IV xalqaro kimyo olimpiadasi
Turkmaniston Respublikasi Ashxobod shahri 14-17-oktabr 2025-yil. IV xalqaro kimyo olimpiadasi
2025-yilning 14-17-oktabr kunlari Turkmaniston Respublikasi Ashxobod shahri Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universitetida IV xalqaro kimyo olimpiadasi bo'lib o'tdi.
Olimpiada jarayonlarida Rossiya, Xitoy, Eron, Qozog'iston, Armaniston, Azarbayjon, Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning jami 24 ta xorijiy oliy ta'lim muassasalari hamda Turkmanistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasidan jami 300 nafarga yaqin talabalar ishtirok etdi. Shular qatorida O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida Buxoro davlat universitetidan 8 nafar talaba, Buxoro davlat texnika universitetidan 4 nafar talaba, Qarshi davlat universitetidan 4 nafar talaba hamda Osiyo xalqaro universitetidan 2 nafar talabalar ishtirok etdi.
Olimpiada jarayonlari yuqori saviyada tashkil etildi. Barcha mehmonlar olimpiada tashkilotchilari tomonidan chegara postlaridan kutib olindi va butun olimpiada davrida mehmonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.
Olimpiadaning ochilish marosimida har bir davlatning jamoasi o'z bayrog'i ostida davraga kirib keldi. Olimpiadani Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universitetining o'quv ishlari bo'yicha prorektori ochib berdi.
Olimpiadaning ochilish marosimida Turkmanistonga tashrif buyurgan har bir mehmonning millatiga mos milliy raqslari turkman talabalari tomonidan ijro etilganligi, mehmonlarga bo'lgan o'zgacha hurmat ramzi sifatida e'tirof etildi. Ayniqsa sahnada Xorazm raqsi ijro etilganida, har bir O'zbekistonlikning qalbida jo'sh urgan milliy g'urur tuyg'usini so'z bilan tariflashga til ojizdir.
Ochilish marosimidan so'ng mehmonlar universitetda joylashgan muzeylar bilan yaqindan tanishdilar
Olimpiada jarayonlari A va B kategoriyalarda tashkil etildi. A kategoriyada talabalarga 6 ta masaladan iborat yozma topshiriqlar, B kategoriyada esa 80 savoldan iborat test savollari berildi.
Buxoro davlat universiteti jamoasi olipiadaning B kategoriyasi bo'yicha ishtirok etdi.
Olimpiada savollari yuqori saviyada tayyorlangan bo'lib, ishtirokchilar orasida kuchli raqobat muhiti kuzatildi.
Olimpiadan tashqari vaqtda mehmonlarning vaqtini samarali o'tkazish maqsadida Turkman davlat sirkiga tashrif buyurildi. U erda barcha mehmonlar mashhur Axaltaka otlar bilan yaqindan tanishdilar va otlarda sayr qilish imkoniga ega bo'ldilar.
Bundan tashqari olimpiada dasturi doirasida qizlar uchun Turkman milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi "Qizlar kechasi" tashkil etildi.
Olimpiadaning yopilish marosimida Turkmaniston Bilim vazirining o'rinbosari hamda Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universiteti rektori Orazgeldi Kakabayevichning tabrik so'zlari tinglandi. Qolaversa turli mamlakatlardan kelgan jamoalar nomidan har bir davlat vakillari so'zga chiqib olimpiada tashkilotchilariga o'z minnatdorchiliklarini izhor etdilar. Olimpiadaning taqdirlash marosimida Turkmanistondagi O'zbekiston elchixonasi vakili Oybek aka Isayev ham ishtirok etdi.
Olimpiadaning yopilish marosimida O'zbekiston delegatsiyasi nomidan Buxoro davlat universiteti dotsenti Umida Xalikova so'zga chiqib, olimpiada taassurotlari va o'zbek, turkman xalqining azaliy do'stligi haqida firklar bildirdi.
Olimpiadaning barcha g'oliblari Turkmaniston Respublikasi Bilim vazirining o'rinbosari hamda Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universiteti rektori Orazgeldi Kakabayevich tomonidan taqdirlandi.
Olimpiadaning yopilish marosimida A va B kategoriyalar bo'yicha barcha g'oliblar taqdirlandi.
Olimpiadaning B kategoriyasi bo'yicha ishtirok etgan Buxoro davlat universiteti jamoasi B kategoriyada eng ko'p sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritib, jamoa hisobida olimpiadaning
B kategoriyasi bo'yicha mutlaq g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko'ra Buxoro davlat universiteti 3 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza medal,
Buxoro texnika universiteti 3 ta bronza medal,
Qarshi davlat universiteti 1 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medallar qo'lga kiritdi.
Jami hisobda O'zbekiston jamoasi 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medallarni qo'lga kiritdi.
Taqdirlash marosimining oqshomida barcha ishtirokchilar uchun dasturxon atrofida gala konsert tashkil etildi.
Olimpiada davrida O'zbekistonlik professor -oqituvchilar tomonidan turkman talabalari uchun master klass darslari o'tkazildi.
Ushbu xalqaro olimpiada turli millat vakillarini bir jabhada jamlash, yangi do'stlar orttirish, yangi tajribalarni o'rganish, hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun imkon yaratdi desak mubolag'a bo'lmaymiz.
O'zbek farzandlarimiz hamisha jahon arenalarida vatanimiz O'zbekiston bayrog'ini baland ko'tarishda davom etaversin.
Barcha O'zbekistonliklarga g'alaba muborak bo'lsin.
Buxoro davlat universiteti Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo'limi boshlig'i, p.f.f.d(PhD)., dotsent Xalikova Umida Mirovna.