Bokiyev Jahongir Nurmatjon o‘g‘li — Ommaviy huquq fakulteti Akademik departamenti boshliqligiga nomzod
Bokiyev Jahongir Nurmatjon o‘g‘li 1995-yil 23-aprelda Farg‘ona viloyati Quva tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos. 2019-yilda Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat bosqichini, 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistratura bosqichini tamomlagan. 2024-yilda “Raqamlashtirish sharoitida shaxsning ta’lim olish huquqini ta’minlashni takomillashtirish (oliy ta’lim misolida)” mavzusida dissertatsiya himoya qilib, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. Mehnat faoliyatini 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi organlarida boshlab, 2020-yil dekabrdan hozirga vaqtga qadar TDYUda turli lavozimlarda, jumladan, Uzluksiz ta’lim boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, kafedra mudiri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Nomzod universitetda faoliyat olib borish jarayonida o‘quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda o‘z faolligini ko‘rsatib bir qator yutuqlarga erishgan. Jumladan, 2021-yil 24-oktabrda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti salovlarida faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. Universitet hamda adliya organlaridagi samarali faoliyati uchun adliya vazirining 2024-yil 19-martdagi buyrug‘iga asosan, “2-darajali yurist” maxsus unvon – martaba darajasi berilgan. J.Bokiyev faoliyati davomida 3ta darslik (hammualliflikda) 2ta o‘quv qo‘llanma, 3ta monografiya, 4 ta ilmiy-ommbop risola hamda 30 ga yaqin ilmiy maqola tayyorlangan.
Birinchi yo‘nalish: Ta’lim sifatini tubdan oshirish. Bunda:
Birinchidan, “Sifatli dars” tizimi joriy etiladi. Har bir fan bo‘yicha aniq kompetensiyalar belgilanadi, zamonaviy metodikalar foydalanish kuchaytiriladi, amaliy mashg‘ulotlar ulushi ko‘paytiriladi. Dars mashg‘ulotlari real amaliy misollar orqali “case-study” usulida interaktiv ta’lim shaklida tashkil etiladi.
Ikkinchidan, o‘quv jarayonlarida sun’iy intellekt va raqamli platformalardan foydalanish kuchaytiriladi.
Uchinchidan, barcha fanlarning sillabuslari, baholash mezonlari, nazorat shakllari, o‘quv materiallari yagona sifat standartiga keltiriladi.
To‘rtinchidan, Akademik monitoring tizimi kuchaytiriladi. Talabalarning real bilim darajasi muntazam o‘rganiladi, past o‘zlashtirish sabablarini aniqlash tizimi joriy qilinadi hamda har bir kurs kesimida “akademik tahlil xaritasi” yuritiladi.
Beshinchidan, ochiq va adolatli baholash tizimi joriy qilinib, baholash mezonlari oldindan e’lon qilinadi. Subyektivlikni kamaytirish mexanizmlari kuchaytiriladi. Apellyatsiya jarayonlari yanada adolatli hamda sodda holatga keltiriladi.
Ikkinchi yo‘nalish: Professor-o‘qituvchilar hamda talabalar manfaatlarini himoya qilish. Bunda:
Birinchidan, o‘quv jarayonlari raqamlashirilib, ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiyaga chek qo‘yiladi.Akademik shu’balar tomonidan beriladigan hisobotlar optimallashtirilib, takroriy hujjatlarni talab qilish kamaytiriladi. Raqamli boshqaruv tizimi keng joriy qilinadi.
Ikkinchidan, “O‘qituvchi rivoji” dasturi yo‘lga qo‘yilib, samarali faoliyat yuritgan har bir professor-o‘qituvchi uchun xorijiy stajirovkalar, malaka oshirish kurslari, ilmiy grant loyihalari, SI va raqamli texnologiyalar bo‘yicha maxsus kurslar, seminar-treninglar tashkil etiladi.
Uchinchidan, “Talaba akademik yordam markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bepul akademik konsultatsiyalar beriladi, “AI tutor” tizimi ishga tushiriladi, ilmiy maqola yozish bo‘yicha yordam beriladi. “Har bir talaba — amaliyotchi mutaxassis” tamoyili asosida sud, advokatura, prokuratura va davlat organlari bilan hamkorlik doirasi sayyorlar darslar, simulyatsion sud jarayonlari, Moot court, amaliy seminarlar soni oshiriladi.
Uchinchi yo‘nalish: “Ochiq departament” faoliyatini tashkil etish. Bunda har oy professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan ochiq uchrashuvlar tashkil etiladi. Talaba va o‘qituvchilar murojaatlari uchun elektron platform shakllantirilib, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha har chorakda ochiq hisobotlar taqdim etiladi. Tezkor muammo hal qilish tizimi orqali murojaatlarga aniq muddatlarda javob beriladi. Akademik nizolarni adolatli ko‘rib chiqishda talabalar va o‘qituvchilar fikrini inobatga olish qat’iy ta’minlanadi.
Asosiy maqsad: Mehnat bozorida haqiqiy raqobatbardosh, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash va xalqaro sifat talablariga javob beradigan akademik muhit yaratishdir.