December 10, 2025

Oilaviy zo‘ravonlik hamda shilqimlik uchun belgilangan jazo turlari

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida Xorazm viloyati sudlarida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik (MJtK 59-2-moddasi) bilan bog‘liq jami 316 nafar shaxsga nisbatan 288 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 149 ta ish bo‘yicha 162 nafar shaxsga nisbatan jazo qo‘llangan, 139 ta ish bo‘yicha esa 154 nafar shaxsga nisbatan ishlar harakatdan tugatilgan.

Ko‘rib tamomlangan ishlar shaxslar toifasi bo‘yicha tahlil qilinganda, 35 nafari ayollarni, 281 nafari erkaklarni tashkil etadi. Ularning 47 nafari 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, 267 nafari 31 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan, 2 nafari esa 60 yoshdan oshgan shaxslardir.

Shuningdek, ushbu toifadagi huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari o‘rganilganda, sodir etilgan huquqbuzarliklarning 3 tasi moddiy yetishmovchilik, 34 tasi huquqbuzar tomonidan spirtli ichimlik iste’mol qilingan holda sodir etilganligi, 11 tasi uchinchi shaxslar ta’siri ostida sodir etilganligi, qolgan 268 tasi esa o‘zaro kelishmovchilik va boshqa sabablarga ko‘ra sodir etilganligi aniqlangan.

Sudlar tomonidan mazkur davr davomida shahvoniy shilqimlik (MJtK 41-1-moddasi) bilan bog‘liq jami 48 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 39 nafar shaxsga jazo qo‘llangan, 9 nafar shaxsga nisbatan ishlar harakatdan tugatilgan.

Huquqbuzarliklar asosan turli ijtimoiy va oilaviy muammolar, jumladan spirtli ichimlik ta’siri hamda oila a’zolari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sababli sodir etilgan. Ta’kidlash joizki, ayrim holatlarda zo‘ravonlikni ayollar tomonidan ham sodir etilishi qayd etilmoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha huquqiy asoslar hamda tashkiliy chora-tadbirlar tizimi yaratilgan. Jabrlanuvchilarga huquqiy, psixologik, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun davlat va jamoat tashkilotlari o‘z vakolatlari va vazifalarini aniq belgilab olgan. Bu esa xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini sud orqali ta’minlashda ishonchli huquqiy kafolatlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tuproqqal’a tuman sudi raisi I. Ismoilov