2006-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriat, 2010-yilda O‘zbekiston Milliy Universiteti Huquqshunoslik fakulteti magistratura bosqichini tamomlagan. 2021-yilda yuridik fanlari bo'yicha falsafa doktori (Phd) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2025-yilda xalqaro huquq dotsenti unvoniga ega boʻlgan.

Toshkent davlat yuridik universitetida mehnat faoliyatini 2017-yilda boshlagan. Bu davrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Toshkent shahar xo‘jalik sudida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.

TDYUda mehnat faoliyati davomida Xalqaro huquq kafedrasida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi lavozimlarida ishlagan. Hozirda universitetning Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi dotsenti sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Oilali, 2 nafar farzandning onasi.

Yutuqlari

Xalqaro ommaviy huquq, inson huquqlari, bola huquqlari sohalarida 5 ta darslik (hammuallif sifatida) va 3 ta oʻquv qoʻllanma nashr etgan.

Mahalliy va xalqaro jurnallarda 50 dan ortiq ilmiy maqolalari va ilmiy tadqiqot faoliyati doirasida 4 ta monografiyasi chop etilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatining asoslari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan ishchi guruhi a’zosi sifatida faol ishtirok etgan. Shuningdek, YUNISEFning Toshkentdagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan Voyaga yetmaganlar odil sudloviga doir xalqaro loyihada ekspert sifatida ishtirok etgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan bolalarga nisbatan odil sudlov sohasida milliy qonunchilikning xalqaro standartlarga mosligini tahlil qilish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh a’zosi.

Niderlandiyada joylashgan Gaaga Xalqaro huquq akademiyasining Xalqaro ommaviy huquq dasturi doirasida, shuningdek, Latviya Respublikasining Riga oliy huquq maktabi tomonidan tashkil etilgan “Yevropa huquqi va iqtisodiyoti” dasturi doirasida Riga va Brussel shaharlarida malaka oshirgan.

Saylovoldi dasturi

Feruza Miruktamovaning saylovoldi dasturi universitetda ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliyot o‘rtasidagi uzviy integratsiyani rivojlantirish, fakultet professor-o‘qituvchilarining ilmiy faoliyatini amaliy samaradorlikka yo‘naltirish hamda xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Nomzod o‘z dasturida Tadqiqot markazini fakultetda yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarni huquqni qo‘llash amaliyoti, normativ-huquqiy ijodkorlik faoliyati va xalqaro hamkorlik loyihalari bilan uyg‘unlashtiruvchi zamonaviy ilmiy-analitik va ekspert platformasi sifatida rivojlantirishni ustuvor vazifa etib belgilagan.

Professor-o‘qituvchilarning xalqaro va milliy ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar hamda ilmiy platformalardagi ishtirokini kengaytirish, ularning ilmiy natijalarini xalqaro akademik maydonga olib chiqishga ko‘maklashish dasturdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Nomzod universitetning ustuvor maqsadlaridan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilarning nufuzli ilmiy platformalarda maqolalar chop etishiga amaliy va metodik ko‘mak ko‘rsatish, grantlar va xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirokini qo‘llab-quvvatlash tashabbusini ilgari surmoqda.

Tadqiqot markazi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida iqtidorli va tashabbuskor talabalardan iborat “Research Volunteers Group” faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Mazkur guruh ilmiy tadqiqotlar doirasida so‘rovnoma va monitoringlar o‘tkazish, qiyosiy-huquqiy materiallarni to‘plash hamda konferensiya va ekspert tadbirlarini tashkil etishda ko‘maklashadi. Ushbu platforma orqali talabalarning akademik tadqiqot, analitik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda fakultetda yosh tadqiqotchilar zaxirasini shakllantirish hamda “ustoz–shogird” ilmiy maktabini rivojlantirish orqali kuchli ilmiy muhitni shakllantirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, PF–232-son Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Tadqiqot markazi xalqaro grantlar va qo‘shma ilmiy loyihalarni jalb qilishi, professor-o‘qituvchilarni mazkur yo‘nalishlardagi xalqaro akademik platformalarga integratsiya qilish orqali TDYUda tashkil etilishi rejalashtirilgan Yevropa huquqi markazi, WTO LAW markazi hamda Ingliz huquqi markazlari faoliyati uchun kuchli ilmiy maktabni shakllantirishga ko‘maklashish maqsad qilingan.