May 24

Rasulov Jurabek Abdusamiyevich — Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti Akademik departamenti boshliqligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Rasulov Jurabek Abdusamiyevich 1982-yilda Samarqand viloyatida tavallud topgan. 2004-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini «Xalqaro huquq» yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, 2009-yilda esa «Diplomatik va konsullik huquqi» mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasida tugatgan. 2021-yilda «Majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha xalqaro standartlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilish masalalari» mavzusida dissertatsiya himoya qilib, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga erishgan. 1-darajali yurist.

Mehnat faoliyatini 2005-yilda Fuqarolik jamiyatini o‘rganish institutida boshlagan. 2013–2016-yillarda JIDU YUNESKOning «Xalqaro huquq va inson huquqlari» kafedrasida o‘qituvchi sifatida ishlagan. 2020-yildan boshlab TDYUU Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasida o‘qituvchi, dotsent v.b., kafedra mudiri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. Hozirda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti Akademik departamenti boshlig‘i – dekan o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda.

Yutuqlari

·      4 ta darslik, 2 ta monografiya, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 30 dan ortiq ilmiy maqola nashr etgan.

·      Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning milliy eksperti sifatida «Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlari himoyasi» bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazgan (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Namangan 2023-2026).

·      Shvetsiyaning Lund universitetida Horizon Europe MSCA Staff Exchanges Programme doirasida malaka oshirgan (2024).

·     TDYUU huzuridagi DSc.07/2025.27.12.Yu.01.01 raqamli Ilmiy kengash ilmiy kotibi

·      O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zosi (2022)

·      Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan ilmiy tadqiqot natijalaridan amaliyotga joriy etilgani tasdiqlangan

·      O‘zbekiston 24, Mahalla, ZO‘R TV, Toshkent telekanallarida xalqaro-huquqiy masalalar bo‘yicha ekspert sifatida ishtirok etgan.

·      20 dan ortiq bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik qilgan.

Saylovoldi dasturi

O‘quv rejalari va sillabuslarni xalqaro standartlarga moslashtirish.

Oksford, Leyden, Amsterdam, Harvard kabi universitetlarning xalqaro huquq dasturlari tahlil qilinib, fakultet o‘quv rejalari shu tajriba asosida yangilanadi. Sillabuslarga xalqaro sud amaliyoti, BMT va mintaqaviy tashkilotlar materiallari, O‘zbekiston amaliyoti integratsiya qilinadi.

Ingliz tilida o‘qitishni kengaytirish.

Xalqaro-huquqiy va qiyosiy huquqshunoslikka oid fanlarni ingliz tilida o‘qitish ko‘lamini kengaytirish; aralash (bilingval) o‘qitish modeliga o‘tish rejalashtiriladi. Bu xalqaro akademik almashinuvda ishtirok etish imkoniyatini oshiradi.

Keys-stadi va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish.

Xalqaro-huquqiy fanlarning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda darslarni real ishlar, xalqaro sud qarorlari va konvensiyalar matni asosida tashkil etish.

Talabalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash tizimini yangilash.

Jessup Moot Court, Vis Moot kabi nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun maxsus tayyorlov dasturi ishlab chiqiladi. Akademik departament sho‘balarining ilmiy to‘garaklar bazasini kengaytirish, trening mashg‘ulotlarini muntazam tashkil etish.

Talabalarning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish.

Darslarda Suqrot metodi, munozara, rolli o‘yinlar va SWOT tahlil metodlarini kengaytirish. Har bir fan bo‘yicha talaba tadqiqotini rag‘batlantirish, mustaqil fikrni baholash mezonlarini takomillashtirish.