May 25

Mardonov Kamol Karomat o‘g‘li — Jinoiy odil sudlov fakulteti Akademik departamenti boshliqligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Mardonov Kamol Karomat o‘g‘li 2012-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriat bosqichini, 2014-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura bosqichini tamomlagan.

2014–2017-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar kafedrasi, Jinoyat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi, 2017–2018-yillarda Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi kafedrasi o‘qituvchisi, ichki o‘rindoshlik asosida Universitet Kengashi kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2018–2020-yillarda Yangiyo‘l shahar prokurorining yordamchisi, katta yordamchisi, 2020–2023-yillarda Zangiota tuman prokurorining katta yordamchisi, tuman prokuraturasi tergovchisi, katta tergovchisi lavozimlarida xizmat qilgan.

2023–2025-yillarda TDYU Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi katta o‘qituvchisi, kafedra mudiri o‘rinbosari, 2026-yil 1-yanvardan TDYU Jinoiy odil sudlov fakulteti Tadqiqot markazi rahbari va ichki o‘rindoshlik asosida Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi dotsent vazifasini bajaruvchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Yutuqlari

K.Mardonovga 2025-yilda yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi berilgan. Adliya vazirining tegishli buyrug‘i bilan 1-darajali yurist martaba darajasini olgan.

TDYUdagi mehnat faoliyati davomida o‘quv jarayonlarini samarali tashkil etishdagi faolligi, jamoat ishlaridagi tashabbuskorligi hamda universitet faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun Adliya vaziri va TDYU rektorining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

2016-yilda TDYUda talabalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” nominatsiyasi g‘olibi boʻlgan. Tadqiqot qoʻmitasi va Akademik halollik qoʻmitasi a’zosi.

U TDYUda ko‘plab talabalar qiziqishiga sabab bo‘lgan “Yosh prokurorlar klubi” asoschisi hisoblanadi. Klub doirasida 1000 ga yaqin talaba uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilgan. “Sud hokimiyati”, “Prokurorlik faoliyati” kabi darsliklar muallifi hisoblanib, xususan 7 ta hammualliflikdagi darslik, monografiya, o‘quv-qo‘llanmalar, 70 dan ortiq ilmiy va ommabop maqola va ilmiy risolalar muallifidir.

Saylovoldi dasturi

K.Mardonov Jinoiy odil sudlov fakulteti Akademik departamenti faoliyatini adolatli akademik boshqaruv, sifatli ta’lim, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish va professor-o‘qituvchilar mehnatini munosib baholash tamoyillari asosida rivojlantirishni maqsad qilgan.

Uning dasturida o‘quv rejalari va sillabuslarni amaliyot ehtiyojlari asosida takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar yuklamasini adolatli taqsimlash, sho‘balar topshiriqlari ijrosini KPI tizimida baholash, dars sifati monitoringi va talabalar fikrini muntazam o‘rganish, intensiv hamda o‘rnini bosuvchi darslarni tartibga solish, bitiruv malakaviy ishlari va yakuniy baholash tizimini qayta ko‘rib chiqish, klinik va dual ta’limni kuchaytirish, zamonaviy o‘quv adabiyotlari yaratish hamda sog‘lom akademik muhitni mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Bunda o‘quv rejalari va sillabuslarni amaliyot ehtiyojlari asosida takomillashtirish orqali fanlar mazmunini sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, advokatura va boshqa ish beruvchilarning real ehtiyojlariga moslashtirish nazarda tutiladi. Asosiy maqsad — talabani faqat nazariy bilimga emas, balki protsessual hujjat tuzish, dalillarni baholash, huquqiy pozitsiya shakllantirish va amaliy vaziyatga yechim topish ko‘nikmalariga ega mutaxassis sifatida tayyorlashdir.

O‘tiladigan fanlarni kurslar kesimida mutanosib joylashtirish va fanlar kredit soatlarini qayta ko‘rib chiqish talaba manfaatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Bunda fanlarning ketma-ketligi, murakkablik darajasi, amaliy ahamiyati va o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilinib, talabaga ortiqcha yuklama tushirmasdan, uni bosqichma-bosqich kasbiy tayyorgarlikka olib kirish maqsad qilinadi.

Professor-o‘qituvchilar yuklamasini adolatli taqsimlash har bir ustozning mutaxassisligi, tajribasi, fan xususiyati va o‘quv jarayoni ehtiyojlarini inobatga olgan holda yuklamani mutanosib belgilashni anglatadi. Bu professor-o‘qituvchilarning dars sifati, ilmiy izlanishlari va talabalar bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Sho‘balar topshiriqlari ijrosini KPI ko‘rsatkichlari asosida baholash orqali professor-o‘qituvchilarning nafaqat dars jarayonidagi faoliyati, balki ilmiy, metodik, ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy ishlardagi ishtiroki, litsey hamda texnikumlar bilan hamkorlikdagi hissasi, shuningdek fakultet rivojiga qo‘shayotgan amaliy natijalari ham adolatli baholanadi.