May 24

Musayev Bekzod Tursunboyevich — Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti dekanligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Musayev Bekzod Tursunboyevich — yuridik fanlar doktori (DSc), professor. Ilmiy ixtisoslik yo‘nalishi 12.00.03 — Fuqarolik huquqi; tadbirkorlik huquqi; Oila huquqi; Xalqaro xususiy huquq.

Mehnat faoliyati ilm, amaliyot va boshqaruv sohalarida 16 yildan buyon davom etmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni hamda Adliya organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Universitetda Ekologiya va agrar huquq, Davlat huquqi va boshqaruvi hamda Konstitutsiyaviy huquq kafedralar mudiri lavozimlarida, shuningdek, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlagan. 2022-yildan buyon Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti dekani vazifasini bajarib kelmoqda.

Jamoani, muammolarni va imkoniyatlarni ichkaridan biladi.

Yutuqlari

Ilmiy faoliyati natijalari asosida 150 dan ortiq ilmiy maqola, 10 ta darslik, 4 ta monografiya va 5 ta o‘quv qo‘llanma muallifi bo‘lgan. Ilmiy ishlari milliy va xalqaro retsenziyalangan jurnallarda chop etilgan.

Xalqaro tajriba ortirish dasturlarida ishtirok etgan. Jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Latviya va Xorvatiya universitetlarida ilmiy stajirovkalarni o‘tagan. 3 ta xalqaro va 2 ta milliy grant loyihalarida tadqiqotchi sifatida ishtirok etgan.

Dekan sifatidagi ikki yillik amaliy natijalar:

-      Ta’lim jarayoniga 50 dan ortiq amaliyotchi mutaxassislar, jumladan sudya, advokat, prokuror va yuriskonsultlar jalb qilindi;

-      3-kurs talabalari Yashnobod va Yangiho‘yot tumanlari mahallalariga taqsimlanib, dual ta'lim tizimi joriy etildi;

-      Darslarni “auditoriyadan amaliyotga” prinsipi asosida tashkil qilish bo‘yicha o‘quv jarayoni mexanizmi ishlab chiqildi;

-      Nufuzli ish beruvchi tashkilotlar bilan 10 ta hamkorlik memorandumi imzolandi, yana 20 ta tashkilot bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi;

-      Talabalar hayotini mazmunli o‘tkazish, 5 tashabbusni keng targ‘ib qilish, TTJda talabalar sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi;

-      Talabalarni sport musobaqalariga keng jalb qilish uchun maxsus fakultet sport anjomlari tashkil qilindi;

-      Talabalar va ish beruvchilar bilan maslahat kengashlari tashkil qilindi va har yili ikki marotaba ushbu kengashlarda o‘quv, tashkiliy va bitiruvchilarni tayyorlash masalasi muhokama qilinmoqda.

Saylovoldi dasturi

Kelgusi ikki o‘quv yilida fakultetni rivojlantirishda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e'tibor qaratiladi:

1. Klinik va dual ta'limni samarali mexanizmini joriy qilish. 2026/2027 o‘quv yilidan 50% nazariya va 50% amaliyot prinsipi to‘liq tatbiq etiladi. 4-binoda fuqarolik, mehnat, intellektual mulk va korporativ huquq yo‘nalishlari bo‘yicha onlayn yuridik klinika ishga tushiriladi, hamkorlik shartnomalar soni 100 dan oshiriladi. Sayyor sud majlislari tashkil qilinadi va «amaliyotchi mutaxassis – professor o‘qituvchi» hamkorligi yangi bosqichga olib chiqiladi.

2. «Ta'lim — tadqiqot — amaliyot» integratsiyasini ta'minlash. Fakultet tarkibida uchta tuzilma — akademik departament, Tadqiqot markazi hamda Amaliyot va karyera markazni uzviy bog‘liq holda faoliyat yuritishi, bir-birini doimiy to‘ldirish mexanizmi joriy qilinadi. «Xususiy huquq axborotnomasi» yangi ilmiy jurnali ta'sis etiladi.

3. Sun'iy intellekt va Legal Tech'dan unumli foydalanish. SI-tyutor 24/7 rejimida talabaga ko‘mak beradi, oraliq va yakuniy nazoratlarni dastlabki baholashda SI vositalari joriy qilish, Legal Tech laboratoriyasida har yili 10–15 talabani yangi startap loyihalarida ishtirok etishiga shart-sharoit yaratiladi.

4. Ilmiy-xalqaro minbarni kengaytirish. Scopus va Web of Science jurnallarida maqolalar sonini bosqichma-bosqich oshirish, fakultetni xalqaro hamkorligini kengaytirish ko‘zda tutiladi. Fakultetda xalqaro nufuzli jurnallardagi maqolalar sonini 2026 yilda — 10, 2027 yilda — 15 ta maqolaga yetkazish ko‘zda tutilgan.

5. Professor-o‘qituvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash sohasida. Kafedralariga keng mustaqillik va har uch yilda kamida bir marotaba xorijiy stajirovka kafolatlari yaratiladi, shuningdek, har bir o‘qituvchini shaxsiy karyera brendini yaratish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘riladi.