TDYU Ommaviy huquq fakulteti Tadiqot markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar dayjesti
I. Qonun loyihalariga taklif va ularning ilmiy ekspertizasi.
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning milliy qonunchilik bazasini yangilash, norma ijodkorligi faoliyatini islohotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi yuzasidan ilmiy xulosa va takliflar berildi;
2. Oliy Majlis (Qonunchilik palatasi va Senat) tomonidan taqdim etilgan 10 ga yaqin qonun loyihalari yuzasidan takliflar ishlab chiqildi hamda ko‘rib chiqish uchun tegishli palatalarga taqdim etildi.
3. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Soliq kodeksiga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ilmiy-ekspertizadan o‘tkazildi;
4. Jamiyatda huquqiy madaniyatni 2030-yilgacha yuksaltirish strategiyasi loyihasiga takliflar taqdim etildi.
5. “O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish Strategiyasi loyihasiga takliflar berildi.
6. Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan Davlat xizmatlari bo‘yicha 2027 – 2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasiga takliflar berildi.
Shuningdek, Tadqiqot markazi tomonidan tegishli sohalarga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ilmiy ekspertizadan o‘tkazilib, ular yuzasidan tegishli xulosalar rasmiylashtirildi. Ekspertiza jarayonida hujjatlar loyihalarining amaldagi qonunchilikka muvofiqligi, huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’siri va ularni takomillashtirish ehtiyojlari ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan yuborilgan “Yong‘in xavfsizligi tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ilmiy ekspertizadan o‘tkazilib, qator taklif va mulohazalar yuborildi.
II. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-son Farmoni ijrosi yuzasidan
1. Ommaviy huquq Tadqiqot markazi tomonidan “Huquqiy aqlli mahalla” konsepsiyasi (Farmon loyihasi, konsepsiya va xorijiy tajriba) ishlab chiqildi, takomillashtirildi va amaliy qo‘llash uchun yakuniy ko‘rinishga keltirildi.
2. Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining 2026-yil 31-yanvardagi 26-um-sonli buyrug‘ining barcha tegishli bandlari ijrosi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Tadqiqot markazi rahbari Sh.Fayziyev buyruqning 5-ilovasiga muvofiq Ilmiy ishchi guruh rahbarining o‘rinbosari – asosiy ijrochisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
3. Buyruqning 3-ilovasi doirasida ishchi guruhlar ishlari tashkil etildi, vazifalar aniq taqsimlandi hamda ma’lumotlar bilan ishlash tartibi yo‘lga qo‘yildi. Tadqiqot rejalari, yo‘l xaritalari va ish grafigi ishlab chiqildi, zarur 18 turdagi hujjatlar bilan ishlash mexanizmi joriy etildi. Ilmiy ishchi guruh a’zolari takliflari asosida ustuvor yo‘nalishlar belgilandi va ilmiy-tahliliy faoliyatni muvofiqlashtirish tizimi shakllantirildi. Tadqiqot markazi rahbari hududlararo ishchi guruh tarkibida Sirdaryo viloyati bo‘yicha Ilmiy ishchi guruh rahbari o‘rinbosari sifatida belgilangan vazifalar ijrosini muvofiqlashtirib bormoqda.
4. Biriktirilgan mahallalarda uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha manzilli tahlillar olib borildi. “Qizil” toifadagi mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen holati o‘rganilib, jinoyatlarning kelib chiqish omillari aniqlandi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan 10 dan ortiq takliflar ishlab chiqildi. Hududlararo tadqiqot rejalari va ma’lumotlarni qayta ishlash tartiblari joriy etildi. Sirdaryo viloyatining qator tumanlari va mahallalari kesimida ilmiy xulosalar hamda qonunchilikka takliflar tayyorlash vazifalari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Ommaviy huquq Tadqiqot markazi Sirdaryo viloyati Sirdaryo, Xovos, Sardoba, Oqoltin, Boyovut, Mirzabod tumanlari va Yangiyer shahri boʻyicha (10 ta mahalla) kesimida uyushgan jinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot yo‘nalishlari bo’yicha Ilmiy xulosa va qonunchilikka taklif ishlab chiqmoqda.
5.Rektorning topshiriqlari asosida xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yosh mutaxassislar jalb etilib, jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida mazmuman va shaklan xalqaro standartlar asosida tayyorlash bo’yicha ilmiy ishlanmalar olib borilmoqda. Xususan, uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha kriminologik metodologiya ishlab chiqildi.
6. Tadqiqot markazi xodimlari tomonidan PQ-1 mazmun-mohiyatini keng yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalarida 3 ta maqola e’lon qilindi hamda ilmiy-ommabop materiallar tayyorlandi. Xususan, X. Botirov tomonidan “Mahalla – Yangi O’zbekiston islohotlarining tayanch markazi” nomli ommabop material UzA axborot agentligida e’lon qilindi. Tadqiqot markazi ilmiy xodimi U. Sobirov tomonidan “Nega xavfsiz muhit aynan mahalladan boshlanishi kerak?” nomli ommabop material Hudud24 internet nashrida e’lon qilindi. Markaz ilmiy xodimi F.Nazarov tomonidan “Inson va qonun” gazetasida “Qonun ustuvorligi va ijtimoiy profilaktika: mahallada xavfsiz muhitning yangi huquqiy asosi” mavzusidagi maqola e’lon qilindi.
7. Hisobot davrida Tadqiqot markazining 2 nafar ilmiy xodimi ilmiy ishchi guruh sifatida Yashnobod tumani hamda Sirdaryo viloyati hududlariga mikrohududlar kesimida biriktirildi. Amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida Yashnobod tumanidagi 15 ta mahallada kompleks o‘rganish ishlari to‘liq yakunlandi. Natijalar bo’yicha 20 dan ziyod amaliy-ilmiy hamda 4 ta qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.
III. Ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilindi
2026-yil 23-aprel kuni yuridik fanlar doktori, professor Fayziyev Shuhrat Hasanovich tavalludining 60 yilligi va ilmiy-pedagogik faoliyatining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan “Qonunchilikni takomillashtirishning dolzarb masalalari: ta’lim, tadqiqot va amaliyot integratsiyasi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Tadqiqot markazi rahbari Sh.Fayziyevning “Norma ijodkorligini takomillashtirishning zamonaviy tendensiyalari” nomli monografiyasi taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Professor Sh.Fayziyev ilmiy maktabining 50ga yaqin a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan “Ekologik muammolarni huquqiy tartibga solishning innovatsion yechimlari” mavzusidagi ilmiy maqolalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
IV. Xalqaro va milliy grantlar doirasida
1. TDYU tomonidan ilmiy-amaliy va uslubiy qoʻllanmalar turkumini tayyorlash boʻyicha e’lon qilingan “Smart-mahalla”ning tashkiliy-huquqiy va institutsional mexanizmlarini ishlab chiqish” amaliy loyihalar tanlovida ishtirok etmoqda.
2. Davlat texnik dasturlari doirasida e’lon qilingan “Olima ayollar” ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar tanloviga hujjatlar tayyorlanmoqda.
3. “Constitutions.uz” loyihasi doirasida Tadqiqot markazi ilmiy xodimi U.Sobirov tomonidan iqtidorli talabalar bilan birgalikda dunyo mamlakatlari konstitutisiyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilib yagona platformaga (vebsayt) joylab borilmoqda. Hozirgi kunga qadar Yaponiya, Fransiya va Norvegiya davlatlari konstitutsiyalar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr qilinishi ta’minlandi.
4. Tadqiqot markazi tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya qayta tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi hamda https://www.constituteproject.org/ ga yangilash maqsadida yuborildi.
Tadqiqot markazi bugungi kunda Ispaniyaning Barselona avtonom universiteti (Universitat Autònoma de Barcelona) universiteti (professor Antoni Abat i Ninet). AQShning Chicago universiteti (professor Tom Ginsburg), Texas universiteti (Richard Albert), AQSHning Shimoli-sharqiy Illinoys universiteti (professor Ulug‘bek Nurmuhamedov) bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 23-aprel kuni tadqiqot markazi rahbari Sh.Fayziyevning “Norma ijodkorligini takomollashtirishning zamonaviy tendensiyalari” nomli monografiyasi nashr etildi va taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu monografiyada normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning yuridik tavsifi va bosqichlari, qonun ijodkorlik jarayonining umumiy tavsifi va yuridik tabiati, qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish istiqbollari, qonun ijodkorligi jarayonida huquqiy ekspertiza va tartibga solish ta’sirini baholashni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayoniga oid xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda xalqaro tashkilotlarning norma ijodkorlik faoliyati atroflicha yoritilgan.
Monografiya huquqshunoslar, talabalar, tinglovchilar, magistrantlar, ilmiy tadqiqotchilar, amaliyotda ishlovchi huquqshunoslar va keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan.