Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining talabalarga murojaati
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda 60 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari 22 milliondan ortiq yoshlarimizni mamlakatning eng katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchi sifatida e’tirof etib, “birorta yigit-qiz e’tiborsiz qolmasligi kerak”ligini alohida ta’kidladilar. Shu bilan birga, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Farzandlari bilimli, iste’dodli, o‘zining kuchi va salohiyatiga ishonib, oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli, albatta, yorug‘ bo‘ladi”.
Mazkur muloqotning ustuvor yo‘nalishlari etib ta’lim sifati, startap va innovatsiyalar, tadbirkorlik, bandlik, xorijiy tillar, volontyorlik, kitobxonlik, sport, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash belgilangan. Shu yo‘nalishlar yoshlarimizni nafaqat bilimli, balki mas’uliyatli va tashabbuskor shaxs sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Men, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori sifatida, ushbu vazifalardan kelib chiqib, siz aziz talabalarga murojaat qilmoqchiman. Murojaatimni davlatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda universitet faoliyat yo‘nalishlariga chambarchas bog‘lagan holda ma’lum qilaman. Zero, jadid bobolarimiz ta’kidlaganlaridek, “Millatni uyg‘otish – uyg‘onganlarning vazifasidir” (Abdulhamid Cho‘lpon). Har biringiz o‘zingizni rivojlantirib, jamiyat va davlat uchun faol, bilimli, fidoyi shaxs bo‘lish orqali bu vazifani amalga oshirishingiz mumkin.
I. Ilm-fan va intellektual salohiyat – bizning bosh ustuvor yo‘nalishimiz
Prezidentimiz yoshlarning ilmiy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etish zarurligini alohida qayd etdilar. Bugungi kunda yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalni qo‘lga kiritgani – yaratilgan imkoniyatlarning natijasidir.
Universitetimizda ham 27 ta klub va doimiy loyihalar, 42 ta ilmiy to‘garak va 12 ta ilmiy maktab, 8 ta amaliyot klublari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu klub, to‘garak, loyiha va maktablarda 6000 dan ortiq talabalarimiz faol ishtirok etmoqda.
Aziz talabalar! Ushbu loyihalarda ishtirok faqat qo‘shimcha mashg‘ulot emas. Bu – o‘z ustingizda ishlash, huquqiy tafakkuringizni rivojlantirish va bo‘sh vaqtingizni mazmunli tashkil etish imkoniyati. Loyihalar intellektual salohiyatingizni oshiradi, mantiqiy fikrlashni mustahkamlaydi va kasbiy dunyoqarashingizni kengaytiradi.
Agar magistratura, doktorantura, xalqaro grantlar yoki xorijiy ta’limni maqsad qilgan bo‘lsangiz, bugundan ilmiy va intellektual faollikni kundalik odatga aylantiring. Har bir izlanish va muhokama kelajakdagi yutuqlaringiz poydevori bo‘ladi. O‘z ustingizda izchil ishlasangiz, xalqaro maydonda O‘zbekiston nomini munosib himoya qila olasiz.
II. Xalqaro tanlovlar va global maydondagi yutuqlar
Prezidentimiz Garvard, Yel, Prinston kabi nufuzli universitetlarda tahsil olayotgan yoshlar soni ortib borayotganini faxr bilan ta’kidladilar.
Bugun universitetda yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik natijasida talabalarimizning xalqaro maydonda munosib natijalarni qayd etib kelayotganligi jamoamizga faxr bag‘ishlamoqda. Hozirda TDYU Nagoya University of Economics (Yaponiya), University of Kansas (AQSh) va boshqa xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda. 2025/2026-o‘quv yilida bakalavriat bosqichida 406, magistraturada 13 nafar talaba ushbu dasturlarda qatnashdi va bir vaqtning o‘zida milliy hamda xorijiy diplomni qo‘lga kiritmoqda.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, yoshlarga imkon berilsa, ular dunyoni egallaydi. Buning yaqqol misoli sifatida talabalarimiz Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition xalqaro raundlarida 160 jamoa orasida 8-o‘rinni, ICC International Commercial Mediation Competitionda esa “Best Teamwork” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.
Bu yutuqlar faqat diplom yoki sovrin emas. Ular, birinchi navbatda, tizimli tayyorgarlik, puxta bilim va jamoaviy mehnat natijasidir. Aziz talabalar! Xalqaro tanlovlardan cho‘chimang, ingliz tilini o‘rganing va huquqiy tafakkuringizni kengaytiring. Komil ishonch bilan ayta olamanki, TDYU talabalari jahon maydonida raqobatbardosh ekanini hali yana ko‘p bora isbotlaydi!
III. Startaplar va innovatsion tashabbuslar
Davlatimiz rahbari yoshlar startaplariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritish imkoniyati yaratilishini, “Yangi avlod tadbirkorlari”, “Kelajak tadbirkori”, “Upshift” kabi dasturlar kengaytirilishini e’lon qildilar.
Universitetimizda ham hozirda talabalarning 15 ta startap loyihalari inkubatsiya bosqichida bo‘lib, “E-Prevention Hub”, “Smart mahalla” kabi raqamli huquqiy platformalar ishlab chiqilmoqda, ilmiy-innovatsion loyihalar tanlovlari muntazam o‘tkazilmoqda.
Yurist faqat kodeksni biladigan mutaxassis emas. Zamonaviy yurist – bu innovator. Bunda siz huquq va texnologiyani uyg‘unlashtiring, Legal Tech yo‘nalishiga kiring. Sizning startapingiz ertaga nafaqat daromad manbai, balki biron-bir ijtimoiy muammoning yechimi bo‘lishi mumkin!
IV. Bandlik va kasbiy shakllanish
Prezidentimiz har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotganini ta’kidlab, ularni kasbga yo‘naltirish ustuvor vazifa ekanini qayd etdi.
Bugungi kunda universitetimizni 2025-yilda tamomlagan bitiruvchilarning 167 nafari – Adliya tizimida, 121 nafari – prokuratura organlarida, 209 nafari – sud tizimida, 46 nafari – advokatura tizimida, 611 nafari – turli tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari 8 ta amaliyot klubi orqali nazariya va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanmoqda.
Aziz talabalar! Siz, birinchi navbatda, universitet diplomini qo‘lga kiritish haqida emas, o‘z kasbingizni puxta egallash haqida o‘ylang. Har bir dars – kelajakda egallaydigan lavozimingizga qadamdir. Amaliyotdan chetda qolmang!
V. Kitobxonlik va ma’naviy yetuklik – intellektual taraqqiyot asosi
Yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda kitobxonlik alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Eng sara asarlarni ommalashtirish, faol kitobxonlarni rag‘batlantirish va mutolaa madaniyatini keng targ‘ib etish – bu nafaqat ma’naviy tashabbus, balki kelajak intellektual salohiyatini oshirishning strategik yo‘li.
Huquqshunoslik keng tafakkur, chuqur tahlil va mustahkam ma’naviy pozitsiyani talab qiladi. Kitob o‘qimagan yurist qonunni bilishi mumkin, ammo adolat ruhini his qila olmaydi. Mutolaa shaxsning dunyoqarashini kengaytiradi, nutq madaniyatini boyitadi, mantiqiy fikrlashni mustahkamlaydi va mustaqil pozitsiya shakllantiradi.
Universitetimizda bu yo‘nalish tizimli rivojlangan: o‘tgan yil davomida “Ma’naviyat kalendari” asosida 140 ta tadbir, 121 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir va “Talabalar festivali” doirasida 56 ta loyiha amalga oshirildi. Kitobxonlik tanlovlari, debatlar, intellektual o‘yinlar va adabiy uchrashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, intellektual salohiyatini oshirish va ma’naviy immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Aziz talabalar! Takror va takror ta’kidlanganidek, kuchli yurist – bu faqat qonunlarni biladigan emas, balki keng dunyoqarashli, tarixni biladigan, adabiyotdan zavq oladigan va jamiyat jarayonlarini chuqur anglay oladigan shaxsdir. Har oy kamida bitta badiiy va bitta ilmiy kitob o‘qing. O‘qigan har bir kitob nutqingizda, fikringizda va kasbiy qarorlaringizda namoyon bo‘ladi. Shu orqali tafakkuringizni boyiting, o‘zingizni intellektual jihatdan kuchaytiring – ertangi adolat mezoni bugungi mutolaa madaniyatingizdan boshlanadi. Zero, adabiyot – bu insonshunoslikdir.
VI. Volontyorlik va ijtimoiy mas’uliyat – huquqiy xizmat maktabi
Prezidentimiz volontyorlar harakati kengayib borayotganini va ularning soni 100 ming nafardan oshganini ta’kidladilar. Bu jamiyatda ijtimoiy mas’uliyat va fuqarolik faolligining ko‘rsatkichidir.
Toshkent davlat yuridik universitetida volontyorlik tizimi talabalarning nazariy bilimini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, jamiyatga foyda keltirish va huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladi. Bu boradagi asosiy loyihalarimiz “Street Law”, “Yuridik klinika”, “Targ‘ibot poyezdi”, ekologik volontyorlik, sayyor qabullar va ochiq muloqotlarda o‘z ifodasini topib kelmoqda.
Bugungi kunda jamoamiz 99 200 nafardan ortiq aholiga huquqiy targ‘ibot olib bordi, 1 116 marotaba targ‘ibot tadbirini o‘tkazdi va 10 000 nafardan ortiq fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatdi.
Bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki talabalarning jamiyatdagi bevosita ishtiroki va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Volontyorlik faoliyati ularni bilimli, ijtimoiy jihatdan yetuk va tashabbuskor mutaxassis sifatida shakllantiradi.
Aziz talabalar! Huquqshunoslik – bu kasb emas, xizmatdir. Bugungi volontyorlik tajribangiz ertangi professional faoliyatingiz uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Jamiyatga foydali bo‘ling, odamlarning ishonchini qozoning, chunki haqiqiy yurist, avvalo, xalq dardini eshita oladigan insondir.
VII. Sport va sog‘lom turmush – iroda va jismoniy yetuklik maktabi
Yoshlar bilan muloqotda sport faoliyati alohida e’tibor qaratildi. TDYUda ham 9 ta sport to‘garagi faoliyat yuritadi, yiliga 121 musobaqa va har oy “Rektor kubogi” hamda “Dekan kubogi” musobaqalari o‘tkaziladi. Sport tadbirlarida 4 300 nafar talabalar ishtirok etadi. TDYU talabalari orasida 14 ta sport turi bo‘yicha 20 nafar chempion mavjud (O‘zbekiston, Osiyo va jahon miqyosida).
Sport nafaqat jismoniy, balki ruhiy va iroda maktabi bo‘lib, musobaqalar qatnashuvchilarda mustahkam xarakter, strategik tafakkur va jamoaviy ruhni shakllantiradi. Ishonamanki, har biringiz irodangizni sinab, sog‘lom turmush tarzini tanlagan holda kuchli ruh, qat’iyat va liderlik fazilatlarini rivojlantira olasiz.
VIII. Stipendiya, grant va rag‘batlantirish imkoniyatlari
TDYU talabalari nafaqat ilmiy, sport va ijtimoiy faoliyat bilan, balki o‘z salohiyatini rivojlantirish va yutuqlarga erishish imkoniyati bilan rag‘batlantiriladi. Universitet tomonidan ta’sis etilgan stipendiya va grantlar sizni yangi marralarga intilishga hamda xalqaro maydonda muvaffaqiyat qozonishga undaydi.
Asosiy stipendiya va grantlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi stipendiyasi va granti, G‘afur G‘ulom nomidagi maxsus stipendiya, TDYU stipendiyasi va granti, Xadicha Sulaymonova nomidagi stipendiya, fakultetlar bo‘yicha maxsus stipendiyalar, shuningdek, umumdavlat miqyosidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Navoiy, Islom Karimov nomidagi hamda boshqa nomli stipendiyalarni qamrab oladi. Natijada, 60 dan ortiq talabalar turli yo‘nalishlarda rag‘batlantirildi.
Bu stipendiyalar faqat mukofot emas, balki sizning mehnatingiz, intizomingiz va qobiliyatingizning e’tirofi hamda kelajakdagi yutuqlaringiz uchun imkoniyatdir. Aziz talabalar! Bu imkoniyatlardan to‘liq foydalaning va TDYU talabasi sifatida universitetda ham, xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatga erishing.
So‘nggi bir yilda 1 091 nafar faol talabani 1,4 milliard so‘mdan ortiq pul mukofotlari bilan taqdirladik, hamkorlik dasturlari orqali 60 dan ortiq talabalarga 300 mln so‘mdan ortiq homiylik mablag‘lari yo‘naltirildi. Ayrim g‘oliblar esa o‘z to‘lov-shartnoma to‘lovlarini o‘zlari qoplamoqdalar. Demak, mehnat va faollik orqali siz nafaqat obro‘, balki real moliyaviy mustaqillikka erishishingiz mumkin.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlar – taraqqiyot drayveri hisoblanadi. TDYU esa ana shu drayver kuchini shakllantiruvchi maskanlardan biridir. Sizda cheksiz imkoniyatlar mavjud: ilm-fan va intellektual izlanishlar, xalqaro tanlov va musobaqalar, startap va innovatsion loyihalar, volontyorlik va ijtimoiy faollik, sport va sog‘lom turmush, stipendiya va grantlar – bularning barchasi sizni bilimdon, mas’uliyatli va jahon maydonida raqobatbardosh yurist sifatida shakllantirish sari olib boradi.
Har bir muvaffaqiyat va g‘alaba – bu sizning mehnatingiz hamda qat’iyatingiz natijasi. Imkoniyatlardan to‘liq foydalaning, bilim va tajribangizni boyiting, o‘z salohiyatingizni ro‘yobga chiqarishga intiling. Bugungi izlanishlaringiz va fidoyiligingiz ertangi muvaffaqiyatlaringizga poydevor bo‘lib xizmat qiladi. O‘zingizga ishoning va TDYU talabasi sifatida nafaqat universitetda, balki jahon miqyosida ham yetakchi yurist bo‘lish yo‘lida sidqidildan harakat qiling!