May 25

Mexmonov Qambariddin Miradxamovich — Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti dekanligiga nomzod

Umumiy ma'lumot

Mexmonov Qambariddin Miradxamovich 1979-yil 15-aprelda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy.

Q.Mexmonov Toshkent davlat yuridik universiteti (avvalgi Toshkent davlat yuridik instituti) bakalavr va magistratura ta’lim bosqichlarida tahsil olgan. Rus va ingliz tillarini biladi.

U mehnat faoliyatini 1998-yilda Toshkent davlat yuridik instituti Fuqarolik huquqi kafedrasida laborant sifatida boshlagan. Keyinchalik katta laborant lavozimida faoliyat yuritgan. 2006–2008-yillarda yetakchi yuriskonsult, yuriskonsult va baholovchi yordamchisi sifatida amaliy-huquqiy faoliyat olib borgan.

2008–2011-yillarda advokat sifatida fuqarolik-huquqiy nizolarni sud orqali hal etish, korporativ va shartnomaviy munosabatlarni huquqiy ta’minlash, tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini himoya qilish hamda sud jarayonlarida vakillik qilish bo‘yicha amaliy tajriba orttirgan.

2011-yildan buyon Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent va professor lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda TDYU Fuqarolik huquqi sho‘basi professori hisoblanadi.

Yutuqlari
Q.Mexmonov fuqarolik huquqi, biznes huquqi, shartnoma huquqi, majburiyat huquqi va mulk huquqiga oid 100 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi. U tomonidan monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy va tahliliy maqolalar chop etilgan.

Ilmiy faoliyati davomida fuqarolik va biznes huquqi yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda nazariya va amaliyot integratsiyasiga asoslangan yuridik ta’limni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Pedagogik faoliyati davomida ko‘plab talabalar, magistrantlar va tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilgan. Shuningdek, fuqarolik-huquqiy munosabatlar, tadbirkorlik faoliyatini huquqiy ta’minlash, shartnomaviy va korporativ munosabatlar bo‘yicha amaliy tajriba shakllantirgan.

Saylovoldi dasturi
Asosiy maqsad — fakultetda zamonaviy, amaliyotga yo‘naltirilgan va xalqaro standartlarga mos yuridik ta’lim muhitini rivojlantirish, talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda ularning amaliy tayyorgarligini kuchaytirishdan iborat.

Shu maqsadda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi:

— fakultetda biznes huquqi va sud himoyasi yo‘nalishida xalqaro ilmiy va akademik hamkorlikni kengaytirish;

— xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuvlar va amaliy hamkorlik tashabbuslarini rivojlantirish;

— talabalarni real sud va biznes amaliyotiga keng jalb qilish, ularda amaliy huquqiy ko‘nikmalarni shakllantirish;

— biznes huquqi, mediatsiya va sud himoyasi yo‘nalishlarida amaliy ta’lim elementlarini kuchaytirish;

— iqtisodiy sudlar, advokatura va yuridik kompaniyalar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish;

— amaliyotchi sudyalar, advokatlar va xalqaro ekspertlarni ta’lim jarayoniga faol jalb qilish;

— yosh olimlar, magistrantlar va tadqiqotchilarniilmiy maktablar asosida qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish;

— fakultetda ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish;

— talabalarda zamonaviy yuridik tafakkur, kasbiy etika va mas’uliyat hissini shakllantirish;

— talabalarni kelgusidagi professional faoliyatga tayyorlashda amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvlarni keng qo‘llash.

Asosiy vazifa — nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan, zamonaviy fikrlaydigan, raqobatbardosh va professional yuristlarni tayyorlashga xizmat qiladigan zamonaviy fakultet muhitini shakllantirish.