Murojaat
26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan Tuproqqal'a tumani hokimi Akmal Jimalyazovning tuman aholisiga murojaati
Hurmatli tuproqqal'aliklar, aziz yoshlar!
Bugungi kunda giyohvandlik nafaqat inson salomatligiga, balki oilalar farovonligi, jamiyat barqarorligi va yoshlar kelajagiga jiddiy tahdid solayotgan illatlardan biridir. Ayniqsa, yoshlarni turli zararli odatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish barchamizning ustuvor vazifamizdir.
Sizlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari, Vatanimiz kelajagining ishonchli tayanchisiz. Hayotingizni ilm-fan, sport, kasb-hunar va ezgu maqsadlarga bag‘ishlang. Giyohvandlik kabi illatlar insonning orzu-intilishlari, sog‘ligi va kelajagini izdan chiqarishini unutmang. Har biringiz o‘z oldingizga yuksak maqsadlar qo‘yib, ularga erishish yo‘lida qat’iyat bilan harakat qiling.
Hurmatli ota-onalar, mahalla faollari, ta’lim muassasalari vakillari!
Farzandlarimizni zararli ta’sirlardan himoya qilish, ularda sog‘lom hayotiy qarashlarni shakllantirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida hamjihatlikda ishlashimiz zarur. Zero, yoshlar tarbiyasi va ularning kelajagi uchun mas’uliyat barchamizning zimmamizda.
Tuproqqal'a tumanida giyohvandlikka qarshi kurashish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini kengaytirish bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Barchangizni sog‘lom turmush tarziga amal qilishga, giyohvandlik va boshqa zararli illatlarga nisbatan murosasiz bo‘lishga chorlayman.
Kelajagimiz, farzandlarimiz va yurtimiz ravnaqi yo‘lida birgalikda harakat qilaylik!