May 25

Askarov Jaloliddin To‘ychiyevich — Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Tadqiqot markazi rahbarligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Askarov Jaloliddin Toʻychiyevich 1993-yilda Surxondaryo viloyati Termiz tumanida, ziyoli oilasida tugʻilgan. 2016-yilda Toshkent davlat yuridik universitetida Tadbirkorlik huquqiy faoliyat yoʻnalishida bakalavriat, 2018-yilda Biznes huquqi mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichini tamomlagan. 2023-yilda “Tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish” mavzusida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilgan. Mehnat faoliyati davomida davlat yuridik xizmatida yuristkonsult, TDYU Yuridik klinikasi rahbari, oʻqituvchi, katta oʻqituvchi hamda Biznes huquqi kafedrasi mudiri oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Hozirda TDYU Tadbirkorlik va korporativ huquq shoʻbasida dotsent vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Yutuqlari

Askarov Jaloliddin To‘ychiyevich o‘z mehnat faoliyati davomida ilmiy-pedagogik, jamoatchilik sohasida bir qator yutuqlarga erishgan va taqdirlangan.

2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

2022-yilda Erasmus+ Teaching Mobility Program doirasida Polshaning Gdansk universitetida ma’ruza mashgʻulotlarini olib borgan.

2017-2020-yillarda tadbirkorlik qonunchiligini tizimlashtirishga oid fundamental grant loyihasida loyiha a’zosi sifatida ishtirok etgan.

20 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi hisoblanadi.

Uning “Biznes huquqi” nomli oʻquv qoʻllanmasi va "Tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari” nomli monografiyasi nashr etilgan. 3 ta darslikning yozilishida hammuallif sifatida ishtirok etgan. Shuningdek, Scopus bazasiga kiritilgan jurnalda “Resolution of Commercial Disputes by Mediation as an Alternative Method: A Legal Analysis for Turkey and Uzbekistan” sarlavhali maqola xorijiy professor bilan hammualliflikda maqola chop ettirgan.

Saylovoldi dasturi

Saylovoldi dasturining asosiy maqsadi – ikki yillik muddatda Biznes huquqi yo‘nalishi bo‘yicha Tadqiqot markazi faoliyatini aniq natijaga yo‘naltirishdan iborat. Shu maqsadda “Business Law” yoki “Biznes huquqi” nomli ilmiy-amaliy jurnalni tashkil etish, Scopus va boshqa xalqaro ma’lumotlar bazalarida maqolalar hamda ularga iqtiboslar sonini oshirish, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarni ilmiy nashrlarda maqola chop etish uchun tayyorlash bo‘yicha seminarlar yo‘lga qo‘yish rejalashtiriladi. Shuningdek, biznes qonunchiligi, korporativ huquq, investitsiya, raqobat, startap va raqamli iqtisodiyotga oid dolzarb masalalar bo‘yicha qisqa tahliliy materiallar, ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Markaz faoliyatida universitet, davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish, talabalar va yosh tadqiqotchilarni real ilmiy loyihalarga jalb qilish ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.