May 24

Allayorov Jaxongir Toshpo‘latovich — Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti dekanligiga nomzod

Allayorov Jaxongir Toshpo‘latovich 1990-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, ma’lumoti — oliy, 2013-yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2015-yil Vilnyus davlat universitining Yuridik fakultetini tamomlagan. Ingliz, rus tillarini biladi. Oilali, 2 nafar farzandi bor.

2022-yilda 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq ixtisosligi bo‘yicha yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertasiyasini himoya qilgan. 2023-yildan dotsent ilmiy unvoniga ega.

2015-yilda Toshkent davlat yuridik universitetida mehnat faoliyatini boshlagan. Hozirda universitetning Huquqiy tadqiqotlar oliy maktabi direktori lavozimida faoliyat yuritadi. Xususan, universitet tadqiqot markazlari va sho‘balarnng ilmiy faoliyat jarayonlarini va huquqiy tashabbuslarini muvofiqlashtiradi, doktorantura va magistratura yo‘nalishlariga rahbarlikni amalga oshiradi.

J.Allayorov 2018-yilda University of Westminster, Boston College Law School, 2024-yilda Tallinn University of Technology oliygohlarida malaka oshirgan. 2019-yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2-respublika tanlovi stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan.

J.Allayorov chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarida vujudga keladigan yuridik munosabatlarni ilmiy tadqiq etishga ixtisoslashgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda 2 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya va 30 dan ortiq maqolalar chop etgan. Uning rahbarligi ostidan 12 ta bitiruv malakaviy ishi va 7 ta magistrlik dissertasiyasi tayyorlangan.

J.Allayorov: “O‘zaro hurmat va tashabbuslarni qo‘llovchi muhitni birga yaratamiz”.

SAYLOVOLDI DASTURI

“Universitet hayotiga barchamiz daxldormiz”

“Universitet hayotiga barchamiz daxldormiz” tamoyili asosida fakultet ishlarini ochiqlik, hamkorlik va o‘zaro hurmat ruhida tashkil etamiz. Har bir qaror jamoaning birgalikdagi ishtirokida qabul qilinib, har bir yo‘nalishda aniq maqsad, mexanizm va o‘lchanadigan natija ko‘rsatkichlariga tayaniladi.

1. O‘quv yo‘nalishi

Maqsad: dars yuklamasini adolatli taqsimlash, dars sifatini oshirish va o‘qituvchilar o‘zaro qo‘llovini mustahkamlash.

Mexanizmlar: yuklamani oldindan e’lon qilinadigan shaffof mezonlar (ilmiy daraja, til kompetensiyasi, pedagogik tajriba) asosida taqsimlash va kafedrada ochiq muhokama qilish; “ustoz-shogird” tizimi, yosh o‘qituvchilarga mentor biriktirish, ochiq darslar va o‘rin bosish amaliyoti; interaktiv metodlar hamda talaba fikr-mulohazasi orqali sifat nazorati.

Natija ko‘rsatkichlari: yuklama bo‘yicha shikoyatlar minimal darajada; yosh o‘qituvchilarning mentorga biriktirilishi 100%; talaba qoniqish darajasining yillik o‘sishi.

2. Ilmiy yo‘nalish

Maqsad: fakultet ilmiy salohiyatini mustahkamlash va tadqiqotlar hajmini oshirish.

Mexanizmlar: huquqning ijtimoiy hayotga ta’siri, raqamli muhitni huquqiy tartibga solish, yuridik tilning rivojlanishi, huquqning iqtisodiy tahlili va boshqa tutash yo‘nalishlarda tadqiqot hamda loyihalarni ko‘paytirish; ilmiy debat klubi va talabalar ilmiy to‘garaklarini faollashtirish; xalqaro ilmiy hamkorlik.

Natija ko‘rsatkichlari: ilmiy daraja (unvon)ga ega professor-o‘qituvchilar ulushi 70%dan yuqori; nufuzli nashrlar, yutilgan grantlar va himoya qilingan dissertatsiyalar sonining yillik o‘sishi.

3. Ma’naviy-ma’rifiy va sport yo‘nalishi

Maqsad: jamoaviylik, ma’naviyat va jismoniy faollikni oshirish.

Mexanizmlar: kafedra mehnat faxriylarini har oyda yo‘qlash; har oyda shoir, yozuvchi, olim va taniqli insonlar bilan uchrashuvlar; professor-o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida dekan sport turnirlari; talaba tashabbuslari va volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash.

Natija ko‘rsatkichlari: oylik tadbirlarning muntazamligi; dekan turnirlari qamrovining kengayishi.

4. Talabalarni ish bilan ta’minlash

Maqsad: bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish ko‘rsatkichini 90 foizga yetkazish.

Mexanizmlar: ish beruvchilar bilan memorandumlar tuzish, amaliyot bazalarini kengaytirish, ish o‘rinlari yarmarkalari va bitiruvchilarni muntazam monitoring qilish.

Natija ko‘rsatkichlari: ish bilan ta’minlanish darajasi 90%; imzolangan hamkorlik memorandumlari sonining ortishi.