Raximov Miryoqub Aktamovich — Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Tadqiqot markazi rahbarligiga nomzod
M.Raximov 2010–2014-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat bosqichida, 2014–2016-yillarda esa magistratura bosqichida tahsil olgan. Shuningdek, u 2023-yil yanvar–may oylarida Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlarining professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturi granti g‘olibi sifatida University of Arkansas School of Lawda stajirovka (Visiting Scholar) o‘tagan.
M.Raximov mehnat faoliyatini 2014-yilda Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasida kabinet mudiri lavozimida boshlagan. 2016-yildan Mehnat huquqi kafedrasida o‘qituvchi, 2018-yildan magistratura bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan. 2021-yildan kafedraning katta o‘qituvchisi, 2024-yildan esa dotsenti lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, Mehnat huquqi kafedrasi mudiri o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat olib borgan. 2026-yildan hozirga qadar Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Tadqiqot markazi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
M.Raximov 2021-yil 25-avgust kuni yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan. U ilmiy-pedagogik faoliyati davomida qator o‘quv va uslubiy adabiyotlar muallifi hisoblanadi. Jumladan, yakka mualliflikda “Mehnat huquqi (Umumiy qism) Testlar to‘plami” (2024) o‘quv qo‘llanmasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi normalari bo‘yicha kazuslar daftari” (2024) nomli uslubiy qo‘llanmani nashr etgan. Shuningdek, u hammualliflikda tayyorlangan “Mehnat huquqi” darsligi (2021), “Mehnat huquqi” darsligi (2022), “Mehnat huquqi” tarjima darsligi (2023), “Yuridik terminlar izohli lug‘ati” (2024), Mehnat kodeksiga ilmiy-amaliy sharh (2025) kabi adabiyotlar orqali ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan.
M.Raximov O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 23-fevraldagi 52/1-ICh-sonli buyrug‘i asosida mamlakatda mehnat munosabatlarini isloh qilish doirasida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun hamda yangi Mehnat kodeksi loyihasini tayyorlash bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruh tarkibiga kiritilgan va faol ishtirok etgan. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 26-son qarorini tayyorlashda ham ishchi guruh a’zosi sifatida qatnashgan.
M.Raximov Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi 38 mingdan ortiq obunachiga ega Mehnat huquqi Telegram kanali administratori hisoblanadi. Ushbu kanal orqali aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy-ma’rifiy faoliyatni olib borib kelmoqda. Shuningdek, u Miryoqub Raximov YouTube kanali asoschisi bo‘lib, unda Mehnat kodeksining barcha 581 ta moddasiga bag‘ishlangan video sharhlar e’lon qilib boriladi. Bundan tashqari, u Labour Law platformasi asoschisi hisoblanadi. M. Raximov “Yuridik fanlar axborotnomasi” huquqiy ilmiy-amaliy jurnali tahrir kengashi a’zosi.
M.Raximov Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Tadqiqot markazi faoliyatini zamonaviy ilmiy boshqaruv, akademik halollik, amaliy natijadorlik va xalqaro hamkorlik tamoyillari asosida rivojlantirishni asosiy maqsad qilib belgilaydi. Saylovoldi dasturida markazni fakultetning ilmiy-intellektual platformasiga aylantirish, ilmiy tadqiqotlarni ta’lim va amaliyot bilan integratsiya qilish hamda fakultetning ilmiy salohiyatini xalqaro darajada oshirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan.
M. Raximov ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish maqsadida Scopus va Web of Science bazalarida indekslanuvchi maqolalar sonini ko‘paytirish, xalqaro grantlar va ilmiy loyihalarni jalb qilish, xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlik memorandumlarini kengaytirishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy tashabbuslarini rag‘batlantirish va mentorlik tizimini shakllantirish dasturdagi muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Dasturda ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, sudlar, advokatura, davlat organlari, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik asosida amaliy tadqiqotlar olib borish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqish hamda ilmiy xulosalarni real huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etish nazarda tutilgan.
Dasturda talabalarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, fakultet qoshida ilmiy klublar loyihalarini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim yo‘nalish sifatida belgilangan. M.Raximov ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasiga asoslangan zamonaviy tadqiqot markazini shakllantirishni o‘zining asosiy maqsadi deb hisoblaydi.