May 24

Yuldashov Abdumumin Abdugopirovich — Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Akademik departamenti boshliqligiga nomzod

Umumiy ma’lumot

Yuldashov Abdumumin Abdugopirovich 1986-yil 22-oktabrda Farg‘ona viloyati Quva tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — oliy, 3 nafar farzandning otasi.

A.Yuldashov 2005–2009-yillarda Toshkent davlat yuridik instituti bakalavr ta’lim bosqichida, 2009–2011-yillarda esa magistratura mutaxassisligida, shuningdek, 2022–2024-yillarda Yagellon universiteti (Polsha) magistratura bosqichida ta’lim olgan.

U mehnat faoliyatini 2009–2012-yillarda Toshkent davlat yuridik instituti prorektori va rektori qabulxonasi kotibi lavozimida boshlagan. 2011–2013-yillarda institut stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchisi va katta ilmiy xodimi, 2013–2015-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti O‘quv-uslubiy boshqarma uslubchisi, 2015–2016-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi qoshidagi O‘quv markazi bo‘lim boshlig‘i, 2015–2017-yillarda Agentlikning Huquqiy masalalar va xalqaro aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi, 2017–2019-yillarda esa Mualliflik huquqi va litsenziyalash bo‘limi bosh mutaxassisi va boshlig‘i, 2019–2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi Intellektual mulk sohasini tahlil qilish va rivojlantirish bo‘limi va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, 2019-yildan Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, dotsent v.b., dotsenti va kafedra mudiri o‘rinbosari, professor v.b. lavozimida, 2020-yildan O‘zbekiston Respublikasi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati ijrochi direktori, xalqaro bo‘lim boshlig‘i, mualliflik kengashi raisi o‘rinbosari, 2022-yildan Alpha Lex advokatlik firmasi rahbari, 2023-yildan O‘zbekiston milliy universiteti dotsenti lavozimlarida ishlab kelmoqda. Shuningdek, 2022-yilda Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi dotsenti v.b. lavozimida ishlagan.

Yutuqlari

A.Yuldashov 2020-yilda “Mualliflik huquqini muhofaza qilishning shartnomaviy-huquqiy asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilgan. U intellektual mulk huquqi, mualliflik huquqi, patent huquqi nazariyasi va amaliyotiga doir 90 ga yaqin ilmiy ishlar muallifidir.

Saylovoldi dasturi

–    Semestr boshlanishidan oldin har bir shoʻba kesimida oʻquv rejalari, fan dasturlari va sillabuslarning 100 foiz tayyorligini taʼminlash tizimini joriy etish.

–    Kredit-modul tizimi talablari asosida talabalarning haftalik va semestrlik oʻquv yuklamalarini meʼyorlashtirish, dars jadvallarini auditoriya resurslaridan oqilona foydalangan holda shakllantirish.

–    Talabalar tanlov fanlarini ongli ravishda tanlashlari uchun fanlarning kasbiy ahamiyati va sillabuslarini oldindan taqdim etish hamda shoʻbalarning ilmiy salohiyatiga tayanib aniq axborot-tanlov jadvalini yoʻlga qoʻyish.

–    Fakultet tarkibidagi shoʻbalarni alohida emas, balki oʻzaro bogʻliq yaxlit tizim sifatida rivojlantirish va turdosh fanlar boʻyicha shoʻbalararo hamkorlikni kuchaytirish.

–    Biznes, fuqarolik, tadbirkorlik va intellektual mulk kesishuvidagi murakkab keyslar boʻyicha qoʻshma amaliy treninglar, mediatsiya simulyatsiyalari va sayyor sud, jumladan, milliy va xalqaro musobaqalarini yoʻlga qoʻyish.

–    Integratsiyalashgan darslar orqali professor-oʻqituvchilar oʻrtasida metodik hamkorlik va sogʻlom ilmiy-pedagogik raqobat muhitini yaratish.

–    Oʻquv yuklamalarni ochiq va shaffof taqsimlash.

–    Oʻquv yuklamalarini toʻliq digital.tsul.uz platformasiga oʻtkazish va real vaqt rejimida monitoring qilish.

–    Oʻqituvchilarning yillik shaxsiy ish rejalarini platforma orqali kiritish tizimini joriy etish, bu orqali yil yakunidagi hisobotlarni soddalashtirish.

–    Talabalar davomati, ON va YN natijalarini statistika uchun emas, balki taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan strategik qarorlar uchun tizimli tahlil qilish.

–    Shoʻba mudirlari va professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquv intizomiga, dars sifatiga va akademik tartibga rioya etilishi ustidan xolis monitoring olib borish.

–    Semestr yakunida talabalar qoniqish koʻrsatkichi, ochiq darslar natijasi va uslubiy ishlar sifati asosida eng yaxshi oʻqituvchi va shoʻbalarni moddiy/maʼnaviy ragʻbatlantirish tizimini joriy etish.

–    Farmonda belgilangan zamonaviy taʼlim mezonlariga muvofiq, oʻqitish metodikasini xalqaro reyting talablariga mos akademik standartlar darajasiga olib chiqish.

–    Interaktiv oʻqitish usullari, keys-stadi, raqamli platformalar va elektron resurslardan foydalanish koʻlamini keskin kengaytirish.