Nikohdan ajratishga oid ishlar bo’yicha qonunchilikni qo’llash amaliyoti va ajrimlarning oldini olish
Oila jamiyatning boshlang’ich bo’g’ini hisoblanadi. Oila tinch, mustahkam, halol-pok bo’lsa, jamiyat ham osoyishta va farovon bo’ladi.
Ming afsuslar bo’lsinki, so’nggi yillarda oilaviy ajrimlar ko’payib ketdi. Buning oqibatida esa qanchadan qancha oilalarning obro’si to’kilmoqda. Ajrim oqibatida “boshi ochiq” ayol va “bo’ydoq” erkaklar paydo bo’ladi.
O’rtadagi farzandlar tirik yetim bo’lib, bechora farzandlar ushbu holatdan sarson va sargardon bo’lib, nima qilishni bilmay qolmoqda. Otasiga boray desa ona norozi, onasiga boray desa ota ruxsat bermaydi. Bola ikki o’tni orasida qolib, bir qancha mashaqqatlarga duch kelmoqda. Natijada esa bolaning tarbiyasi buzilmoqda. Ota-ona ajrimi aksar hollarda farzandni noqobil bo’lib voyaga yetishiga sabab bo’lmoqda. Afsuski, qarovsiz qolayotgan, ota-onasi bor ba’zi bolalarni mehribonlik uylariga topshirish holatlariga ham duch kelmoqdamiz.
Bugungi kunda asosan, oiladagi shaxslararo munosabatlar, xususan, er-xotin o’rtasidagi nizolar, qaynona-kelin, qaynona-kuyov o’rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli ajrimlar soni ortib bormoqda.
Ajrashish arafasida turgan oilalarni o’rgansangiz ularning muammolari bir-biriga juda o’xshaydi. Ammo ajrimga qadar oilani saqlab qolishning imkoniyati ancha yuqori.
Shunday ekan har bir yangi qurilayotgan oilalarni tinch, baxtli-saodatli yashab ketishiga har birimiz o’z hissamizni qo’shmog’imiz lozim.
Oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, noqonuniy nikohni oldini olish, erta nikoh va yaqin qarindoshlar o’rtasidagi nikohlarni oldini olish, yoshlarda oilaga bo’lgan mas’uliyatni oshirish kabi bir qator ishlarni amalga oshirish lozim.
Nikoh oilani tashkil qilishning asosi bo’lib, avvalambor, bolalar tarbiyasi uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan tarbiya o’chog’idir. Shuning uchun ham qonuniy tuzilgan nikohdan davlat manfaatdor bo’lib undan ajralish jamiyat manfaatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Ana shu holatlarni e’tiborga olgan davlatimizda nikoh va undan ajratish bilan bog’liq ishlarga befarq bo’linmay, ularni tartibga solishga oid qonunlar ishlab chiqilgan.
Sudlarning faoliyati O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida belgilangan qoidalar asosida oilani har tomonlama himoyalashga, bolalarni Vatanga va oilaga sadoqat ruhida ijtimoiy tarbiyaga mos holda to’g’ri tarbiyalashga, fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoya qilish, nikoh va oila munosabatlari borasidagi qonunlarni mustahkamlashga, fuqarolarni oila va jamiyat oldida javobgarlik hissida tarbiyalashga qaratilgan. O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksi, “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo’yicha qonunchilikni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori bu vazifalarni muvaffaqiyatli hal qilishga qaratilgandir.
Bunday toifadagi ishlarni ko’rishda sudlar oilaning daxlsizligiga, milliy xususiyatlarga e’tibor berishlari lozim.
Nikohdan ajratish to’g’risidagi ishlarni sudda ko’rish uchun asoslar sanog’i qonunchilikda batafsil berilmagan. Bu masala shaxsiy hayotiy bo’lganligi tufayli turli va o’zgaruvchandir. Shu boisdan ham qonun ishni mazmunan ko’rishda bunday vakolatni sudlarga beradi. Sud nikohdan ajratish masalasini hal etishda da’vogarning talablari va taqdim etgan vajlarini qanchalik asosli ekanligiga javobgarning e’tiroziga ahamiyat berishi lozim.
Nikohdan ajralish to’g’risidagi ishlarni boshqa fuqarolik ishlari bo’yicha o’tkaziladigan sud majlisidan o’zining maqsadi, uni olib borish tartibi, usuli jihatdan ham farqlanishiga ahamiyat berish lozim. Bunday turkumdagi ishlarni ko’rishda sud ish holatlariga ko’ra uni mazmunan hal qilish bilan birga er-xotinni yarashtirish uchun choralar ko’rishga oid harakatlarni bajarishi lozim.
Shuning uchun nikohdan ajralish to’g’risidagi ishning sudda ko’rilishida taraflarning ishtirok etishi zarur shart bo’lib, busiz sud oilani mustahkamlash bo’yicha yuklatilgan vazifalarni bajara olmaydi.
Agar sud nikohdan ajratish to’g’risidagi ishning qo’zg’atilishi chuqur o’ylangan va asoslantirilgan vajlar bo’yicha bo’lgan va nikohni kelgusida saqlash axloq prinsiplariga zid keladi deb bilsa va er-xotinning kelgusida birga yashashlari uchun lozim darajadagi sharoitlar yaratilishi mumkin emasligiga va bolalarni tarbiyalash uchun kerakli sharoitlar bo’lmasligiga ishonsa, nikohdan ajratish to’g’risida qaror chiqaradi.
Mamlakatimizda nikohdan ajratish oilani buzilishiga ham olib kelishligi e’tiborga olinib, oilani mustahkamlash masalalariga jiddiy e’tibor berilib, fuqarolarga ushbu nizolarni oldini olishga qaratilgan oilani mustahkamlashga oid qator imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi nikohdan ajratish to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqishda er va xotin o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni jiddiy va diqqat bilan o’rganishga, bolalarning manfaatlarini e’tiborga olib, oilani saqlash uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish zarurligiga e’tiborni jalb qiladi. Bulardan tashqari sud taraflarga yarashish uchun muhlat berishda ham, shuningdek ishni mazmunan ko’rishda ham, oilani saqlab qolish manfaati uchun ehtiyoj yuzaga kelgan hollarda jamoat vakillarini ishga jalb qilish masalasini hal qilishi mumkin.
Nikohdan ajratish to’g’risidagi ishlar bo’yicha sud majlisini shunday o’tkazish joizki, taraflarni qonunga, axloq normalariga hurmatda bo’lish ruhida tarbiyalashga yo’naltirilgan bo’lishi kerak, er va xotinni o’z oilalarini mustahkamlash zarurligini anglashga tushunib yetadigan darajada olib borilgandagina ijobiy natijaga erishish mumkin.