#Murojaat
Hurmatli Tuproqqal'a tumani aholisi!
Mamlakatimizda migratsiya sohasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2025-yil 10-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi 1074-son Qonun bilan ushbu yo‘nalishda yagona huquqiy tizim joriy etildi.
Shu o‘rinda ayrim fuqarolar orasida uchrayotgan “propiska tizimi bekor qilindi” degan tushuncha haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini alohida ta’kidlamoqchiman. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, har bir fuqaro doimiy yoki vaqtincha yashash joyini o‘zgartirganda, yangi manzilga kelgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun hududiy Migratsiya va personallashtirish bo‘linmalariga, Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn xizmatdan foydalanish mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish talablariga rioya etmaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasiga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tmasdan yashagan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari, ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda esa 5 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Shuningdek, fuqaroning ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashiga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, mazkur huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda esa 10 baravari miqdorida jarima belgilangan.
Yangi qonunning yana bir muhim jihati — talabalar uchun yaratilgan qulayliklardir. Endilikda talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilishi bilan bir vaqtda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kompozit davlat xizmati asosida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Bu esa ortiqcha hujjatbozlikni, navbat kutishni hamda davlat bojini alohida to‘lash zaruratini bartaraf etdi.
O‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tish nafaqat qonun talabi, balki hududlarni kompleks rivojlantirish, ijtimoiy xizmatlarni sifatli tashkil etish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim omildir.
Sizlarni doimiy yoki vaqtincha yashash joyingiz bo‘yicha qonun talablariga muvofiq o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tishga, belgilangan tartiblarga qat’iy rioya etishga chaqiraman.
Qonunga hurmat — jamiyatda tartib-intizom va barqarorlik garovidir!
Migratsiya xizmati — xalq xizmatida!
Biz sizning xizmatingizdamiz!