Tuproqqal’a tumanida yashovchi fuqaro A. Bakirovaning murojaati yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Tuproqqal’a tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A. Bakirovaning yashash sharoitlari yuzasidan tarqalgan videomurojaat tuman hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan hujjatlar va faktlar asosida o‘rganib chiqildi.
Oila a’zolarining tarkibi va daromadlari
Fuqaro A. Bakirova (1978-yilda tug‘ilgan) Tuproqqal’a tumani “Saxovat” mahallasida ro‘yxatda turadi, hozirda qizi, kuyovi va nabiralari bilan bir xonadonda istiqomat qiladi.
Ma’lumot uchun: Fuqaro va uning qizlari nomida qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan alohida turar joylar mavjud.
Ko‘rsatilgan ijtimoiy va moddiy yordamlar
2023-yildan hozirgi kunga qadar oila a’zolari tomonidan yo‘llangan 16 ta murojaatning 15 tasi ijobiy hal etilgan. Davlat idoralari va homiylar tomonidan ushbu oilaga jami 155 million 112 ming so‘m miqdorida ko‘mak ko‘rsatilgan:
Turar joy ta’miri va jihozlash: Uy-joyini ta’mirlash uchun 24 mln so‘mlik qurilish materiallari, eshik-deraza romlari va g‘isht yetkazib berilgan. Shuningdek, elektroskuter ta’mirlanib, akkumulyatorlar bilan ta’minlangan.
Tadbirkorlik va bandlik: Bandlikni ta’minlash maqsadida 8,5 mln so‘mlik tikuv mashinalari (subsidiya) olib berilgan. Oilaga tadbirkorlik faoliyati uchun jami 92,6 mln so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan. Mutasaddi idoralar tomonidan taklif etilgan bo'sh ish o‘rinlari fuqarolar tomonidan rad qilingan.
Tibbiy va ijtimoiy ko‘mak: Bepul davolanish, dori-darmon va xususiy klinikalarda kompyuter tomografiyasi ko‘riklari tashkil etilgan. Davriy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak vaucherlari, bolalar nafaqasi va kompensatsiyalar to‘lab berilgan. Oilaviy nikoh to‘yi homiylik hisobidan o‘tkazilgan.
2026-yilda A. Bakirovaning uy-joy ta’miri bo‘yicha navbatdagi murojaati “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining maxsus elektron platformasi tomonidan rad etilgan.
Tuproqqal’a tuman hokimligi davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar qonunchilik mezonlari asosida, faqat real ehtiyojmand va mehnat qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga maqsadli yo‘naltirilishini ma’lum qiladi.