January 30

𝙈𝙮 𝘽𝙤𝙮𝙛𝙧𝙞𝙚𝙣𝙙 𝙅𝙚𝙮𝙆𝙚𝙮

2-𝑞𝑖𝑠𝑚



*Bir necha hafta oldin*

Hayotimda nimadir sodir bo‘lishini sezgandim.

Buni lovullayotgan osmon bag‘ridagi yaltiroq nuqtadan angladim. Bu shiddat bilan balandlikka ko‘tarilayotgan samolyot edi. U quyosh botayotgan ufq qa’ridan chaqqonlik bilan suzib chiqdi-da, chiroqlarini o‘chirib-yoqib menga qarab uchib kela boshladi. Men esa uni telefonga muhrlar ekanman, buni shunchaki tasodif emas, qandaydir ilohiy belgi deb o‘ylardim. Samolyotlar hamisha yaxshiroq hayot sari talpinadi. Samolyotlar — o‘zgarishlar timsoli.

Har holda, mening hayotimda shunday edi.

Dadam uchib ketgan o‘sha samolyot hamon yodimda. O‘shanda oyim bilan uni aeroportda kuzatib qolganimizda, bu reys ham u uchun, ham bortdagi yana ikki yuz kishi uchun so‘nggisi bo‘lishini xayolimizga ham keltirmagandik.

Oradan o‘n yil o‘tib, onam o‘gay otamga turmushga chiqayotgan kuni hovlimiz ustidan pastlab uchib o‘tgan samolyot ham esimda.

Va onam bilan o‘gay otamni yangi ish joyiga olib ketgan o‘sha samolyotni ham unutganim yo‘q. Men esa ularning ortidan poezdda kelganman, chunki dunyoda hamma narsadan ham ko‘ra uchishdan ko‘proq qo‘rqardim. O‘sha kuni men o‘zimga tanish bo‘lgan butun hayotimni ortda qoldirdim. Buvimni, do‘stlarimni, maktabimni, hatto o‘gay otam olib ketishga ruxsat bermagan sevimli mushugimni ham...

Eng yomoni — dadamni ham o‘sha yerda qoldirdim. Ilgari har oy buvim bilan uning qabrini ziyorat qilardik. Onam ham borardi... toki o‘gay otamni uchratmaguncha.

Samolyot botayotgan quyosh nurlaridan yulqinib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Nihoyat quloqlarimga dvigatellarning bo‘g‘iq guvullashi eshitildi. Men uning uyimiz ustidan qanday uchib o‘tishini suratga olish uchun telefonimni tutgancha balkondan tashqariga engashdim.

Xo‘sh, bu samolyot haqiqatan ham o‘zgarishlar darakchisimidi yoki shunchaki ichki sezgimmi? Balki, bu mening hayotimni o‘zgartirishga bo‘lgan kuchli xohishimdir?

Bilmasdim.

Shunchaki tasodifan kamerani ro‘paradagi uyga qaratdim va botayotgan quyoshning alvon nurlari derazalarda naqadar go‘zal aks etayotganini ko‘rib qoldim. "Hozir buni videoga olaman, montaj qilib, chiroyli musiqa qo‘yaman — Tik-tok sahifam uchun ajoyib video bo‘ladi", deb o‘yladim.

Kamerani ohista o‘ngga burib, shishalardagi quyosh jilolarini muhrlay boshladim. Biz ko‘chib o‘tgan turar joy majmuasi yangi edi — shaharning deyarli chekkasida, o‘rmon-park zonasiga yaqin joylashgan, tinchgina "yotoqxona" tumani. Binolar bir-biriga shunchalik yaqin qurilgandiki, bemalol derazadan derazaga baqirib gaplashish mumkin edi.

Kamera chapga sirg‘aldi. Yana biroz chapga, yana...

Va birdan ro‘paradagi balkonlarning biriga ko‘zim tushdi-yu... kutilmagan hodisadan nafasim ichimga tushib ketib, qotib qoldim.

O‘sha balkonda yelkalari keng, beligacha yalang‘och bir yigit turardi. Egnida faqat jinsi shim, chap qo‘li esa rang-barang tatuirovkalar bilan butkul qoplangan edi. Qaddi-qomati baland, sochlari to‘q malla, yuzi esa ancha kelishgan. Har holda, uzoqdan shunday ko‘rinardi — uylarimiz orasidagi masofa chamasi o‘n besh metrlar kelardi. Kamera tasvirni yaqinlashtirsa-da, mayda detallargacha aniq ko‘rishga imkon bermasdi.

Ehtimol, telefonni darrov tushirishim kerak edi, biroq bunga kuchim yetmadi. Dunyoni unutgancha, ekran orqali unga tikilib qolgan edim.

Nega u bunchalar jozibali? Qorin mushaklari bo‘rtib chiqqan, bilaklari esa baquvvat... Shubhasiz, u juda kuchli.

To‘satdan balkonda sarg‘ish sochli bir qiz paydo bo‘ldi. Egnida faqatgina sonlarini yopib turgan katak-katak ko‘ylak bor edi, xolos. Ko‘rinishidan bu erkaklar ko‘ylagi bo‘lib, o‘sha yigitniki edi. Qizga u juda yarashgan — xuddi romantik filmlardagi qahramon qizlar tunni yigitining uyida qolib, ertalab uning kiyimini kiyib olgan sahnalariga o‘xshardi. Ham e’tiborsiz, ham nihoyatda ehtirosli ko‘rinish.

Yigit egalik hissi bilan qizni bo‘sh qo‘li bilan belidan o‘ziga tortdi va lablaridan bo‘sa oldi. Qiz ham shu zahoti unga talpindi va qo‘llari bilan yigitning yelkalaridan mahkam quchoqlab oldi.

Ular xuddi film suratga olish maydonchasidagi aktyorlardek nihoyatda ehtirosli va olovli o‘pishishardi. Men esa labimni tishlagancha ularni kuzatardim. Yuragim nega bunchalik dukillab urayotganini o‘zim ham tushunmasdim.

Balki, o‘sha qizning o‘rnida bo‘lishni xohlab qolgandirman? Mening ham bo‘sam shunchalik romantik bo‘lishini — shafaq paytida, menga oshiq bo‘lgan kelishgan va baquvvat yigit og‘ushida o‘tishini istagandirman?

Notanish yigit ikkinchi qo‘lini qizning uzun sochlari orasiga yashirdi. Bo‘ynidan o‘pib, qulog‘iga nimadir deb pichirladi, qiz esa qah-qah otib kulib yuborgandek bo‘ldi. So‘ngra yigit kutilmaganda men tomonga o‘girildi-da, qo‘l siltadi. Ular meni ko‘rib qolishgan edi!

Shunchalik dovdirab qoldimki, o‘zimni darrov xonaga urib, devor panasiga yashirinishdan boshqa chora topolmadim. Yuzlarim olovdek yonar, xayollarim esa ostun-ustun bo‘lib ketgandi.

Xudoyim, u hammasini ko‘rdi! Naqadar uyat! Nega ham ularni videoga olib turdim-a?!

Derazasi qo‘shni uyga qaragan xonamga yugurib kirdim-da, parda ortidan ehtiyotkorlik bilan mo‘raladim. Ammo balkonda endi hech kim yo‘q edi. Tatuirovkali yigit va o‘sha sarg‘ish sochli qiz ichkariga kirib ketishgan edi. Men esa o‘zimni karavotga otdim va lablarimni tishlagancha, videoni montaj qilishga kirishdim.

Samolyot haqiqatan ham kutilajak o‘zgarishlar darakchisi ekan.

Faqat o‘shanda men buni hali bilmasdim.

O‘sha oqshom derazadan necha bor mo‘raladim, biroq balkonda boshqa hech kim ko‘rinmadi.

U xonadonning derazalari esa hamon qorong‘u edi.

Y/n

Kechqurun, shaharni quyuq oqshom havosi qoplaganida, ko‘chaga chiqishimga to‘g‘ri keldi — oyim qo‘shni uydagi supermarketdan biror narsa olib kelishimni so‘radi. Qiziqarli kitobni yopib, kiyinishga majbur bo‘ldim.

— Qaytimini o‘zimga olaman! — eshikni yopishimdan oldin oyimga baqirdim-da, qanday muzqaymoq olishni o‘ylab, lift sari yugurdim. Pastga tushib, hovlini kesib o‘tdim va do‘konga yetishimga bir necha qadam qolganida, to‘satdan nimaningdir ayanchli chuvillashini eshitib qoldim.

Taqqa to‘xtab, quloq tutdim. Ovoz yana qaytarildi — bir marta, yana va yana... Bu tovush go‘yo yuragimni pichoq bilan tishlayotgandek bo‘ldi. Atrofga xavotir bilan ko‘z yugurtirib, chiqindixonaning yonida turgan qutini payqab qoldim. Yoniga cho‘kkalab, qutini ochdim. Ichida shaftoli rangli kichkina mushukcha yotardi. Hali juda nimjon. Hattoki miyovlashga ham majali yo‘q — qo‘rqqanidan faqat piqillab ovoz chiqarardi.

— Mittivoy, seni kim bu yerga tashlab ketdi? — pichirladim mushukchani ohista silab. Yonida tirik jon borligini sezib, u tinchlandi va ishonch bilan mo‘ralab qaradi. Ko‘zlarimga beixtiyor yosh keldi.

— Qo‘rqma, kichkinoy, qo‘rqma...

Xudoyim, uni kim bu ahvolga soldi? Qanday qilib qo‘li bordi ekan? Endi nima qilaman? Men jonivorlarni juda yaxshi ko‘rardim va ularning yonidan shunchaki o‘tib keta olmasdim. Agar hozir o‘z shahrimda bo‘lganimda, hech ikkilanmay uni uyga olib ketgan bo‘lardim. Avval buvimnikida asrab, keyin yaxshi qo‘llarga topshirardim. Ammo hozir uydamasman, o‘gay otam esa mushukchani hatto bir kunga ham qoldirishga ruxsat bermaydi — yungga allergiyasi borligini aytadi. Shuning uchun uning uyida hayvonlarga o‘rin yo‘q. Hechqisi yo‘q, maktabni bitiraman-u, bu yerdan qochib ketaman. O‘z uyimda yashayman.

Qo‘limni tortgan edim, mushukcha ketib qolishimdan qo‘rqib yana piqillay boshladi. Ichim achishib, rahmi kelib ketdi.

— Seni tashlab ketmayman, mittivoy, — dedim ohista, chora izlab. — Uni ichirib-yedirish kerak. Yo‘l-yo‘lakay hayvonlar do‘koniga kirib, har ehtimolga qarshi bit va qurtlarga qarshi dori olishim lozim. Kartamda yangi telefon uchun yig‘ib yurgan pullarim bor edi. Mushukchani uyga olib kirib, yashirib qo‘yaman va tezda unga yangi egasini qidiraman.

— Seni o‘zim bilan olib ketaman, karavotimning tagida yashaysan, — dedim mehr bilan qutini ko‘tarib. — Eng muhimi, seni oyimga ko‘rsatmasdan olib o‘tish...

— Olib ketmoqchimisan? — to‘satdan ortimdan ovoz eshitildi. Qo‘rqib ketganimdan sapchip tushdim, quti qo‘limdan tushib ketishiga bir bahya qoldi.

— Nima? — keskin o‘girildim.

Ro‘paramda o‘sha — balkonda ko‘rgan yigitim turardi. Bu gal yolg‘iz, sarg‘ish sochli dugonasisiz. Lekin qo‘liga zanjirini mahkam o‘rab olgan vajohatli, baquvvat itini yetaklab olgan. Egnida jinsi shim va boshiga kapişonini ilib olgan qalin ko‘ylak (tolstovka).

Yaqindan qaraganda, u uzoqdagidan ham kelishganroq va vahimaliroq ko‘rinar ekan.

JeyKey (Jeon Jungkook)

To‘q rangli sochlari chakkalarida kalta qilib olingan, tepa qismi esa uzunroq qoldirilgan edi. Kelishgan yuz tuzilishi: yaqqol bo‘rtib chiqqan iyak chizig‘i, qirg‘iy burun, keng peshona... Qoshini chandiq kesib o‘tgan. Qulog‘ida esa zirak. Balkondan qarab buni payqamagan ekanman.

Tashqi ko‘rinishida ortiqcha nazokat yoki muloyimlikdan asar ham yo‘q, aksincha, undan sheryuraklik va kuch ufurib turardi. Buning ustiga, u men o‘ylagandan ham balandbo‘yroq ekan. Baquvvatroq. Kattaroq.

Notanish yigit xuddi harsangtoshdek tepamda qaqqayib turardi. U menga og‘ir, qilt etmas nigohini qadadi — nigohlari o‘ta diqqatli va yoshi kattalarga xos edi. Men esa unga pastdan yuqoriga angrayib qaragancha, nima deyishni bilmay qolgandim.

— So‘rayapman, olib ketmoqchimisan? — takrorladi u. Ovozi bo‘g‘iq va past, ammo salobatli edi. Xuddi ancha yoshni yashab qo‘ygan odamning ovozidek.

— Bilmadim, — dovdirab qoldim.

— Bilmasang, unda men olaman, — dedi-yu, to‘satdan qutini qo‘limdan yulqib oldi. O‘girilib ketmoqchi edi, biroq men yo‘lini to‘sib chiqdim.

— To‘xta! — jahlim chiqib baqirdim. — Ichida mushukcha bor, qaytar!

— Bilaman. Yoki meni bo‘sh qutilarni yig‘ib yuribdi, deb o‘ylayapsanmi? — piching bilan so‘radi yigit.

— Seni kim deb o‘ylashni ham bilmayman, — qoshlarimni chimirdim. — Qara, sening iting bor-ku, mushukchani nima qilasan?

— Senga-chi, senga nima uchun kerak? — u savolimga savol bilan javob qaytardi.

— Mening itim yo‘q.

— Tasanno, ajoyib vaj bo‘ldi.

It go‘yo u haqida gapirayotganimizni tushungandek, menga sinovchan tikilib vovullab yubordi. Mushukcha o‘sha zahoti chirillab piqillay boshladi, yigit esa qutining ichiga qarab, sovuq tirjaydi.

Bam

— Tushlik, tinchlan.

— Kimning tushligi? — ko‘nglim yomon narsani sezib so‘radim.

— Buning, — yigit itiga ishora qildi. U ustimdan kulyaptimi?!

— To‘xta, tushunmadim. Mushukchani nima qilmoqchisan o‘zi? — g‘azabim qaynab so‘radim. Boyagi uyatdan asar ham qolmadi — endi faqat jahl o‘ti yonardi. Qahrim kelsa, men o‘sha yuvosh va tortinchoq qizaloqdan tiliga erk beradigan, vajohatli bir kimsaga aylanib qolardim.

— Tushlikka beraman, eshitmadingmi? Yo‘lingdan qolma, — buyruq ohangida dedi yigit.

U meni aylanib o‘tmoqchi bo‘ldi, biroq men yo‘lini to‘sib, qo‘llarimni ikki yonga yoyib oldim.

— Ketmayman. Mushukchani ber, qonxo‘r! — qaysarlik qildim.

U qora qoshini kerdi.

— Sog‘misan o‘zi, kichintoy? Yo‘ldan qoch, dedim. Yoki boshingda g‘alva bo‘lishini xohlayapsanmi?

— G‘alvani sen xohlayotganga o‘xshaysan, — tilimga erk berdim. — Mushukchani ber, u tirik jon, o‘yinchoq emas. Uni ovqatlantirish, isitish kerak.

Yigit barmoq bo‘g‘imlari bilan lablarini artib, to‘satdan menga shunday yaqin egildiki — xuddi o‘pmoqchidek. Undan arang seziladigan qahva va mentolning o‘tkir hidi kelardi. U ko‘zlarini qisib so‘radi:

— Qo‘rqmayapsanmi?

— Kimdan? — pishqirdim men. — Sendanmi? Yo‘q.

— Qo‘rqishing kerak edi.

— Unchalik ham vahimali emassan-ku, og‘ayni, — dedim-u, o‘zimning haddan oshgan surbetligimni anglab tursam-da, uning yelkasiga qoqib qo‘ydim.

Qo‘lidagi mushaklari po‘latdek qattiq edi. Xayolimdan: "Bunday qo‘llar bilan faqat o‘tin yorish kerak. Yoki Xalkka o‘xshab nimtalab tashlash..." degan o‘y o‘tdi.

U chandiqli qoshini kerdi.

— Rostdanmi?

— Rostdan.

Qutini tortib olishga urindim, biroq uddalay olmadim — albatta, u bunga yo‘l qo‘ymadi. Kuch-quvvati to‘lib-toshgan-u, aqldan ozroq qisilgan ko‘rinadi. Mushukcha yana chirilladi, yigitning vahimali iti esa norozi g‘o‘ldiradi. Egasiga tegishayotgani unga xush kelmadi.

— Qiziq qiz ekansan, — dedi yigit jilmaymasdan. Go‘yo bir haqiqatni tasdiqlagandek. Va bu haqiqat unga unchalik ham yoqmayotgan edi.

— Qiziqlari sirkda bo‘ladi, masxarabozlar. Sendan yaxshilikcha so‘rayapman — mushukchani ber! Men unga ega topaman.

— Men topib bo‘ldim. O‘zim. Men uning egasi bo‘laman. Yo‘ldan qoch va endi hech qachon menga qo‘l tekkizishga jur’at qilma, — u shunday ohangda dediki, ich-ichimdan sovuq o‘tib ketdi. — Birinchisiga kechirdim.

— Ikkinchisiga-chi? — deya dars ketib so‘radim.

— Ikkinchisi bo‘lmaydi. Bam, yonimga! — buyurdi yigit. Bir necha qadam yurib, to‘xtadi va dedi: — Keyingi safar menga bunchalik ochiqcha tikilma. Bo‘lmasa, meni istayapsan, deb o‘ylay boshlayman.

Ustimdan muzdek suv quyib yuborishgandek bo‘ldi. U ham meni tanigan ekan!

— Osmonga yetib qolmabdimi? — so‘radim sovuqqonlik bilan. Uning ko‘zlarida shaytonvachchalar o‘ynadi.

— Nima haqida gapirayotganingni so‘rashga ham qo‘rqaman, — masxaralab javob berdi u.

— Dimog‘ing haqida. Ko‘kni teshgan bo‘lsa kerak, — zarda bilan pishqirdim.

— Tubga tushgandan ko‘ra ko‘kni teshgan afzal, to‘g‘rimi, qizaloq?

— Senga qanaqa qizaloqman? Tilingga qarab gapir, yigitcha.

— Mening tilimga sen ham balkondan yomon qaramayotgan eding. Uzr, sen bilan qaytarmayman. Senga o‘xshaganlar mening didimdagi emas.

— Xuddi menga senga o‘xshagan lankalar yoqadigandek, — g‘azabim qaynab baqirdim.

— Mening rasmimni tarmoqqa joylasang — telefoning bilan xayrlashaver. Ogohlantirib qo‘yay. Faqat shaxsiy tomosha uchun. Marhamat, zavqlan.

Bu gaplar shunchalik kamsituvchi ohangda aytildiki, barmoqlarim o‘z-o‘zidan musht bo‘lib tugildi. U esa mening mushukchamni ko‘targancha, o‘zining yo‘lagi tomon ketdi. Bir marta ham o‘girilib qaramadi-ya, nusxa! Kelishgan bo‘lgani bilan nima foyda? Fe’l-atvori shunchaki daxshat, o‘ziga bino qo‘yishini aytmaysizmi! Ishqilib, bu devqomat mushukchaga biror zarar yetkazmasin-da.

— Seni kuzatib turaman! — deb baqirdim uning ortidan. — Mushukchaga biror gap bo‘lsa, senga tamom bo‘ladi, ahmoq!

Uning o‘girilishini kutib o‘tirmay, do‘kon tomonga qarab chopdim.

Uyga qaytgach, birinchi bo‘lib o‘z xonamga kirdim-da, deraza oynasiga uchta A4 formatidagi qog‘ozni yopishtirdim. Har birida bittadan so‘z yozilgan bo‘lib, ular qisqa bir jumlani tashkil qilardi: «Mushukni qaytar, lanka!» Men uni kuzatayotganimni bilsin. Bo‘shashmasin.

Butun oqshom — kechki ovqat paytida ham, dushda ham, hatto o‘rnimga yotganda ham xayolimda faqat u bo‘ldi. Bir necha bor turib, uning derazalarini tekshirdim — u yerda chiroq yonmas edi.

Ertaga birinchi sentyabr ekani emas, balki o‘sha xonadonda u yolg‘iz emas, balki ma’shuqasi bilan yashashi mumkinligi haqidagi o‘y bilan ko‘zim ilindi. Negadir bu fikr dilimni g‘alati xira qilayotgan edi.

Y/n