Yoshlarimizning jahon fan olimpiadalaridagi muvaffaqiyatlari — mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlarning yorqin natijasidir !
2026-yil 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoshlar bilan muloqotda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar yuksak baholandi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani alohida ta’kidlandi.
Bugun mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar o‘zining amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda. Bu yutuqlar nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotgani quvonarlidir. Davlatimiz rahbari keltirgan raqamlar oddiy statistik ko‘rsatkich emas — ular xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchi, yoshlarning intellektual salohiyati, tinimsiz izlanishi va fidokorona mehnatining yorqin dalilidir. Bu natijalar O‘zbekiston yoshlari global maydonda munosib o‘rin egallashga qodir ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.So‘nggi yillarda Oʻzbekistonning maktab o‘quvchilari nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida barqaror va yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Mamlakatimiz vakillari matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika kabi yo‘nalishlarda dunyoning eng kuchli jamoalari bilan bellashib, sovrinli o‘rinlarni egallamoqda. Albatta bu prezidentimiz tomonlaridan yaratilgan sharoitlar va islohotlar natijasi desak mubolog’a bo’lmaymiz.
Qolaversa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil
13-oktabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 226-sonli qarori yoshlarni yanada qo‘llab quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, Qobiliyatli yoshlarni ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ularni faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish, iqtidorli oʻquvchilarni, talabalar va tayanch doktorantlarni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro va respublika tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, professional taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartiblarini belgilab berildi, bu orqali iqtidorli talabalarimizni munosib taqdirlash orqali ularning motivatsiyasi kundan kunga oshirib borilmoqda. Ushbu qarorlarga kiritilayotgan o ‘zgartirish va qo‘shimchalar ham talabalarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.
So‘nggi uch yil davomida Buxoro davlat universiteti talabalari xalqaro maydonda yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, jami 107 ta sovrinli o‘rinni egallashdi. Ushbu yutuqlarning 27 tasi oltin, 24 tasi kumush va 56 tasi bronza medallariga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkichlar universitetda ilmiy salohiyat va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimi izchil rivojlanayotganining yaqqol dalilidir.
2025-yilga kelib talabalarning xalqaro olimpiadalardagi ishtirok doirasi yanada kengaydi. Ular Turkmanistonda o‘tkazilgan xalqaro kimyo, matematika, biologiya, iqtisod va moliya olimpiadalarida, Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “RUDNMATH–2025” xalqaro matematika olimpiadasida, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining Amman shahrida tashkil etilgan “ELOUni–2025” xalqaro ingliz tili olimpiadasida, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining Almati shahrida o‘tkazilgan ICPC 2025–2026 xalqaro dasturlash olimpiadasida munosib ishtirok etib, oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritdilar.
Birgina 2025-yilni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2025-yilda Turkmaniston xalqaro kimyo olimpiadasida 3 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza, 2025-yilda Turkmaniston xalqaro fizika olimpiadasida 3 ta kumush, 3 ta bronza, 2025-yilda Turkmaniston xalqaro biologiya olimpiadasida 2 ta kumush, 9 ta bronza, 2025-yilda Turkmaniston xalqaro iqtisod olimpiadasida 5 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza, 2025-yilda Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida xalqaro matematika RUDNMATH-2025 olimpiadasida 2 ta bronza, 2025-yilda Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Amman shahrida xalqaro ingliz tili ELOUni-2025 olimpiadasida 5 ta oltin va super kubok, 2025-yilda Qozog'iston Respublikasi Almata shahrida xalqaro ICPC 2025-2026 olimpiadasida 3 ta bronza medallar sovrindorlari bo‘lishdi.
Mazkur natijalar BuxDU talabalari nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham yuqori intellektual salohiyat va puxta tayyorgarlikka ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yoshlar bilan uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro fan olimpiadalarida erishilgan natijalarning yuksak e’tirof etilgani oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ulkan ruhiy ko‘tarinkilik va kuchli motivatsiya manbai bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlat rahbarining yoshlar yutuqlariga bergan bunday yuksak bahosi talabalarda o‘z bilim va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, yanada katta marralarni ko‘zlash, xalqaro maydonda faol va dadil ishtirok etish ruhini kuchaytirdi. Bu e’tibor va rag‘bat yoshlarning ilm-fan yo‘lidagi intilishlarini yanada jadallashtirishi shubhasiz.
Buxoro davlat universiteti
Talabalarning ilmiy tadqiqot
faoliyatini tashkil etish sektori
bosh mutaxassisi U.M. Xalikova