May 24

Jurayev Sherzod Yuldashevich — Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti Akademik departamenti boshliqligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Jurayev Sherzod Yuldashevich 1982-yil 14-iyunda Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Oliy ma’lumotli yurist olim va pedagog hisoblanadi. 2003-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriat bosqichini, 2005-yilda esa magistratura bosqichini tamomlagan. Talabalik davridayoq “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatida qatnashib, Toshkent davlat yuridik instituti boshlang‘ich tashkiloti raisi sifatida yoshlar bilan ishlash tajribasini orttirgan.

Mehnat faoliyatini 2000–2001-yillarda “Sayram Tours” MChJda yurist sifatida boshlagan. 2005–2006-yillarda Toshkent davlat yuridik institutida “Davlat va huquq nazariyasi” kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik turli davlat va ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib, 2017–2019-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida pedagogik faoliyat olib borgan hamda ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limida bosh mutaxassis vazifasida ishlagan. 2020-yildan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetining Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent va professor vazifasini bajaruvchi lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Yutuqlari

Sherzod Jurayev tomonidan 35 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar, jumladan monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va xalqaro ilmiy maqolalar chop etilgan. Uning ilmiy ishlari ma’muriy huquq, davlat xizmati, ekologik xavfsizlik, bandlik hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan. Ilmiy maqolalari xorijiy nashrlarda, jumladan Scopus bazasida indekslangan konferensiya to‘plamlarida e’lon qilingan.

U “Ma’muriy sud ishi yurituvi” darsligi hamda “Davlat xizmati” bo‘yicha o‘quv qo‘llanma mualliflaridan biri hisoblanadi. Talabalar va magistrlarga faol ilmiy rahbarlik qilib, ko‘plab bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilgan.

2025-yilda Italiya va Gretsiyada o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etib, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan. Shuningdek, davlat organlari uchun qonunchilik va huquqiy targ‘ibot yo‘nalishida amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda qatnashib kelmoqda.

Saylovoldi dasturi

Nomzodning asosiy maqsadi — yuridik ta’lim va ilm-fan sifatini oshirish, ma’muriy huquq va davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishdan iborat.

Kelgusida:

·                 yoshlarning sifatli yuridik ta’lim olishi uchun innovatsion o‘quv dasturlarini rivojlantirish;

·                 davlat boshqaruvida raqamlashtirish va ochiqlik tamoyillarini kuchaytirish;

·                 ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflarni ilgari surish;

·                 aholining huquqiy madaniyatini oshirish va huquqiy targ‘ibotni kengaytirish;

·                 xalqaro tajribani milliy qonunchilikka tatbiq etishga ko‘maklashish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Nomzod ilm-fan, amaliyot va ta’lim integratsiyasi orqali adolatli va zamonaviy huquqiy tizimni rivojlantirishga xizmat qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.