October 22

Abadiylik 3 #Sena

Ep 32

Deraza oynalarining singan parchalaridan xonaga muzdek izg‘irin va yirik qor uchqunlari bostirib kirib, yerdagi qon izlarini sekin-asta oq parda bilan qoplay boshladi.

Xona ichidagi otishma to‘xtagan, og‘ir va vahimali sukunat cho‘kkandi. Yoongi shkaf ortidan sekin chiqdi. Uning yelkasini o‘q yalap o‘tgani uchun kiyimi qonga belangan, lekin ko‘zlaridagi sovuqqonlik zarracha so‘nmagandi. U yerda jonsiz yotgan soqchilarning qurollarini birma-bir tekshirib, o‘qdonlarini olib qo‘ydi.

Uy ostonasida og‘ir qadam tovushlari eshitildi. Qor bo‘roni fonida eshikda Minhoning qorasi ko‘rindi. Uning ustidagi qora palto ustiga qor qo‘ngan, ko‘zlarida esa mutloq telbalik va nafrat yonardi. Uning ortida yana bir nechta soqchilar paydo bo‘ldi.

Minho xonaga sekin qadam bosib kirdi va yerda yotgan o‘z odamlarining jasadlariga, so‘ngra qonagan yelkasi bilan tungan Yoongiga qaradi.

— Shuncha harakating... baribir bekorga, Yoongi, — dedi Minho, ovozi qor shiddatidan ham sovuqroq chiqib. U qo‘lidagi qurolni to‘g‘ri Yoongining ko‘kragiga tiradi. — U qayerda? Senani qayerga yashirding?!

— U sen va otamiz kabi maxluqlar yetib borolmaydigan joyda, Minho. Sen uni boshqa hech qachon ko‘rmaysan.

Minho Yoongining qorniga to‘pponcha dastasi bilan shiddatli zarba berdi. Yoongi tiz cho‘kib qoldi, ammo ko‘zlarini Minhoning yuzidan uzmadi.

— Men bu uyni har bir qarichigacha titkilab chiqaman! — deb baqirdi Minho, uy ichiga qor yog‘ayotgan teshiklardan atrofga qararkan. — U baribir mening bag‘rimga qaytadi! Sena

Yerto‘la ichida, muzdek zax va qorong‘ida o‘tirgan Sena tepadagi har bir harakatni, Minhoning g‘azabli baqiriqlarini va akasining og‘riqli nafas olishini eshitib turardi. U qo‘llari bilan og‘zini mahkam yopgancha, ko‘z yoshlarini to‘xtatishga urinardi.

Aynan shu soniyada, uzoqdan — o‘rmon yo‘li tomondan politsiya va maxsus kuchlarning baland sirena ovozlari aks-sado bera boshladi. Yoongining yuborgan hujjatlari o‘z ishini qilgan edi.

Sirena ovozlari uy yaqinida birdan o‘chdi va o‘rmonni qizil-ko‘k chiroqlar nuri qopladi. Maxsus kuchlar xodimlari va politsiya uyga bostirib kirdi. Ammo Yoongi jo‘natgan maxfiy arxivda oilaning barcha jinoyatlari va noqonuniy qurol savdosi aynan Yoongining nomi va imzosi bilan ko‘rsatilgan, Minho esa hujjatlarda o‘z izini ustakorlik bilan yashirgan edi.

Politsiyachilar yerda yotgan murdalar va qo‘lida qurol tutib turgan Yoongini ko‘rib, darhol uni yerga bosib, qo‘llariga kishan urishdi.

— Men emas! — deb baqirdi Minho, sovuqqonlik bilan guvoh rolini o‘ynab. — U jinoyatchi! Barcha xoinliklar va hujjatlar uning qo‘lida!

Yoongi qo‘llari kishanlanib, politsiya xodimlari uni tashqariga, qorli hovliga olib chiqib ketishayotganida, bir soniya ortiga qayrilib, gilam ostidagi yerto‘la tomonga qaradi. Uning ko‘zlarida "sabr qil" degan so‘nggi, yashirin chaqnash bor edi. Minho esa politsiya bilan "hamkorlik" qilgan kishi bo‘lib, uyda qoldi.

Maxsus kuchlar va politsiya ketgach, Minho sheriklari bilan uyni va uning atrofini titkilashga tushdi. Ular xonalarni, shkaflarni va divanlarni birma-bir ag‘darib chiqishdi, ammo Senadan hech qanday darak yo‘q edi.

— Xo‘jayin, uyda hech kim yo‘q! — dedi soqchilar sardori, tashqaridagi qorga ishora qilib. — Orqa eshik ochiq qolgan. Qordagi yangi izlar o‘rmon ichiga qarab ketgan. Qiz otishma paytida qo‘rqib, o‘rmonga qochib ketgan bo‘lsa kerak

Minho ochiq eshikdan yog‘ayotgan muzdek qorga va quyuq o‘rmon bag‘riga tikildi. Tashqarida izg‘irin shamol va qor bo‘roni har qanday izni soniyalar ichida yutib yuborayotgandi.

— O‘rmon?.. — pichirladi Minho, ko‘zlarida daxshat va telbalik aralashib.

U qor bo‘ronida, dori ta’sirida va kiyimsiz o‘rmonga qochgan Sena bu sovuqda bir soat ham omon qolmasligini o‘yladi.

— Yo‘q... U yerda muzlab o‘ladi!

Minho to‘pponchasini siqancha, o‘rmon ichiga qarab chopdi

— Sena! Sena, qayerdasan?!

Ular o‘rmon bag‘rida Senani izlab baqirishayotgan bir paytda, yog‘och uy ichidagi teshik gilam ostida — muzdek qorong‘i yerto‘lada Sena jimgina tiz cho‘kib o‘tirardi. U tepadagi qadamlar tinchiganini va hammaning uydan chiqib ketganini his qildi. U yolg‘iz qolgan, lekin erkin edi.

Yerto‘laning og‘ir yog‘och qopqog‘i ustidagi qadamlar va baqir-chaqirlar butunlay tinchidi. O‘rmon ichidan Minhoning shamolga sovurilayotgan ismsiz qichqiriqlari tobora uzoqlashib, nihoyat mutlaq sukunatga o‘rin bo‘shatdi.

Sena qorong‘ida titrayotgan barmoqlari bilan zax devorga tayandi. Uning yuragi hali ham qafasdan otilib chiqancha urar, har bir nafasida o‘pkasiga achchiq, sovuq havo kirardi. U sekin-asta yuqoriga ko‘tarilib, lyuk qopqog‘ini ehtiyotkorlik bilan turtib ko‘rdi. Qopqoq og‘ir edi, ammo Yoongi uni atayin to‘liq yopmay, biroz ochiq qoldirgani uchun Sena bor kuchini to‘plab, uni chetga surishga erishdi.

Yerto‘ladan otilib chiqqan Sena xonaning chil-chil bo‘lgan oynalaridan kirayotgan muzdek qor bo‘roniga yuz tutdi. Uy ichi ostin-ustun bo‘lib yotar, yerda chil-chil bo‘lgan stakanlar, chilp-chilp qon izlari va qor qatlami aralashib ketgandi.

Sena darmonsiz oyoqlarida arang turib, singan derazadan tashqariga qaradi. O‘rmon qor parda ortida g‘oyib bo‘lgan, Minho va uning odamlari uni topish umidida kimsasiz sovuq bag‘riga singib ketishgandi.

— Yoongi... — pichirladi Sena, ko‘zlarida achchiq yosh qalqib.

U akasining uni qutqarish uchun o‘zini fido qilganini, oilaning va Minhoning barcha jinoyatlarini o‘z bo‘yniga olib, kishanlanib ketganini o‘ylaganida yuragi tilka-pora bo‘ldi. Lekin u bilardi agar hozir bu yerda to‘xtasa yoki tushkunlikka tushsa, Yoongining qurbonligi bekorga ketardi.

Sena burchakda turgan va politsiya e’tiboridan chetda qolgan Yoongining zaxira sumkasini topdi. U yerdan issiq, qora kurtka va etikni olib kiyib, o‘zini biroz bo‘lsa-da isitdi. Sumka ichida ozroq naqd pul va Yoongining maxfiy hujjatlar saqlangan xotira kartasi bor edi.

Sena qora kurtkaning kapushonini boshiga kiyib, teshik eshikdan tashqariga — oppoq qor qoplagan o‘rmonga qarab qadam bosdi. Minho uni o‘rmonda muzlab o‘ldi deb o‘ylardi, ammo Sena bu safar tirik qolish va akasining haqiqatini isbotlash uchun yo‘lga chiqayotgandi.

U ortiga qayrilib qaramsdan, qorli yo‘l bo‘ylab shahar markaziga olib boruvchi tarmoq tomonga qarab ketdi.

Sena kapushonini yuziga chuqurroq tortib, qalin qor qatlamini bosib ilgarilardi. Izg‘irin shamol yuzini tilkalar, ammo u ortiga qarashga botinolmasdi. Har bir qadami uni dahshatli o‘tmishidan uzoqlashtirayotgandek edi.

Kutilmaganda, o‘rmon yo‘lagining burilishida, qora daraxtlar soyasidan bir sharpalangan odam otilib chiqdi. Sena birdan to‘xtab qoldi, yuragi qafasidan otilib chiqayozdi.

Bu Minhoning eng sodiq va shafqatsiz soqchilaridan biri — Chen edi. U qorda adashgan gumondorlarni qidirib, guruhdan ajralib chiqqandi.
Chen qarshisida turgan sharpaga qarab to‘pponchasini ko‘tardi

— Kim u?! To‘xta!

Sena qo‘rquvdan muzlab qoldi va beixtiyor bir qadam ortga chekindi. Uning bu harakati va kapushoni ostidan ko‘rinib qolgan yuzi Chenning e’tiborini tortdi. Soqchining ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi — u qarshisida Minho soatlab o‘rmonda qidirayotgan, muzlab o‘ldi deb o‘ylangan Senani ko‘rib turgandi.

— Sena?! — dedi Chen, unga yaqinlashib. Uning yuzida g‘alaba paydo bo‘ldi. — Demak, tiriksan... Xo‘jayin seni o‘rmonda qidirib yuribdi. Sen men bilan borasan!

Chen to‘pponchasini g‘ilofiga solib, Senaning bilagidan mahkam ushlash uchun qo‘l uzatdi. U qizni mutlaqo darmonsiz va ojiz deb o‘ylayotgandi.

Lekin Sena endi avvalgi qafasdagi mitti qo‘g‘irchoq emasdi. Yoongining fidoiyligi va Minhoning zaharli tahdidlari uning ichidagi so‘nggi qo‘rquvni o‘ldirgandi. Sena yerto‘ladan chiqishda Yoongining zaxira sumkasidan olgan kichik, o‘tkir ov pichog‘ini kurtkasidan yashirincha olgandi.

Chen uning yelkasidan ushlagani hamono, Sena bor kuchi va alamini to‘plab, pichoqni Chenning qo‘liga va qorniga shiddat bilan sapchib oldi.

— Aaagh! — Chen og‘riqdan qichqirib, ortga tislondi va qor ustiga yiqildi.

Uning qizil qoni oppoq qorga sachradi. Sena soniyalarni boy bermay, Chenning belidagi aloqa ratsiyasini va pistoletini yulqib oldi-da, ortiga qaramoqchi bo‘lmay, o‘rmonning chuqurligiga qarab chopib ketdi. Ratsiyadan esa Minhoning g‘azabli va asabiy ovozi eshitilib turardi

— Chen! Chen, hisobot ber! Biror narsa topdingmi?!

Sena ratsiyani qorga otib yubordi va shahar yo‘li tomonga yugurishda davom etdi. Chen og‘riqdan ingrab, qonga belangan qornini ushlagancha qor ustidan amallab qaddini ko‘tardi. Uning sovuqdan qaltirayotgan barmoqlari qor ichida yotgan ratsiyani axtarib topdi va aloqa tugmasini bosdi.

— X... xo‘jayin... — dedi Chen, ovozi xillab va uzuk-juluk chiqib. — U... u shu yerda... Sena tirik...

Ratsiyaning u tomonida soniyalar ichida shiddatli shovqin va Minhoning telbanamo ovozi portladi

— Nima?! Qayerda u?! Gapir, Chen!

— U... u meni yaraladi... — Chen yo‘talib, og‘zidan chiqqan qonni qorga tufladi. — U shahar markaziga olib boruvchi... janubiy o‘rmon yo‘lagi tomonga qarab chopdi... Qo‘lida pichoq va qurol bor...

Minho ratsiyadan bu gapni eshitishi bilan atrofdagi barcha odamlariga janubiy yo‘lak tomonga yugurishni buyurdi. Uning ko‘zlarida qayta alangalangan rashk va ehtiros olovi yonardi. U Senaning tirikligini va undan qochib ketganini eshitib, butunlay aqlini yo‘qotgandi.

— Sena! Men sening ortingdan boryapman! — deb baqirdi Minho, qor bo‘ronini yorib o‘sha yo‘nalishga qarab choparkan.

Minho va uning soqchilari janubiy yo‘lakka yetib kelishganida, qor bo‘roni yanada avjiga chiqqan edi. Qalin yog‘ayotgan qor va shiddatli izg‘irin Senaning qordagi har bir izini soniyalar ichida tekislab, butunlay yo‘q qilib tashlagandi.

Minho o‘sha hududni soatlab aylanib, har bir daraxt ortini, har bir panani titkilab chiqdi. U hatto o‘rmon chetidagi trassagacha yetib bordi, ammo u yerda faqatgina yo‘ldan o‘tib ketgan mashinalarning g‘ildirak izlarigina qolgandi. Sena shamoldek g‘oyib bo‘lgan, ortida hech qanday belgi qoldirmagandi.

— Yo‘q! U ketolmaydi! U mening bag‘rimdan qocholmaydi! — deb baqirdi Minho trassa ortida muzlab turarkan.

U to‘pponchasini osmonga qaratib, alamdan ketma-ket o‘q uzdi. Uning qichqirig‘i qorli o‘rmon ichida ma’nosiz aks-sado berib qoldi.
Sena esa bu paytda yo‘ldan o‘tib ketayotgan tasodifiy yuk mashinasining orqa qismiga yashirinib, shahar markazi tomonga tezlik bilan uzoqlashib borardi. U qorong‘ida o‘tirib, qo‘lidagi qurolni va Yoongining xotira kartasini mahkam siqib oldi.

Minho uni ortiq topa olmasdi. Qafas eshigi bir umrga yopilgan edi.