Djurayev Ixtiyor Baxtiyorovich — Jinoiy odil sudlov fakulteti dekanligiga nomzod
Ixtiyor Baxtiyorovich Djurayev 1980-yil 25-noyabrda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli,
2002-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriat ta’lim yo‘nalishini, 2007-yilda magistratura mutaxassisligini tugatgan. Huquq magistri mutaxassisligiga ega. Yuridik fanlar doktori (DSc), professor, advokat.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Qovchin kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan.
2003–2005-yillarda Toshkent davlat yuridik instituti o‘quv bo‘limi katta inspektori, 2007–2012-yillarda Toshkent davlat yuridik instituti Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar kafedrasi o‘qituvchisi, 2012–2013-yillarda Toshkent davlat yuridik instituti Jinoyat protsessual huquqi kafedrasi o‘qituvchisi,
2013–2014-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar kafedrasi o‘qituvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti t va kollejlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, 2014–2016-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti dekani, 2016–2019-yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2019-2023-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filialida o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
2023-yil fevral-iyun oylarida Jinoyat prosessual huquqi kafedrasi professori vazifasini bajaruvchisi lavozimida faoliyat olib borgan. 2023-yil 21-iyundan e’tiboran Sud hokimiyati, advokatura va huquqni muhofaza qiluvchi organlar sho‘basi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining tegishli buyrug‘i bilan “3-darajali adliya maslahatchisi” martaba darajasi berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi yuridik fanlar bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Odil sudlov akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetida 12.00.07 – “Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura” ixtisosligi bo‘yicha malakaviy imtihon qabul qilish bo‘yicha komissiyaning a’zosi hisoblanadi.
I.Djurayev oʻquv jarayoniga “Prokurorlik faoliyati” va “Sud hokimiyati” kabi muhim fanlarni joriy etgan boʻlib, bugungi kunda talabalar mazkur fanlar boʻyicha puxta nazariy va amaliy bilimlarni oʻzlashtirmoqdalar.
U tomonidan shu paytga qadar 80 dan ortiq o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar e’lon qilingan, shulardan 4 ta darslik (hammualliflikda), 6 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 5 ta monografiya, shuningdek “SCOPUS” va boshqa nufuzli xalqaro ilmiy-texnik bazalardagi jurnallarda maqolalar chop etilgan.
I.Djurayev respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan konferensiyalar, ilmiy seminarlar va davra suhbatlarining faol ishtirokchisi hamda tashkilotchisidir.
Bundan tashqari, I.Djurayev sud-huquq sohasini va yuridik ta’limni rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etgan hamda u tomonidan kiritilgan takliflarning aksariyati amaliyotga joriy etilgan.
I.Djurayev huquqshunos kadrlarni tayyorlash va yuridik fanni rivojlantirishda samarali mehnati va o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlangan.
Ixtiyor Baxtiyorovich Djurayev Jinoiy odil sudlov fakultetini “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” uyg‘unligiga asoslangan, talabaga yo‘naltirilgan va zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan fakultetga aylantirishni maqsad qilgan.
Uning dasturida o‘quv rejalari va sillabuslarni ish beruvchilar takliflari asosida takomillashtirish, “Global Prosecutor School” – Xalqaro prokurorlar maktabini tashkil etish, xalqaro fondlar, donor tashkilotlar hamda grant loyihalari moliyaviy ko‘magida sud-tergov amaliyoti texnikasiga bag‘ishlangan zamonaviy o‘quv, ilmiy-amaliy adabiyotlar yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shuningdek, fakultetning moliyaviy rivojlantirish fondini shakllantirish, xalqaro grantlar, donor tashkilotlar mablag‘lari, xorijiy hamkorlik loyihalari, professional trening kurslari, sertifikat dasturlari orqali qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, fanlardan amaliy keyslar asosida tayyorlangan namunaviy javoblar to‘plamlari bo‘yicha professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish, tanlov g‘olibi bo‘lgan professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini kuchaytirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda vazirliklar, idoralar va amaliyotchi tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, dasturda fakultet talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda huquqbuzarliklar profilaktikasiga yo‘naltirilgan “Adolat posbonlari” hamda tergov faoliyatiga ixtisoslashgan “Bo‘lajak tergovchilar” klublarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Ixtiyor Djurayev fakultetda sog‘lom akademik muhit, o‘zaro ishonch, jamoaviy hamjihatlik va yuqori ta’lim sifatini ta’minlash orqali TDYUning xalqaro nufuzini oshirishga hissa qo‘shishni o‘zining asosiy maqsadi deb biladi.