February 17

𝙈𝙮 𝘽𝙤𝙮𝙛𝙧𝙞𝙚𝙣𝙙 𝙅𝙚𝙮𝙆𝙚𝙮

3-𝑞𝑖𝑠𝑚


Pov_author

JeyKey kvartirasiga qaytdi — har doim sovuq, nimqorong‘u va huvullab yotgan uyiga.

U yolg‘izlikka ko‘nikib ketgandi. Balki shuning uchundir, hali kuchukligida ko‘chaga haydab yuborilgan amerika staffordshir teryerini itxonadan asrab olgandi. Ijtimoiy tarmoqda uning suratini ko‘rib qolganida, jonivor xuddi skeletdek ozg‘in, ko‘zlari esa qo‘rquvga to‘la edi. U JeyKeyning o‘z bolaligini eslatib yubordi.

U kuchukchaga rahm qildi. Nega bo‘lmasin, olib ketdi. Ismini Bam qo‘ydi. Oyoqqa turg‘izdi, buyruqlarni o‘rgatdi, mashq qildirdi. It o‘zgardi — bahaybat va baquvvat hayvonga aylandi. Va JeyKeyni o‘zining mutloq egasi deb tan oldi.

Endi esa uylarida yana bir "mehmon" — mushukcha paydo bo‘ldi. JeyKey uyiga yaqinlashayotib, uning ayanchli miyovlashini eshitdi-yu, darrov qaror qildi: mahalliy itlar g‘ajib tashlamasidan yoki "mehribon" odamlar bo‘ynini qayirib yubormasidan oldin olib ketish kerak.

To‘g‘ri, uni qo‘shni uydagi telbaroq qizcha quvib o‘tdi. Pakana, nozik-nihol, ko‘rinishidan zaifa, ammo naqadar surbet!

Uning kallasi joyida emasdi, bu aniq. Avvaliga JeyKey va Viola balkonda o‘pishayotganida ularni poylab turdi. Hali yetmaganiga kameraga ham tushiribdi, pakana. Balki davomini kutgandir? JeyKey unga o‘sha "davomini" ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lardi — mayli, tomosha qilaversin, unga qizig‘i yo‘q. Lekin Viola istamadi. Uni ichkariga yetaklab kirdi-yu, u yerda haqiqiy olov yoqdi.

Keyin esa bu notanish qizcha ichida mushukcha bo‘lgan qutini bergisi kelmadi, kamiga JeyKey bilan hech kim jur’at eta olmaydigan tarzda o‘zini tutdi. Shaddodlik bilan. Go‘yo u kuchliroqdek.

Jeon Jungkook, laqabi JeyKey, o‘zini anchadan beri daxlsiz deb hisoblashga o‘rgangan. Boshqalardan baland bo‘lmasa-da, lekin hamisha chetda turardi. Uni hurmat qilishardi, qo‘rqishardi va uzoqdan aylanib o‘tishardi. Albatta-da — butun bir hududning dahshati, u bilan hatto katta yoshli bezorilar ham gap talashib o‘tirmasdi. Chunki o‘zlariga qimmatga tushishini bilishardi. JeyKeyning doim sportda ekanligini, o‘zini himoya qila olishini hamma bilar edi.

Qizcha esa yo tamoman aqldan ozgan edi, yoki qarshisida kim turganini tushunmasdi. Yarim yuzini egallagan moviy ko‘zlarini chaqchaytirib, shunchalik surbetlik qildiki, bu hatto unga yoqib tushdi. JeyKey anchadan beri bunday ko‘ngil yozmagandi. Qizlarning bir qismi mish-mishlar tufayli undan qochardi, boshqa qismi esa uni yo‘ldan urishga urinardi. Lekin hech kim hech qachon u bilan bahslashmagan. Uni hech kim joyiga o‘tqizib qo‘ymagan edi.

To‘g‘ri, qiz unga tegib ketganida, Jkning butun vujudidan kuchli tok urib o‘tgandek bo‘ldi. Hatto nafas olishga havo yetmay qoldi. Bu esa JeyKeyning g‘azabini keltirdi. Hech kimning ruxsatsiz unga tegishga haqi yo‘q edi. Shuning uchun u qizni joyiga o‘tqizib qo‘ydi. Ammo o‘sha zaharxanda moviy ko‘zlar hamon ko‘z oldidan ketmasdi. Keyin esa — o‘sha bo‘liq lablar...

Lan’ati, Violaning lablari ancha yaxshi. Viola u lablari bilan shunday ishlar qiladiki, bu qizcha tushida ham ko‘rmagan.

Jahannamga ketsin o‘sha. Pakana.

Mushukchani maxsus shampun bilan yuvib, keyin qornini to'ydirishga to'g'ri keldi. Uni yana qutiga — faqat bu safar yumshoq adyol ustiga yotqizdi.

— Isming Tushlik bo‘ladi, — dedi JeyKey mushukchani silab. U mamnun bo‘lib xirillay boshladi. Mushukchaga bu odam uni nima deb chaqirishi baribir edi — asosiysi, qorni to‘q. Ungacha "tushlik"ni diqqat bilan kuzatib turgan Bam g‘o‘ldiradi-yu, xo‘jayinining oyog‘iga issiq burnini tiradi. Go‘yo: «Menga qara, men shu yerdaman. Men bu mishiqdan ancha yaxshiman», degandek.

Bam

Ular divanga hamma birga gup etib yiqilishdi. Mushukcha qutidagi adyolga "ishini" qilib qo‘ydi-yu, JeyKey bilan uxlash qulayroq degan qarorga keldi. Bam esa rashk qilib, oyoq tomoniga joylashib oldi.

Ertalab dushdan chiqqan Jkni ro‘paradagi binoning derazalaridan biridagi hayratlanarli yozuv kutib oldi.

«Mushukni qaytar, to‘nka!» — deb yozilgandi unda.

Buni ko‘rib, Jk hayratdan qo‘lidagi telefonini tushirib yuborishiga bir bahya qoldi.
Bu qizning kallasida nuqsoni bormi o‘zi? Unda mavsumiy tutanoqmi yoki miyasi doim shunaqa ishdan chiqqanmi? Qarshisida kim turganini tushunyaptimi o‘zi?

Aftidan, yo‘q.
Hechqisi yo‘q, unga tushuntirib qo‘yishadi. Keyin ko‘zini yerga tikib, devorga qisilib yuradigan bo‘ladi. Undan hamma hayiqadi. Bu qiz ham mustasno bo‘lmaydi.

...Lekin lablari haqiqatan ham o‘ziga tortadigan ekan. Qomati ham chakki emas. U bilan vaqtichog‘lik qilsa bo‘lardi. Lekin qilmaydi.

Odobli va oqila qizlarning u kabi odamlar yonida joyi yo‘q. Ular o‘zlariga gul sovg‘a qiladigan, muloyim o‘pib qo‘yadigan "yaxshi" yigitlarni topishsin.

JeyKey va muloyimlik — bir-biriga mutlaqo zid tushunchalar. U haqiqiy "yomon yigit" edi. Mushtlashardi, qizlarni qo‘lqopdek almashtirardi, o‘z hayoti bilan "ruletka" o‘ynardi. Odamlardan yaxshilik kutmasdi — hayotning juda ko‘p razilliklarini ko‘rib ulgurgan edi. Qolaversa, aslo ojiz bo‘lishni istamasdi.

Chunki u bilardi: hamma "yaxshi yigitlar" — ojiz. Ojizlar esa doim mag‘lub bo‘ladi.
Lekin nega lan’ati miyasi tinimsiz uning lablari haqida o‘ylayapti?

JeyKey (Jeon Jungkook)

***
Pov_Y/N

Biz xuddi aqldan ozganlardek ehtiros bilan o‘pishardik.
Uning baquvvat qo‘llaridagi taft, talabchan lablari, yurakni teshib o‘tayotgan ajib bir muloyimlik... Bularning barchasidan boshim aylanar, nafasim bo‘g‘zimga tiqilardi. Ammo qalbimda go‘yo mushakbozliklar boshlangandek edi.

Bu taqiqlangan, ammo olovdek qaynoq lahzalar edi. Egnimda — tizzamga tushib turgan uning futbolkasi, u esa — faqat jinsida. Oramizdagi o‘zaro tortishish kuchi shunchalik qudratli ediki, butun vujudim zirillab ketardi.

— Y/n, — deya pichirladi u qulog‘imga, so‘ng qulog‘im yumshog‘ini tishlab, bo‘ynimdan o‘pdi. Men uning yelkalarini yanada qattiqroq quchoqladim. U meni dast ko‘tarib oldi-yu, yorug‘likka to‘la xona bo‘ylab aylantira boshladi. Men uning bo‘ynidan mahkam quchoqlab kular edim — o‘zimni dunyodagi eng baxtli insondek his qilardim. U meni hech kim sevmagnidek sevishini, men ham uni jondan ortiq ko‘rishimni bilar edim.

Uni ismi bilan chaqirgim keldi, ammo shu lahzada uni tanimasligimni tushunib qoldim.

— To‘nka? — pichirladim men sekingina. Aynan shu soniyada budilnikning quloqni qomatga keltiruvchi chinqirig‘i meni uyg‘otib yubordi.

Ko‘zlarimni katta-katta ochib, o‘rnimdan dik turib o‘tirdim. Yuragim nega bunchalik qinidan chiqqudek urayotganini, lablarim esa go‘yo haqiqiy o‘pishdan keyingidek nega yonayotganini tushunolmasdim.

Nega tushimda o‘sha tushuniksiz nusxa bilan o‘pishyapman?! U axir aqli joyida bo‘lmagan bir kimsaku!

Deraza yoniga bordim. Tashqarida osmon past va g‘ira-shira bo‘lib turar, aftidan, yomg‘ir yog‘adigan edi. Qiziq, nega har birinchi sentyabr bunchalik g‘amgin bo‘ladi-ya? Tashqarida havo yaxshi bo‘lgan birorta ham bilimlar kunini eslay olmayman. Balki, tabiat o‘qishga borishga mahkum bo‘lganlar uchun motam tutayotgandir?

Xullas, yig‘inish kerak, yangi maktabdagi birinchi o‘quv kuniga kechikib bo‘lmaydi.
Ha, men — "yangi qiz"man. Ehtimol, bu yerda o‘n birinchi sinfga kelgan yagona yangi o‘quvchi men bo‘lsam kerak. Hech qachon ko‘chib ketishimizni va so‘nggi o‘quv yilimni boshqa shaharda o‘tkazishimni o‘ylamagandim. Bu yerda do‘stlar orttirishimga ham ko‘zim yetmaydi — yuqori sinflarda hamma o‘z guruhini shakllantirib bo‘lgan, begonalarni esa uncha xushlashmaydi.

Bu ko‘chishga o‘gay otam aybdor edi. Bu shahar uning tug‘ilib o‘sgan joyi ekan. U qaysidir yirik kompaniyada rahbar lavozimida ishlagan, oilasi, farzandlari bo‘lgan. Bir kuni uni bizning shahardagi filialga ishga o‘tkazishgan va u yerda onamni uchratgan. Endi esa ish yuzasidan yana qaytishi kerak edi. Uni katta lavozimga ko‘tarishibdi. Iyulning oqshomlaridan birida u bizni fakt qarshisida qoldirdi: biz ming kilometr nariga ko‘chib o‘tamiz.

Onamga hech bo‘lmasa bir yilga, o‘z maktabimni bitirishim uchun qolishga ruxsat berishini o‘tinib so‘radim, lekin u niyatidan qaytmadi. Oila boshlig‘ining ortidan borishimiz shartligini aytdi. Oila boshlig‘i emish! Go‘yo bu begona erkak men uchun qadrdon bo‘lib qolishi mumkindek! Biz boshidanoq bir-birimizga yot edik, faqat onamning ko‘ngli uchun oramizdagi "sovuq urush"ni to‘xtatib turardik. Kim Tae Junga yoqmasligimga ishonchim komil edi, u esa o‘zining kibrli fe’l-atvori va sovuqqonligi bilan g‘ashimga tegar edi.

Qat’iy qaror qabul qildim — va’da berganimdek, bu yerda bir yil o‘qiyman, ammo o‘qishga o‘z shahrimga topshiraman. Onam bilmasligi uchun bildirmay harakat qilaman, keyin esa shunchaki ketaman. O‘shanda o‘n sakkizga to‘laman, demak, qayerda va kim bilan yashashni o‘zim hal qilaman. Dadajonimning onasining — buvimning yoniga qaytaman. U rejalarimdan xabardor va meni kutyapti. Qolaversa, mushugim Zoya ham o‘sha yerda qolgan. Tae Jun uni tanishlariga berib yuborishni taklif qildi, lekin men ko‘nmadim. Bu — mening mushugim va uni hech kimga bermayman!

O‘rnimni yig‘ishtirdim, yuvindim, o‘zimga oro berdim, hatto kipriklarim, qoshlarim va lablarimga yengilgina pardoz ham qildim. So‘ng devorda osig‘liq turgan maktab formasiga g‘amgin termulib qoldim. Tizzadan pastga tushib turadigan bardoviy rangli burmali yubka, oq bluzka, ko‘kragiga ism sharifim tikilgan pidjak va galstuk.

Bu tantanali kiyim edi, undan tashqari kundalik forma ham bor — to‘q ko‘k yoki qora rangdagi ko‘ylak, yubka, shim, sarafan va jaketlar, shuningdek, och rangli bluzka va vodolozkalarga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, ko‘plab boshqa cheklovlar ham bor edi, masalan, kolgotkalar faqat badan rangida, poyabzal — faqat yopiq va poshnalari yetti santimetrdan baland bo‘lmasligi, manikyur esa — faqat rangsiz bo‘lishi shart edi.

Oldingi maktabimda ham rasmiy uslubga amal qilinardi, lekin bunaqangi qat’iy talablar yo‘q edi, men uchun bularning bari yangilik edi.

Mayli, ochig‘ini aytsam, juda hayajonlanayotgan edim.
O‘z sinfdoshlarim bilan o‘qishni tugata olmasligimga, eng yaqin dugonam Insu bilan bir partada o‘tirolmasligimga hali ham ishongim kelmasdi... Xayrlashayotganimizda u qattiq yig‘lagandi... O‘zim ham rosa uvvos soldim — o‘rganib qolgan hayotingni tashlab ketish oson emas ekan.

Hechqisi yo‘q, bu bor-yo‘g‘i bir yil davom etadi. Keyin albatta qaytaman.

— Y/n, hali tayyor emasmisan? — onam xonamga bosh suqdi. — Tezroq chiqib nonushta qil, bo‘lmasa kechikasan!

Baribir formani kiyib, ko‘zguga qaradim. Nega yapon o‘quvchi qizlari o‘z formalarida yoshlik, go‘zallik va tarovat malikalaridek ko‘rinishadi-yu, men — garchi o‘n sakkizga yaqinlashib qolgan bo‘lsam-da, xuddi kichkina qizaloqqa o‘xshayman?

Har doim modellarga o‘xshashni orzu qilardim — ingichka yuz, bo‘rtib turgan yanoq suyaklari, mushuk ko‘zlar va, albatta, uzun bo‘y! Mening idealim — Yevropada model bo‘lib ishlaydigan amakimning qizi Rora edi. U meni doim hazillashib «Babyface» deb chaqirardi va «shirin bolacha qiyofang bor» derdi. Menga esa bu qiyofam mutlaqo yoqmasdi! Kulganimda bo‘rtib chiqadigan xolchali yuzlar, katta ko‘zlar, do‘mboq lablar va tepaga qayrilgan burun — bu qanaqasiga model bo‘lsin?!

«Sen tushunmaysan, quyoncham, — derdi Rora qo‘l siltab. — Beybifeys qiyofasi hozir butun dunyoni zabt etyapti». Men esa bunga javoban: «Hali birorta yigitni zabt etolmadim-ku», derdim. Bunday yuz bilan hali-beri birovni rom etolmasam ham kerak! O‘zimda menga yoqadigan yagona narsa — ko‘zlarimning rangi edi, xuddi dadamnikidek ko‘m-ko‘k. Uzun kipriklarim uchun esa onamga rahmat aytishim kerak.

Ehtimol, o‘zimni tan olmasligim bolaligimdan boshlangandir.

O‘shanda bo‘rtib chiqqan kurak suyaklarim va do‘mboq lablarim sababli meni tez-tez «Baqa» deb masxara qilishardi. Ayniqsa, qo‘shni aka-uka — Suxo va Eunwoo Choilar jonimga tegishardi. Ular meni kecha-yu kunduz tinch qo‘yishmasdi, bir kuni dadam buni eshitib qoldi. Lekin ularni so‘kmadi, shunchaki xotirjam gaplashdi. Dadam qanday so‘z topganini bilmadim-u, lekin aka-ukalar yonimga kelib, iymanib uzr so‘rashdi. Shundan keyin ular ortimdan qolmaydigan, o‘zlarini mening «soqchim» deb ataydigan bo‘lishdi.

Choilar bilan qalin bo‘lib ketgandik. Agar ular beshinchi sinfdan keyin ko‘chib ketishmaganda, balki hozirgacha bordi-keldi qilib yurgan bo‘lardik. Taqdirning hazilini qarangki — aynan mana shu shaharga ko‘chishgan ekan. Ularni uchratib qolish ajoyib bo‘lardi-yu, lekin bunga unchalik ishonmayman. Millionli shaharning o‘rtasida kimnidir tasodifan uchratish ehtimoli qancha? Deyarli nolga teng. Bordi-yu, ko‘rishib qolganimizda ham, balki bir-birimizni tanimasdik. Ular bilan aloqa butunlay uzilgan edi. Bolalikdagi do‘stlar doimiy do‘st bo‘lib qoladi degani emas ekan.

Sochlarimni tepaga qilib yig‘ib oldim-da, oshxonaga yo‘l oldim. Televizor ishlab turar, pishiriqlarning ishtahaochar hidi anqir edi. O‘gay otam Tae Jun dumaloq stol atrofida o‘tirgancha, diqqat bilan gazeta o‘qirdi.

— Xayrli tong, — dedim men. U esa javob o‘rniga shunchaki bosh irg‘ab qo‘ydi. Odatda u mening borligimni sezmasdi ham.

Onam nimadirlarni xirgoyi qilgancha nonushta tayyorlayotgan edi. U har kuni Tae Jun uchun ovqat pishirardi va buni zavq bilan qilayotganini aytardi. Vaholanki, ikkinchi marta turmushga chiqqunicha oshxonada kuymalanishni jinidan ham yomon ko‘rardi. Ilgari u emas, ko‘proq men pishir-kuydir qilardim. Endi esa hamma narsa o‘zgardi.
Ba’zan onam Tae Junning ichida butunlay erib ketayotgandek, u bo‘lsa bunga kibr bilan ijozat bergandek tuyulardi.

— O‘tir, quyoshim, — jilmaydi onam. — Sen yaxshi ko‘radigan sirniklar pishirdim. Olcha jemli!

— Men sirnikni yoqtirmayman, — dedim sekingina. Buni Tae Jun yaxshi ko‘radi. Men quymoqlarni xush ko‘raman, tvorogni esa ko‘rarga ko‘zim yo‘q!

— Bo‘ldi, o‘zingni nozga solma, — onam sira xafa bo‘lmay, sochlarimni silab qo‘ydi. — Tezroq yeb ol, seni Tae Jun tashlab qo‘yadi. Maktabning birinchi kunida kechikib bo‘lmaydi!

Javob o‘rniga shunchaki bosh irg‘adim. Eski maktabim uyimizning ro‘parasidagina edi, yangisigacha esa o‘n besh daqiqacha piyoda yurish kerak. Mashinada ancha tez yetib boriladi.

— Qovoq uyma, — qo‘shib qo‘ydi onam va yana kulib qaradi. Men ham unga javoban jilmaymaslikning ilojini topolmadim. — Va qo‘rqma, hammasi yaxshi bo‘ladi! Ko‘rasan, Y/n, yangi maktabing senga yoqib qoladi! Aytgancha, qahva ichasanmi yoki choy? Tae Jun, senga yana qahva quyaymi? Hozir hammasi tayyor bo‘ladi!

Onamning kayfiyati chog‘ bo‘lsa, xuddi quyoshga o‘xshardi — ko‘zlaridan mehr va g‘amxo‘rlik nuri taralar, o‘zi ham go‘yo nur sochayotgandek tuyulardi. U o‘z yoshiga nisbatan ancha yosh ko‘rinadigan, nafis, g‘ayratli va har narsaga ulguradigan sarg‘ish sochli go‘zal ayol edi. Dadamga o‘n to‘qqiz yoshida turmushga chiqqan, yigirmasida esa, universitetdagi o‘qishini tashlamay, meni dunyoga keltirgan. Keyin bankda ishladi, yoga va qanaqadir sharqona ruhiy amaliyotlar bilan shug‘ullandi. Dadam ketgunicha hammasi joyida edi.

O‘shanda go‘yo uning ichidagi batareykasini sug‘urib olishgandek bo‘ldi. Quyosh so‘ndi.

Bir necha yil davomida u depressiya iskanjasida yashadi, hech narsa qilmasdi — dunyodagi hamma narsani unutib, shunchaki karavotda yotardi. Menga asosan buvim qarardi. Faqat vaqt o‘tishi bilan, mutaxassislar yordamida onam bu botqoqlikdan emaklab chiqa oldi. Ishga kirdi, yana o‘ziga qaray boshladi. Va Tae Junni uchratdi.

Bu voqealar men to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotganimda yuz berdi. Ularning romani juda shiddatli edi — Tae Jun unga qimmatbaho sovg‘alar berar, uni har yerga olib borar, xorijga sayohatlarga yetaklardi. Menga esa har gal shokolad olib kelardi, har doim — men yoqtirmaydigan achchiq shokolad.

U menga bir ko‘rishdayoq yoqmagan, garchi menga yomonlik qilmagan bo‘lsa-da. Uning sovuqqonligi va o‘ziga haddan tashqari ishonishi meni itarib yuborardi. Balki, shunchaki rashq qilgandirman.

Nima bo‘lganda ham, onam shuncha yillik g‘am-anduhdan keyin baxtli bo‘lishini istardim. Shuning uchun Tae Jun ga qarshi bir og‘iz ham so‘z aytmadim. Onam u biz bilan yashashi haqida so‘raganida, soxta tabassum bilan «yaxshi» deb javob berdim. Ammo buvim jim turmadi. Onamning yangi erkagi unga yoqmadi va u bu haqda onamning yuziga nima deb o‘ylasa, hammasini aytdi. Uni ishonib bo‘lmaydigan, kibrli va pismig‘ odam deb atadi. Shuning orqasidan ular qattiq urishib qolishdi.

Bir kuni maktabdan vaqtliroq qaytib, ularning janjallashayotganini eshitib qoldim — yonimizdagi uyda yashaydigan buvim biznikiga chiqqan ekan.

— Bu Tae Juning xotiniga xiyonat qilgan! Senga shunaqa erkakning nima keragi bor, Da Hee? — deb baqirdi buvim.

— Nima, uni oilasidan ayirib olganimga sha’ma qilyapsizmi?! — deb hayqirdi onam.

— Sha’ma qilmayapman, ochiq aytyapman! U sen tufayli bolalarini tashlab ketdi!

— Biz uchrashishni boshlashimizdan oldin u allaqachon ajrashgan edi! — onamning battar jahli chiqdi. — Nimalar deyapsiz, Cha Sohyon? Siz shunchaki mening qaytadan baxtli bo‘lishga urinayotganimni, umrimning oxirigacha beva bo‘lib o‘tmasligimni kechirolmayapsiz!

— Ahmoqsan, Da Hee! Boricha ahmoqsan. Doim shunaqa bo‘lgansan. Nima qilsang qil, hayotingni barbod qil! Faqat mening nabiramga tegma! — buvim ham vajohat bilan qichqirdi.

— Uni qanday tarbiyalashni o‘zim bilaman!

— Hech narsani bilmaysan!

— Siz meni doim yomon ko‘rgansiz! O‘g‘lingiz menga turmush qurishni taklif qilganini bilishingiz bilan tusingiz o‘zgargan! O‘zingizga boy oiladan kelin qilmoqchi edingiz, Minho esa uyga meni yetaklab keldi! Hammasi esimda!

Ular uzoq va qattiq janjallashishdi. Men esa baqir-chaqirni eshitmaslik uchun sekingina uydan chiqib ketdim va buvim ketguniga qadar bir qavat tepada o‘tirdim. Shundan keyin u biznikiga boshqa kelmadi, onam bilan ham qaytib yarashishmadi.

— Y/n, tezroq yeb ol, Tae Jun seni kutyapti, — onam meni shoshiltirdi. Men esa sanchqi bilan sirnikni titkilab o‘tirardim. Ishtaham mutlaqo yo‘q edi. Maktab oldidan hayajonim haddan ziyod kuchli edi.

Onam stolga o‘tirdi-da, qo‘lini Tae Junning yelkasiga qo‘ydi.
— Bilasanmi, azizim, boya bir e’longa ko‘zim tushdi — yaqin atrofdagi salonga yarim stavkaga ma’mur (administrator) kerak ekan. Balki, ishga kirarman? Ishi yaxshi, uyga ham yaqin. Nima deysan?

O‘gay otam gazetani chetga qo‘yib, onamga sinovchan tikildi. Onamning yuzidagi tabassum negadir darrov so‘ndi.

— Senga ish nima uchun kerak, Da Hee? — deb so‘radi u, biroz sukut saqlab. — Puling yetmayaptimi? Menimcha, yetarlicha pul topyapman.

— Yo‘g‘-ye, albatta yetadi, — onam iymanib qoldi. — Shunchaki... zerikyapman. Nimadir bilan shug‘ullangim kelgandi.

— Azizam, erkak kishi o‘z ayolini ta’minlashga qodir bo‘lishi shart. Men buni uddalayman. Shunday ekan, vaqtingni foydasiz ishlarga sarflashingni istamayman.

— Lekin, Jun…

— Jonim, tushunaman, bu shahar senga notanish, bu yerda hech kiming yo‘q. Ammo bu ish qidirish uchun bahona emas. Yaxshisi, bir aylanib kel, do‘konlarni oralab, salon yoki fitnes-markaziga bor. Vaqt o‘tib o‘zingga dugonalar topasan, zerikib qolmaysan. Ustiga-ustak, men har doim yoningdaman.

— Ha, haqsan, azizim, — onam bosh irg‘ab yana jilmaydi, men esa qoshlarimni chimirdim.

Bu qanaqa ahmoqona qarash? Agar ayol kishi ishlashni xohlasa — bu uning huquqi-ku. Umuman olganda, onam nega undan ruxsat so‘raydi? Safsata.

— Men shunchaki sening qayg‘ungni yeyapman, — deb va’da berdi o‘gay otam, o‘rnidan turib, onamning yuzidan o‘pdi va dahlizga yo‘l oldi.

— Oyi, agar ishlashni xohlasangiz — ishlang, — dedim zarda bilan. U menga hayron bo‘lib qaradi.

— Xohlamayman, qizalog‘im.

— Buni Tae Jun xohlamayapti.

— U meni asrayapti, — onam uning so‘zlarini takrorladi. Ko‘zlarimni tepaga qaratib, noroziligimni namoyish qilishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib qoldim.

— Oyi, siz umuman undan ruxsat so‘rashingiz kerak emas. Tushunyapsizmi?

— Bor, kiyina qol, — onam mavzuni keskin o‘zgartirdi. — Tae Junni kuttirib qo‘yma. Tadbir qanday o‘tganini albatta menga yozib yubor. Ha, aytgancha, gullarni unutma!

U menga sinf rahbarim uchun atalgan sariq atirgullar dastasini tutqazdi. Men esa allaqachon dahlizda navbatdagi «muhim» masalalarni hal qilish uchun o‘rinbosari bilan gaplashayotgan Tae Junning ortidan shoshildim.
Uning qora «Mersedes»iga o‘tirdik. Shu payt to'satdan kimdir bizni sinchkovlik bilan kuzatayotgandek tuyuldi. Faqat kimligini anglayolmadim.

Yo‘l-yo‘lakay Insu va boshqa qizlar bilan umumiy chatda yozishib bordim. Ularda hayot qaynayotgan edi — menga tantanali yig‘ilishdan suratlar yuborishardi, men esa lablarimni tishlab qo‘ya qolardim.

O‘gay otam yo‘l bo‘yi telefonda gaplashib ketdi — kadrlar almashinuvi haqida nimalarnidir muhokama qilardi. Undan haqiqiy ishga mukkasidan ketgan odam taassuroti sezilardi. Ba’zan menga uning hayotida ishdan boshqa hech narsa qiziq emasdek tuyulardi. Va albatta, onamdan bo‘lak.

Nega u onamni sevib qolganini tushunardim — onam go‘zal va latofatli edi. Ammo onam nega uni sevib qolgani men uchun jumboq bo‘lib qolmoqda.

Tashqi ko‘rinishidan u ko‘zoynak taqqan, hamisha rasmiy kostyumlarda yuradigan kelishgan erkak edi. O‘ziga qaragan, sport bilan shug‘ullanardi. Biroq u haddan tashqari sovuq, quruq va zerikarli edi. Kamdan-kam hazillashar, undan ham kamroq kular edi. Doim qat’iy qoidalar asosida ish ko‘rardi. Go‘yo o‘ta darajada «tartibli»ligi bilan odamning g‘ashiga tegardi. Boshqalarning unga quloq solmasligi yoqmasdi, o‘z fikrini esa yagona to‘g‘ri yo‘l deb bilar edi. Ha, Tae Jun aqlli edi, hatto qandaydir ilmiy darajasi ham bor edi, lekin uning kibrli nigohi kishini o‘zidan itarardi — go‘yo butun dunyo undan qarzdordek. Hayvonlarni yoqtirmasligi esa men uchun yakuniy hukm bo‘ldi.

— Yetib keldik, — dedi Tae Jun, panjara bilan o‘ralgan ulkan kulrang-oq bino yonida to‘xtab. Bu o‘sha maktab edi — yaqinda qurilgan, zamonaviy va dabdabali. Onam quvonchdan porlab, u yerga kirish juda qiyinligini, lekin bizning omadimiz kelganini aytgandi! Direktor — Tae Junning universitetdagi eski tanishi ekan. Shuning uchun u meni bu nufuzli maktabga osongina joylashtirgan. Umuman olganda, u hamma masalani tanish-bilish orqali hal qilishga odatlangan edi.

— Olib kelganingiz uchun rahmat, — deb odob bilan javob berdim va mashinadan tushdim.

Tae Jun birdan oynani tushirib, boshini chiqardi.

— Gullarni unutding, — dedi u va menga dasta gulni uzatdi. So‘ngra — yana bir nechta yirik pul kupyuralarini tutqazdi.
Unga hayron bo‘lib qaradim.

— Nega?

— Cho‘ntak xarajatlari uchun. Tadbirdan keyin biror joyga borib aylan.

Pullarni hayron bo‘lib oldim va o‘gay otamga rahmat aytmoqchi ham edimki, u qo‘shib qo‘ydi:

— Soat sakkizlargacha o‘zingni biror nima bilan ovora qilib tur.

— Nima degani bu? — tushunmay so‘radim.

— Onang bilan band bo‘lamiz. Unga syurpriz qilmoqchiman, hamkasblarimni mehmonga chaqiraman. Kattalar davrasida senga zerikarli bo‘ladi, — deb javob berdi Tae Jun va mashina oynasini ko‘tarib, jo‘nab ketdi.

Men esa shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostida, o‘sha paytdagi tasavvurim bo‘yicha ancha katta pul bilan bir o‘zim qolaverdim.

Nima? Rostdanmi? Mehmonlar kelishi sababli kechgacha uyga qadam bosmasligimni xohlayaptimi? Unda nima qilishim kerak? Noqulay ob-havoda kafeda o‘tirishim yoki notanish ko‘chalarda tentirab yurishim kerakmi?
Yaramas!

Kupyuralarni g‘ijimlab, pidjagimning cho‘ntagiga tiqdim-da, o‘quvchilar va ota-onalar oqib kelayotgan maktab darvozasi tomon shoshildim.

Y/n