Kadirova Moxigul Xamitovna — Jinoiy odil sudlov fakulteti Akademik departamenti boshliqligiga nomzod
Kadirova Moxigul Xamitovna 2004-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriat bosqichini, 2007-yilda magistratura bosqichini, 2011-yilda aspirantura bosqichini tamomlagan.
2011–2013-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti Ilmiy tadqiqot va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi xodimi, 2018–2020-yillarda Jinoyat-protsessual huquqi va kriminalistika kafedrasi dotsenti v.b., 2020–2022-yillarda Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi dotsenti v.b., 2022–2025-yillarda Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi dotsenti lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2025-yil yanvardan TDYU Jinoiy odil sudlov fakulteti Jinoyat-protsessual huquqi sho‘basi professori vazifasini bajaruvchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Hozirda TDYU Jinoiy odil sudlov fakulteti Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi.
M.Kadirovaga 2011-yilda yuridik fanlar nomzodi (PhD) ilmiy darajasi, 2022-yilda dotsent ilmiy unvoni, 2023-yilda yuridik fanlar doktori (DSc) ilmiy darajasi berilgan. Adliya vazirining tegishli buyrug‘i bilan 1-darajali yurist martaba darajasini olgan.
TDYUdagi mehnat faoliyati davomida o‘quv jarayonlarini samarali tashkil etishdagi faolligi, jamoat ishlaridagi tashabbuskorligi hamda universitet faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun Adliya vazirligi TDYU rektorining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
2025-yilda TDYUda talabalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada “Eng fidoiy ustoz” nominatsiyasi g‘olibi boʻlgan. TDYU ilmiy jurnallar tahririyati a’zosi.
“Jinoyat-protsessual huquqi”, “Dalillar nazariyasi”, “Jinoyat protsessida dalillar va isbotlash” kabi 7 ta darslik, “Raqamli jinoyat protsessi”, “Xalqaro jinoyat protsessi”, “Jinoyat protsessida muddatlar” kabi 6 ta monografiya, o‘quv-qo‘llanmalar, 100 ga yaqin ilmiy va ommabop maqola va ilmiy risolalar muallifidir.
M.Kadirova Jinoiy odil sudlov fakulteti Akademik departamenti faoliyatini tizimli rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish tizimi samaradorligini oshirishni maqsad qilgan.
Uning dasturida kredit-modul tizimini yanada optimallashtirish, dars mashg‘ulotlarida qo‘llanilayotgan yangi texnologik vositalar (interaktiv platformalar, sun’iy intellekt asosidagi ta’lim tizimlari)ni keng joriy etish, o‘quv rejalari va sillabuslarni amaliyot ehtiyojlari hamda ta’lim bosqichlari asosida takomillashtirish, raqamli boshqaruv tizimlarini qo‘llash, yuqori malakali xorijiy professorlar tomonidan ma’ruza va amaliy darslar (online yoki offline) tashkil etilishi, o‘quv jarayoni sifatining oshirilishi, dars sifati monitoringi va talabalar fikrini muntazam o‘rganish, klinik va dual ta’limni kuchaytirish, zamonaviy o‘quv adabiyotlari yaratish hamda universitet nufuzini yanada oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.