May 24

Maxkamov Durbek Nematovich — Ommaviy huquq fakulteti dekanligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Maxkamov Durbek Nematovich 1984-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati — o‘zbek.

U 2005-yilda Toshkent davlat yuridik instituti bakalavriatini, 2007-yil mazkur institut magistraturasini tugatgan, huquqshunos.

2012 yilda 12.00.06 – “Qishloq xo‘jalik huquqi; yer, suv, o‘rmon va kon huquqi; ekologik huquq” ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini, 2023-yilda 12.00.06 – “Tabiiy resurslar huquqi. Agrar huquq. Ekologik huquq” ixtisosligi bo‘yicha yuridik fanlar doktori (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

2020-yil 30-iyunda dotsent ilmiy unvonini, 2023-yilda professor ilmiy unvonini qo‘lga kiritgan.

U mehnat hamda ilmiy va pedagogik faoliyatini 2008-yildan Toshkent davlat yuridik institutining Ekologiya va qishloq xo‘jalik huquqi kafedrasi o‘qituvchisi sifatida boshlab hozirga qadar bir nechta lavozimlarda, jumladan universitetining Ekologiya va agrar huquq kafedrasi mudiri, Moliya, bank va soliq huquqi kafedrasi mudiri, universitetning 3-kurs dekani, Monitoring va tashkiliy-nazorat boshqarmasi boshlig‘i, Tashkiliy-nazorat va strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i, Qo‘shma ta’lim dasturlari fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat yuritgan.

D.Maxkamov bugungi kunda Ommaviy huquq fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritish bilan bir qatorda, jamoatchilik asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ekspert komissiyasi a’zosi, Oliy ta`lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligida xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash bo`yicha komissiyasi a`zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

D.Maxkamov Universitet Kengashi, Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash, Ilmiy Kengash huzuridagi Ilmiy seminar, malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi va boshqa komissiya va ishchi guruhlar a’zosi sifatida faol ishtirok etib kelmoqda.

Yutuqlari

D.Maxkamovning mehnat faoliyatida erishgan muvaffaqiyatlari munosib e’tirof etilib, “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga 30 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlangan.

D.Maxkamov tomonidan shu paytga qadar 70 dan ortiq o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar e’lon qilingan, shulardan 3 ta monografiya, 5 ta darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma hamda nufuzli xorijiy va mahalliy juranllarda maqolalar e’lon qilingan.

Saylovoldi dasturi

Saylovoldi dasturining asosiy shiori “Yuridik ta’limning yangi davri: sifat, innovatsiya va raqobatbardoshlik” deb nomlanib, fakultetning ilmiy akademik obro‘-e’tiborini oshirish, professor-o‘qituvchilarning shaxsiy brendini namoyon etishga ko‘maklashish va ularni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan amaliy ishlarni bajarish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash va bitiruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

1. Universitet qadriyatlarini asrash, ustoz-shogird tizimini mustahkamlash, ma’naviy barkamol yoshlarni tarbiyalashda tizimli ishlar amalaga oshiriladi. Universitet qadriyatlari – daxldorlik, fidoiylik, halollik, adolat, o‘zaro hurmat va vatanparvarlik targ‘ib qilinadi.

2. Ta’limning amaliy yo‘nalishini kuchaytirish orqali talabalarning nazariy bilimlari amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtiriladi. Ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida dars o‘tish mexanizmlari hamda talabalarning bilimlarini baholash tizimi qayta ko‘rib chiqiladi.

3. Fakultet ilmiy salohiyatini xalqaro va mahalliy darajada namoyon qilish ustuvor vazifa hisoblanadi. Ilmiy ishlarning natijalarini amaliyotga joriy etish mexanizmi yaratiladi. Professor-o‘qituvchilar va talabalarning innovatsion ishlanmalarni yaratishga oid tashabbuslarini namoyon qilishga ko‘maklashiladi.

4. Bitiruvchilarning ish bilan ta’minlash maqsadida manzilli ishlar tashkil etiladi. Amaliyot va karyera markazining faoliyati sezilarli darajada kuchaytirilib, yirik huquqiy firmalar, davlat idoralari va tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik o‘rnatiladi. Talabalarning amaliyot o‘tash mexanizmiga oid aniq takliflar ishlab chiqiladi va samaradorlikka erishiladi.

5. Fakultetning xalqaro aloqalarini mustahkamlash va nufuzini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar bajariladi. Xorijiy yuridik universitetlarining tegishli kafedralari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish tashkil etiladi. Fakultetning bir necha tildagi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari yaratiladi.