TDYUda amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi loyihalar Adliya vaziriga taqdim etildi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Tashkulov Toshkent davlat yuridik universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida universitet faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida universitet rahbariyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, ta’lim, ilm-fan va boshqaruv sohalaridagi yangiliklar haqida vazirga ma’lumot berildi.
Xususan, universitetda akademik-kollegial boshqaruv tizimi joriy etilib, “Professorlar kengashi” tashkil etilgani, fakultet dekanlari, akademik departament va tadqiqot markazlari rahbarlarini saylashning yangi tartibi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, yangi tashkiliy tuzilma asosida 5 ta tadqiqot markazi, 5 ta akademik departament hamda amaliyot va karyera markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani alohida qayd etildi.
Ta’lim jarayonida klinik va dual ta’lim tizimi keng joriy etilib, minglab talabalar sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mahallalarda amaliyotga jalb etilgani, amaliy mentorlik instituti yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, “Elektron universitet” tizimi, sun’iy intellekt asosidagi yechimlar, virtual sud va tergov jarayonlari xonalari tashkil etilgani universitetda raqamlashtirish jarayonlari izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Ilmiy-innovatsion faoliyat bo‘yicha ham muhim natijalar qayd etilib, Scopus bazasida chop etilgan maqolalar soni oshgani, xalqaro ilmiy hamkorlik kengayayotgani, grant loyihalari va LegalTech yo‘nalishida startaplar yo‘lga qo‘yilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, “TSUL Professional Services” spinoff kompaniyasi tashkil etilgani va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish mexanizmlari joriy etilgani alohida e’tirof etildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida esa qator yirik universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgani, xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushi oshirilayotgani, talabalar xalqaro Moot Court va boshqa nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani ma’lum qilindi.
Tashrif davomida vazirga universitetning yangi zamonaviy kampus loyihasi ham taqdim etildi. Mazkur loyiha doirasida ta’lim, ilm-fan, yashash va sport infratuzilmasini birlashtirgan zamonaviy ekotizim yaratish rejalashtirilgani, kampusni barpo etish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgani va xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Uchrashuv davomida universitet faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan qator takliflar bildirildi. Jumladan huquq sotsiologiyasi va huquq falsafasi yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni jalb etish, talabalarni xalqaro musobaqalarga tizimli tayyorlash va ularning global raqobatbardoshligini oshirish, talabalar kooperatsiyasini rivojlantirish orqali jamoaviy loyihalarni kengaytirish, xalqaro reytinglarda, xususan QS Subject (Law) reytingida yuqori o‘rinlarni egallashga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng vazir universitetning turli bo‘linmalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, Ta’lim sifati bo‘limida ta’lim jarayonini boshqarish, sifat nazorati, qabul tizimi hamda “Elektron universitet” platformasi imkoniyatlari namoyish etildi. Mazkur tizim orqali ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish va monitoring qilish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida vazir Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakultetida yaratilgan sharoitlar, dekanat faoliyatida joriy etilgan zamonaviy situatsion monitorlar hamda talabalar uchun faoliyat yuritayotgan karyera markazlari bilan tanishdi.
Shuningdek, spinoff loyihalari va Yuridik klinika faoliyati ko‘zdan kechirilib, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, real huquqiy muammolar ustida ishlash tizimi amalda qanday yo‘lga qo‘yilgani, aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi, talabalar ishtirokida “pro bono” xizmatlarini tashkil etish amaliyoti namoyish etildi. “Advokatura xonasi”da talabalarning amaliy mashg‘ulotlari, sud jarayonlariga tayyorgarlik hamda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish jarayonlari ko‘rsatib berildi.
Ommaviy huquq fakulteti Tadqiqot markazida esa qonun loyihalarini ishlab chiqish, ilmiy ekspertiza va tahliliy faoliyat yo‘lga qo‘yilgani, davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv tashkil etilib, ular uchun yaratilgan xalqaro imkoniyatlar, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan dasturlar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
“Registrator ofisi”da ta’lim jarayonlarini markazlashgan holda boshqarish, talabalar va xorijiy talabalar bilan ishlash tizimi haqida ma’lumot berildi. Xorijiy talabalar bilan bevosita muloqot o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari tinglandi.
Tashrif yakunida vazir tomonidan universitetda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan amaliy ta’limni rivojlantirish, ilmiy salohiyatni oshirish va raqamlashtirish yo‘nalishidagi ishlar ijobiy baholanib, ushbu ishlarni izchil davom ettirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur tashrif Toshkent davlat yuridik universitetida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimini shakllantirish hamda huquqiy ta’lim va ilm-fanni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.