Xakimov Axadjon Ma’rufjon o‘g‘li — Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti Tadqiqot markazi rahbarligiga nomzod
Xakimov Axadjon Ma’rufjon o‘g‘li 1991-yil 29-iyulda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli. 2015-yilda Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. 2017-yilda Yaponiyaning Nagoya universitetida magistratura, 2025-yilda Nagoya universiteti oliy huquq fakultetida doktorantura bosqichini tugatgan. Xalqaro xususiy huquq, qiyosiy huquq hamda xalqaro iqtisodiy huquq sohalari bo‘yicha mutaxassis. Yuridik fanlar doktori.
A.Xakimov o‘z mehnat faoliyatini 2017-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik, 2020–2021-yillarda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti dekanining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, 2025–2026-yillarda universitetning Xalqaro xususiy huquq kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2026-yil yanvaridan hozirgi vaqtga qadar Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti Tadqiqot markazi rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.
A.Xakimov talabalik davridanoq bilim olish va ilmiy faoliyatda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelgan. Xususan, u 2-kursda tahsil olayotgan paytidayoq elchixonalar hamda yirik yapon kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan “Notiqlik san’ati” musobaqasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bosqichida 1-o‘rinni egallagan.
Shuningdek, Moskvada o‘tkazilgan MDH mamlakatlari chempionlari o‘rtasidagi bahsda “Chempionlar ichida chempion” deb topilgan.
U 2015-yil hamda 2022-yilda Yaponiya Ta’lim vazirligining MEXT granti, 2023-yilda esa Volkswagen Foundation grantini qo‘lga kiritgan.
2018–2020-yillarda TDYUning Xalqaro huquq bo‘yicha Jessup jamoasiga murabbiylik qilgan. Uning murabbiylik faoliyati davrida TDYU Jessup jamoasi ilk bor Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashingtonda o‘tkaziladigan xalqaro raundlarda ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan.
A.Xakimov ilmiy faoliyat bilan ham faol shug‘ullanib kelmoqda. Xususan, u 2020-yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti loyihasida Xalqaro xususiy huquqqa doir konvensiyalar bo‘yicha ekspert, 2019–2025-yillarda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan O‘zbekistonda xususiy huquq, jumladan, bankrotlik, fuqarolik huquqi hamda nizolarni hal etish sohalarida amalga oshirilayotgan huquqiy yordam loyihalarida faol ishtirok etib kelgan.
U nafaqat milliy ilmiy maydonda, balki xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham faol qatnashib, 2023-yilda Yaponiyaning Nagoya hamda Qozog‘istonning Nazarbayev universitetlarida, 2025-yilda esa Germaniyaning Gamburg shahridagi Xalqaro xususiy va qiyosiy huquq bo‘yicha Max Planck tadqiqot institutida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va anjumanlarda o‘zining fundamental tadqiqotlari doirasida ma’ruzalar bilan qatnashgan.
Bugungi kunda A.Xakimov Xalqaro xususiy huquq sohasida dunyodagi eng nufuzli ilmiy uyushmalardan biri hisoblangan Yaponiya Xususiy xalqaro huquq assotsiatsiyasi a’zosi hisoblanadi.
Shuningdek, A.Xakimov shu yilning mart oyidan universitetning ilmiy tadqiqot masalalaridagi eng muhim kollegial organi hisoblangan TDYU Professorlar kengashi huzuridagi Tadqiqot qo‘mitasining raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Uning ilmiy maqolalari o‘zbek, ingliz va yapon tillarida milliy hamda xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan. U tayyorlangan ko‘plab talabalar hozirda nafaqat mamlakatimizdagi nufuzli tashkilot va muassalarda, balki xorijning top universitetlarida magistratura hamda doktoranturada taxsil olib kelmoqda.
Kuchli tadqiqot — sifatli ta’lim poydevori!
Kuchli tadqiqot — sifatli ta’lim uchun 5 maqsad
Ø Chuqur fundamental va amaliy tadqiqot hamda innovatsion yondashuvlar orqali sifatli yuridik ta’limni rivojlantiramiz
Ø Ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyot va qonunchilikka joriy etish orqali huquqiy tizim samaradorligini oshiramiz
Ø Yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va iste’dodli talabalarni qo‘llab-quvvatlash orqali ilmiy maktablarni shakllantiramiz
Ø Xalqaro grantlar, konferensiyalar va ilmiy hamkorliklar orqali universitetning global ilmiy nufuzini mustahkamlaymiz
Ø Ochiq muloqot, media va jamoatchilik bilan hamkorlik orqali huquqiy madaniyat hamda ilm-fan targ‘ibotini kuchaytiramiz