May 24

Umarxanova Dildora Sharipxanovna — Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti dekanligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Dildora Sharipxonovna Umarxanova 1984-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2005-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriat, 2006-yilda magistratura bosqichini tamomlagan. 2010-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2018-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga erishgan. 2022-yilda xalqaro huquq professori unvoniga ega boʻlgan.

17 yildan ortiq pedagogik, amaliy va ilmiy faoliyat stajiga ega. Mehnat faoliyati davomida TDYU Xalqaro huquq kafedrasida oʻqituvchi, dotsent va kafedra mudiri, 2020-yildan Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan.

Hozirda Toshkent davlat yuridik universitetining Huquqni sohalararo oʻrganish fakulteti dekani sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan birga, yurist sifatida xalqaro shartnomalar va tijorat nizolariga oid huquqiy maslahatlar beradi.

Oʻzbek, rus, ingliz va turk tillarida erkin muloqot qiladi.

Oilali, 3 nafar farzandning onasi.

Yutuqlari

Ilmiy salohiyat: xalqaro ommaviy huquq, inson huquqlari, jinoiy ishlar boʻyicha xalqaro hamkorlik, raqamli huquq va kiberxavfsizlik sohalarida 15 ta darslik va monografiya nashr etgan.

Ilmiy ishlar koʻlami: Mahalliy va xalqaro jurnallarda 100 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.

Xalqaro va milliy loyihalar: Horizon Europe, xalqaro grantlar (PRIM/Jahon banki) hamda Erasmus+ Jean Monnet dasturlari doirasidagi bir qancha loyihalarga rahbarlik qilgan va a’zosi bo'lgan. 2 ta milliy grantda rahbar va a’zo sifatida ishtirok etgan.

Ekspertlik faoliyati: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti qoshidagi Kengash hamda Bosh prokuratura huzuridagi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ishchi guruhlar aʼzosi boʻlgan. Hozirda, Philip C. Jessup xalqaro huquq bo‘yicha sud tanlovi sudyasi.

Akademik va professional eʼtirof: Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universiteti va nufuzli ilmiy jurnallar tahrir hayʼati, shuningdek, hozirda, TDYU va JIDU huzuridagi 12.00.10 – Xalqaru huquq ixtisosligi boʻyicha Ilmiy kengashining a’zosi.

Malaka oshirish: Gaaga xalqaro huquq akademiyasi va BMTning Jenevadagi ofisida ixtisoslashtirilgan malaka oshirish kurslarini oʻtagan.

Saylovoldi dasturi

Huquqni sohalararo oʻrganish fakultetiga rahbarlik qilishda, uning ilmiy va amaliy faoliyatining asosiy yoʻnalishi boʻlgan sohalararo yondashuvga tayanib, asosiy eʼtibor quyidagi uchta ustuvor yoʻnalishga qaratiladi:

Yangi oʻquv dasturlari: Huquqshunoslik, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy fanlar kesishmasida zamonaviy va yangi oʻquv dasturlarini ishlab chiqish. Talabalar va professorlarning huquqiy va raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish.

Xalqaro hamkorlik: Xalqaro hamkor universitetlar bilan birgalikdagi tadqiqot loyihalarini va professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini kengaytirish.

Amaliy koʻnikmalar va bandlik: Fakultet bitiruvchilarining amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash hamda bandligini ta’minlash maqsadida davlat organlari, tijorat banklari va xususiy sektor (yuridik firmalar va kompaniyalar) vakillarini oʻquv jarayoniga, amaliyotlarga faol jalb etish va hamkorlikni amalga oshirish.

Uzoq muddatli maqsad: Toshkent davlat yuridik universitetini sohalararo huquq ta’limi boʻyicha Markaziy Osiyodagi yetakchi markazga aylantirishga munosib hissa qoʻshish.