May 25

Tadjibayeva Albina Yuldashbayevna — Jinoiy odil sudlov fakulteti Tadqiqot markazi rahbarligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Tadjibayeva Albina Yuldashbayevna 1983-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan. Toshkent davlat yuridik universitetida (instituti) bakalavr, magistr hamda yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajalarini olgan. Oilali, 3 nafar farzandning onasi.

Mehnat faoliyati davomida sud idoralari va adliya organlarida ishlagan. Hozirgi vaqtda TDYUning Jinoyat-protsessual huquqi sho‘basi professori vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritadi. Shuningdek, Germaniyaning nufuzli (QS World University Rankings top-150 taligiga kiruvchi) Berlin texnika universitetida magistrlik (LLM) darajasini olgan hamda Riga oliy yuridik maktabida malaka oshirgan. Oʻzbek, rus, ingliz va nemis tillarini biladi.

Yutuqlari

Scopus xalqaro maʼlumotlar bazasida indeksatsiyalangan 3 ta ilmiy maqolasi mavjud boʻlib, ularga 12 ta iqtibos (citation) berilgan va h-indeksi 2 ga teng. Shuningdek, 2 ta (xalqaro va milliy) grant loyihasida ishtirok etgan. 6 tadan ortiq monografiya hamda 30 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Jumladan, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida ekspertlar guruhi aʼzosi, 2019-yildan buyon xalqaro “Street Law” loyihasi ishtirokchisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatshilik kengashi kotibi hamda Jinoiy odil sudlov fakulteti Xotin-qizlar kengashi raisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Saylovoldi dasturi

Kelgusi ikki yilda “taʼlim – tadqiqot – amaliyot” integratsiyasini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga asoslangan fakultetda tadqiqotlarni tizimli rivojlantirishda quyidagi konseptual ustuvor yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratiladi:

Joyiga chiqib oʻrganish. Bevosita tuman sudlari va tergov boʻlinmalariga chiqishi hamda fuqarolar, sudyalar, advokatlar, tergovchilar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazilishi orqali ish yuklamasi va real amaliyot muammolari tizimli aniqlanadi. Ushbu empirik maʼlumotlar asosida sohaga oid qonunlar, qonun loyihalari va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga qaratilgan konseptual takliflar, tahliliy xulosalar hamda ilmiy asoslangan tavsiyalardan iborat muammo-loyiha paketi tizimi yanada rivojlantiriladi.

Tadqiqot navigatori tizimini joriy etish. Tadqiqotchining akademik mustaqilligi va mavzuni erkin tanlash huquqini toʻliq saqlagan holda, uni mavzu tanlashdan boshlab, to dissertatsiya himoyasigacha boʻlgan butun ilmiy yoʻlida "raqamli navigatsiya va uzluksiz koʻmak" bilan taʼminlashdir.

KPI hisobotlarini optimallashtirish va raqamlashtirish (tadqiqotga oid). KPI koʻrsatkichlari boʻyicha maʼlumotnomalarni topshirish tizimini optimallashtirish (Inson omilisiz): Hisobotlarni kafedra yoki fakultet masʼullariga topshirmasdan, ortiqcha muhokamalarni qisqartirish hamda professor-oʻqituvchilar va xodimlarning vaqtini tejash.

Scopus jurnallarida xalqaro hammualliflik (Co-author Matching)ga amaliy ko‘maklashish: TDYU olimlarining ilmiy yoʻnalishlarini xorijiy top-universitetlar professorlarining tadqiqot yoʻnalishlari bilan solishtirish tizimi. Bu orqali fakultet oʻqituvchilariga xalqaro Scopus jurnallarida hammualliflikda (co-authorship) maqolalar chop etish uchun chet ellik hamkorlarni tizimli ravishda tavsiya qilish.