Biologiya ta'lim yo'nalishida botanika fanidan ochiq dars.
Buxoro davlat universiteti, Biologiya kafedrasi professori H.Q. Esanov 6-may 2025-yil 2-1bio-24 va 2-2 bio-24 guruhlarida Botanika fanidan “O'zbekistonda advventiv florani o'rganishning hozirgi holati, nazariy va amaliy muammolari" mavzusida ochiq darsi mashg'uloti o'tkazdi.
Adventiv turlar — bu inson faoliyati natijasida biror hududga tashqaridan kirib kelgan, o‘sha joyning tabiiy florasiga mansub bo‘lmagan o‘simlik turlaridir. Ular asosan transport vositalari, savdo aloqalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan birga tasodifan yoki ataylab olib kelingan bo‘ladi. Adventiv turlar o‘zlarini yangi muhitda qanday tutishiga qarab uch guruhga ajratiladi: vaqtinchalik yashovchi, mahalliy floraga moslashgan (aklimatizatsiyalashgan), va invaziv xususiyatga ega bo‘lgan turlar.
Adventiv o‘simliklar ekotizimga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Ba'zilari foydali xususiyatga ega bo‘lsa-da (dorivorlik, tuproqni mustahkamlash), ayrimlari mahalliy o‘simlik turlariga raqobat tug‘dirib, biologik xilma-xillikni kamaytiradi. Masalan, Ambrosia artemisiifolia (ambroziya) changlari kuchli allergen bo‘lib, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston florasida ham adventiv turlar soni yil sayin ortib bormoqda. Ularning monitoringi va ekologik baholash ishlarini olib borish bugungi kunda dolzarb hisoblanadi. Ushbu mavzu bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq darsda talabalarga adventiv turlarni aniqlash, ularning tarqalish sabablari va ekologik xavflarini baholash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.