December 30, 2025

Yangi yil bayrami munosabati bilan Tuproqqal'a tumani hokimi Akmal Jimalyazovning bayram tabrigi

Hurmatli Tuproqqal’a tumani aholisi!

Aziz va qadrli vatandoshlar!

Sizlarni, ko‘pmillatli va ahil tumanimiz aholisini kirib kelayotgan Yangi — 2026-yil bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Mana shunday quvonchli va fayzli onlarda barchangizga tinchlik-osoyishtalik, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.

Yangi yil ostonasida turib, ortda qolayotgan yilga nazar tashlasak, shukronalik hissi qalbimizni to‘ldiradi. 2025-yil tumanimiz hayotida muhim o‘zgarishlar, bunyodkorlik va barqaror taraqqiyot yili bo‘ldi. Siz azizlar bilan birgalikda ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirildi, tumanimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlari yanada jadallashdi.

Yil davomida yangi ijtimoiy obyektlar, maktabgacha ta’lim muassasalari, uy-joylar foydalanishga topshirildi. Tadbirkorlik, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligi keng rivoj topdi. Dehqon va fermerlarimizning zahmatli mehnati evaziga mo‘l hosil yetishtirildi.

Shahar va qishloqlarimiz tobora obod bo‘lib, Yangi O‘zbekiston qiyofasi tumanimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bilimli, tashabbuskor va g‘ayratli yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar barchamizni quvontirmoqda, tumanimiz nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

Keksalarimiz, urush va mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik qilish bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Ishonch bilan aytamanki, 2026-yilda ham tumanimiz aholisi farovonligi, hayot sifatini yanada yaxshilash, jamiyatimizni yuksaltirish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Aziz va muhtaram tuproqqal’aliklar!

Sizlarni kirib kelayotgan Yangi — 2026-yil bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman!

Yangi yilimiz qutlug‘, barakali va omadli kelsin!

Keksalarimizning umriga umr, yoshlarimizning kamoliga kamol qo‘shsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Tuproqqal'a tumani hokimi Akmal Jimalyazov