December 20, 2025

𝗕𝗟𝗔𝗖𝗞 𝗛𝗘𝗔𝗥𝗧

1-qism

.

Kora tush ko‘rayotganini bilardi.

Osmono‘par binoning tomidan ochilgan betakror manzara Korani junjiktrib yubordi. Uning yonida unga hamma narsani bergan bir erkak turardi, ammo yuzi soya ichida yashiringan edi.

— Bu yer juda chiroyli, — dedi Kora.

Katta shaharning chiroqlari qora baxmal tun ichida qimmatbaho toshlardek yaltirardi. Butun dunyo uning oyoqlari ostida yotgandek edi.

— Bularning bari meniki, — deb javob berdi Jungkook.
— Ko‘rayotganingning hammasi menga tegishli.

Koraga qizil ko‘ylak kiygizilgan, oyoqlarini ingichka tasmalari bilan o‘rab turgan baland poshnali tuflilar oyog‘ida edi. Bilaklarida kumush bilaguzuklar, soch tutamini qulog‘i ortiga qaytarganida esa barmog‘idagi uzuk qizil rangda yalt etib ketdi.

— Hammasimi? — dedi u, o‘zini tutib, karnizga suyangancha.

Avvalgi Kora — viloyatdan kelgan, sodda qiz Kora — hech qachon bunday dadil bo‘lmagan bo‘lardi. Avvalgi Kora — uyatchan, bokira, muloyim va haddan tashqari sodda edi.
Avvalgi Kora o‘lgan edi.

Jungkook unga yaqinlashar ekan, uning qadamlari aks-sado berardi.

— Hammasi, — dedi u. Uning kulrang ko‘zlari atrofida mayda ajinlar paydo bo‘ldi.

U Korani sonlaridan ushlab, qirraga ko‘tardi. Kora kulib yubordi. Uning qarshisida u sevgan odam turardi. Orqasida esa qorong‘i bo‘shliq — cheksiz jarlik.

— Jungkook. — Kora uning keng yelkalaridan mahkam ushladi. Shamol uning kiyimlarini hilpiratar, oltinrang sochlarini to‘lqinlantirardi.

U Korani bilaklaridan tutib, qo‘llarini orqasiga qayirdi.

— Menga ishonasanmi?

— Ha, — deb pichirladi u. Barmoqlarini qimirlatdi. Uning nikoh uzugidagi granat toshi yaltirab ketdi.

Jungkook unga yaqinlashdi, go‘yo uni o‘pmoqchidek. Kora yuzini uning yuziga yaqinlashtirdi…

…va u Korani karnizdan itarib yubordi. Kora unga qo‘llarini cho‘zdi, uchib borayotgan tanasi atrofida ko‘ylagi hilpirardi, Jungkook esa tobora uzoqlashib borardi.

Qorong‘ulik uyg‘ondi, uni o‘rab oldi va yutib yubordi. Shahar chiroqlari bosh aylantiruvchi kaleidoskopday aylanardi. Birin-ketin chiroqlar o‘cha boshladi va Kora zulmatga g‘arq bo‘ldi.

Kora cho‘chib uyg‘ondi. Jungkook uning yonida yotardi, qora sochli boshini yostiqqa qo‘ygan, ko‘z ostidagi soyalar uyqudan qorayib ketgandi. Uni ko‘rishning o‘ziyoq Korani mustahkamladi, bosh aylantiruvchi tuyg‘ularni, vaznsizlik hissini yerga bog‘ladi. Ko‘zlarini yumsa ham, u hanuz qulayotgandek edi.

Yostiqni to‘g‘rilab, Kora qulayroq joylashdi. Jungkookning qorong‘i yotoqxonasida u xavfsiz edi.

Hamma narsadan — faqat undan boshqa.

**

Uch oy avval…

Kora kichkina Mino bilan birga rasm chizib o‘tirgandi, qo‘shni xonada esa uning ota-onasi yana janjallasha boshladi. Yana o‘sha holat.

— Axir bilasan-ku, men bu axlatdan nafratlanaman, Soyun. Nega men u yerga borishim kerakligini tushunmayapman.

— Balki shuning uchundirki, yirik ishni yutib chiqqan firmamdan keyin erim meni qo‘llab-quvvatlashini kutayotgandirman?!

Kora telefonini olib, Mino eng yaxshi ko‘radigan musiqani yoqdi. U atigi uch yoshda va kamdan-kam tutqanoqlari bo‘lmasa, juda shirin bola. Ota-onasining past ovozda gaplashishni bilmasligi — uning aybi emas.

Telefonining hayratlanarli darajada kuchli karnaylaridan “Men quyosh nuri bo‘ylab yuribman” qo‘shig‘ining ilk ohanglari yangradi va qo‘shni xonadagi ota-onalar dramasini bosib ketdi.

— Monsterlar bilan dumalash vaqti keldi! — dedi Kora Minoni stuldan ko‘tarib, havoga otar ekan.

Oh… bu ish tufayli u qorni va qo‘llarini rosa chiniqtirib yuborgan ekan.

Mino kulib yubordi va Kora yengil tortib nafas oldi. Chalg‘itish usuli ish berdi.
U Minoni o‘yin xonasining o‘rtasida polga yotqizdi, bola esa darhol orqasiga cho‘zilib, qulay holatni egalladi. Kora uning atrofidagi o‘yinchoqlarni surib chiqdi — u dumalab ketganda sochilib yotgan kubiklar va lego bo‘laklari bilan o‘ziga zarar yetkazmasligi uchun.

— Kora ham monsta bilan dumalasin, — deb talab qildi u, lekin “r” harfini ayta olmagani uchun bu “Kova monsta bilan dumalasin” bo‘lib eshitildi.

Kora lablarini chimirib, go‘yo bu gap ustida jiddiy o‘ylayotgandek bo‘ldi, keyin esa kulimsirab, uning yoniga polga yotdi.

— Tayyormisan? — deb so‘radi u.

— Ha!

— Unda xo‘p. Biiiiiir… ikkkiii… uuuuch! Dumalaymiz!

Ular ikkisi birga pol bo‘ylab dumalay boshlashdi. Xonani darhol kulgi bosdi. Kanglar oilasi Seulning eng nufuzli hududida yashardi, ularning o‘yin xonasi esa juda katta edi. Ular Kora kabi enagani yollashga bemalol qurblari yetardi — demak, bank hisoblarida muammo yo‘q. Afsuski, pulga baxt sotib olib bo‘lmaydi.

Mino oxiri devorgacha yetib bordi, Kora esa dumalashda davom etib, oxir-oqibat uning tanasiga borib urildi.

— Voy-voy! To‘qnashuv! Bu nimani anglatishini bilasanmi?

Kora uni qitiqlay boshlaganida, Mino qiyqirib yubordi.

— Sen qutulib chiqib, yana dumalashing kerak. Boshqa yo‘li yo‘q!

U uni shunday siljitdiki, Mino uning ustidan oshib o‘tib, narigi tomonga chiqib olishi mumkin bo‘ldi. Kichkintoy Mino yon tomonga dumalab ketdi.

— Baribir tutolmaysan. Meni quvla, Ko-va!

— Oh, hozir kelaman. — Kora unga ataylab biroz ustunlik berdi, keyin dumalab ketdi. Qancha ko‘p harakat qilsa, shuncha uzun malla sochlari statik elektrdan g‘ichirlab ketardi.

Mino bir dumaloqni tugatib, boshqasini boshlayotganda, eshik oldida turgan qiyofani ko‘rib, qichqirib yubordi.

— Dada! — deb baqirdi Mino. — Dadajon, biz bilan olly monsta o‘ynang!

Kichkintoy Kang Mino

Kora ko‘tarilib ketgan ko‘ylak etagini tortib tushirdi va o‘rnidan turdi.

Janob Kang unga qarab turardi, o‘g‘liga emas. U qirqlar atrofida, me’mor, doim chiroyli kiyingan va saranjom, faqat soch uchun gelni haddan tashqari ko‘p ishlatadi. Qo‘lida bir stakan viski bor edi.

— Aftidan, bugun baribir bo‘sh kechang bo‘ladi. Men hech qayerga bormaslikka qaror qildim.

— Oh… — Kora ko‘z qisib oldi. — Rahmat.

Bir necha kun oldin u dam olish kuni so‘ragandi. Har kuni Mino bilan boradigan bog‘da tanishib qolgan enaga dugonalari uni sayrga taklif qilishgandi. Ammo Kang xonim rad etgan edi — firmalarida bugun bayramona kechki ovqat bo‘lishi kerak edi. Ko‘rinishidan, janob Kang hozirgina undan voz kechgan. Voy… Ishga qanchalik muhtoj bo‘lmasin, ba’zan oilaviy hayot juda g‘alati bo‘lib ketardi.
Ammo u kim o‘zi, oilaviy hayotni baholashga? U bilan onasi — oilaviy hayotda omad kelmaganlarning haqiqiy “olimpiya chempionlari”.

— Dada. Dada! — Mino yugurib kelib, janob Kang shimining etagidan torta boshladi. — Yuring, o‘ynaymiz.

Kora nigohini Minodan janob Kangga ko‘chirdi. U doim Koradan o‘zini Sanho deb chaqirishni so‘rardi, lekin u baribir “janob Kang” deyishni afzal ko‘rardi.

— Hammasi joyida bo‘ladimi? — deb so‘radi u, ko‘zlari bilan eshik tomonni ko‘rsatib. Janob Kang buni payqab, viskidan bir ho‘plam ichib, qoshlarini chimirdi.

— Bor. Xursand bo‘l. Sen yoshsan. Ba’zan dam olish ham kerak. — Uning ohangi Korani seskantirdi. U to‘xtab, qo‘lini yuzidan o‘tkazdi. — Xudo haqqi, kechir meni. Rostdan ham. Men Minoni o‘zim uxlataman. — U charchoq bilan kulimsiradi. — Rasman bugun ishdan ozodsan.

Kora boshini qimirlatdi.

— Rahmat. Men buni juda qadrlayman.

Shaharga kelganiga olti hafta bo‘lgan edi, shu vaqt ichida u deyarli faqat ishladi — aniqrog‘i, Mino bilan vaqt o‘tkazdi.
U kichkina bolani qanchalik yaxshi ko‘rmasin, shaharga kelishining sababi boshqacha edi: yaxshiroq yashash, dunyoni ko‘rish va do‘stlar orttirish.

Erkin yashash.

Kora Minoning peshonasidan o‘pdi.

— Ertaga ko‘rishamiz, mahluqcha.

Mino g‘o‘ldirab, g‘azablangan ovoz chiqardi, Kora esa xuddi shunday javob qaytardi.

U telefonini olib, shoshilinch xonadan chiqdi va zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilib, dush qabul qilish va tayyorgarlik ko‘rish uchun yo‘l oldi.
Xonasiga yetib kelgach, Kora Hannaga xabar yozdi:
«Bo'ldi bugun kechqurun boraman!»

Bir necha daqiqa o‘tdi, keyin Hanna javob yozdi:
«Soat 10 da “Stiks”da uchrashamiz».

O‘n? Odatda u soat o‘nda uxlab qolardi. Mino esa so‘nggi bir necha kundan beri tonggi soat besh yarimda uning ustiga sakrashni odat qilgandi.

Kora telefon ekranida bosh barmoqlarini no‘noq harakatlantirdi. Tengdoshlaridan farqli o‘laroq, u bolaligidan telefon bilan “yopishib” o‘smagan edi. Kora texnika mo‘jizalariga endigina ko‘nikayotgandi. Ular yashagan fermada hatto televizor ham yo‘q edi. Internet yoki uyali telefon haqida gapirmasa ham bo‘lardi. Yo‘q, onasi tashqi dunyodan kimdir qizini buzishiga aslo yo‘l qo‘ymasdi.

Kora jahli chiqib boshini chayqadi va xabarni yuborish tugmasini bosdi:
«Zo‘r. U yerda ko‘rishamiz».

U yana musiqani yoqdi — Kichintoy Minoning pleylisti o‘sha-o‘sha edi. Smash Mouth’ning “All Star” qo‘shig‘i yangradi.

O‘tmishni qo‘yib yuboradi. U endi fermada yashamaydi. U katta shaharda. Mustaqil hayot kechiryapti. Unda ish bor, uyali telefoni bor, do‘stlari bor va shahar bag‘rida o‘tkaziladigan tun bor. Hayot aynan shunday bo‘lishi kerak.

Kora musiqa ohangiga boshini qimirlatdi. Keyin belini. So‘ng xonada raqsga tushib, qo‘llarini keng yozgancha kulib yubordi.

U erkin.

Bugun kechqurun esa raqsga tushadi va balki kelishgan bir yigitni uchratib qolar. Butun dunyo uning oldida ochiq edi va u uni quchoq ochib kutib olishga tayyor edi.

Kim Kora

3 soat o‘tib

Qanday qilib hammasi bu qadar tez izidan chiqib ketdi? Klub chiroqlari aqldan ozgandek aylana boshlaganida, Kora qo‘lini boshiga qo‘ydi. U boshini chayqab, shovqinli olomon ichida holsiz va boshi g‘ira-shira bo‘lib, gandiraklab qoldi.

Hanna. U Hannani topishi kerak. Yoki Yeoni.
Bugun ularning divanida tunab qolsa bo‘ladimi, deb so‘rashi kerak edi.
Chunki u uyga qayta olmasdi.
Ha. Uyga. Qanday bema’ni so‘z.
Bu joy hech qachon uning uyi bo‘lmagan. Endi esa u butunlay qayta olmasdi.
Ayniqsa Sanho zinaning pastida uni poylab turganidan va dugonalari bilan uchrashuvga ketmoqchi bo‘lganida unga yopishganidan keyin.

Uy qorong‘i edi, Mino uxlayotgan, Solyun esa hanuz banketda edi.

Darrov ma’lum bo‘ldi — Sanho mast.

U foye devoriga suyanib turardi va chiqish eshigini to‘sib, Korani chiqarmaslikka urinardi.

— Sen juda go‘zalsan, Kora. Menimcha, endi yolg‘on o‘ynashni bas qilish vaqti keldi.

Kora uni chetlab o‘tib, eshikka yetishga harakat qildi.

— Men ketishim kerak, janob Kang. Do‘stlarim kutyapti.

— Sanho, — dedi u qo‘lini uning orqasidagi devorga urib, Korani burchakka tiqib. — Necha marta aytishim kerak? Shunchaki Sanho.

Uning og‘zidan nordon viski hidi kelardi. U qo‘lini uzatib, Korani yuzidan silamoqchi bo‘ldi, ammo Kora qo‘lini itarib yubordi.

— To‘xtang! — dedi u ishonchsizlik bilan pichirlab. — Nima qilyapsiz? Sizning xotiningiz bor! Yana chiroyli, kichkina o‘g‘lingiz ham!

Ammo u butun gavdasi bilan Korani o‘ziga bosdi.

— To‘xtay olmayman. Seni sevaman, Kora. Sen meni aqldan ozdirding. Shu kichkina, baquvvat tanani ko‘rish… — U qo‘lini uning beliga qo‘yib, qattiq qisdi. — Dush shovqinini eshitdim va sen u yerda yalang‘och ekaningni bildim.

Kora qutulishga urindi, ammo u uni mahkam ushlab, devorga bosdi.

Sanho uni o‘pdi.

To‘g‘rirog‘i, lablarini uning lablariga bosib, qalin tilini uning lablari orasiga suqishga urindi.
Kora tizzasi bilan uning oldiga urib, uni itarib yubordi.

— Men ketyapman!
U qochib chiqdi — telefonini va lifchigiga tiqib olgan ozgina naqd pulni olib.

Va mana endi u shu yerda edi.

Faqat o‘zini “do‘stlar” deb ataydigan qizlarni topish uchungina kelgandi — ular esa unga deyarli e’tibor ham qaratishmadi. Barda yigitlar bilan noz-karashma qilish bilan haddan tashqari band edilar.

Kora ularga nima bo‘lganini tushuntirib berishga urindi. Hanna bir-ikki hamdardlik ohangida tovush chiqardi, keyin esa Kora ichib, hammasini unutishi kerakligini aytdi.

Kora Hannaga qaradi. U nimani kutgandi o‘zi? U bu qizlarni deyarli tanimasdi. Ular faqat bir necha marta bog‘da, qo‘llaridagi bolalar bilan bolalar maydonchasida o‘ynab yurgan paytda gaplashishgandi, xolos.

Kora bularning hammasini o‘z xayolida to‘qib chiqqan edi, chunki uning hech qachon haqiqiy do‘stlari bo‘lmagan. Suhbatlashib, birga aylanish mumkin bo‘lgan qizlarga ega bo‘lish — unga aql bovar qilmasdek tuyulgandi. Ammo bu qizlar uchun Kora hech kim emas edi. Do‘stlar va sevgililarga to‘la, allaqachon tig‘iz hayotlarida u shunchaki ko‘zga zo‘rg‘a tashlanadigan bir lahzalik chaqnash edi, xolos.
Shu bois, o‘ziga ishonchi yetmay, ularning biridan tunab qolish haqida so‘rashga jur’at etmadi. O‘ziga-o‘zi: buni kechroq so‘rayman, deb aytdi. Qolaversa, balki Hanna haqdir. Ehtimol, bugun biroz bo‘shashib, yaxshi vaqt o‘tkazish aynan kerakli narsadir. Balki hammasi u o‘ylaganchalik yomon emasdir.

Shuning uchun u bir yigit ichimlik olib berishiga rozi bo‘ldi — kitoblar va televizorda bo‘lgani kabi. So‘nggi olti hafta ichida u juda ko‘p narsani “o‘rganib ulgurgandi”… va raqsga tushishni boshladi.

Ammo, aftidan, yigit uning buyurtmasini noto‘g‘ri tushungan edi. U klyukva sharbati so‘ragan edi, lekin ichida, chamasi, spirt bor edi, chunki u o‘zini g‘alati his qila boshladi. Juda ham g‘alati.
U qoqilib ketdi va zo‘rg‘a muvozanatini saqlab qoldi — aks holda, o‘zini striptizchi, yigitni esa ustun kabi tutib, jozibali raqsga tushayotgan bir qizga urilib ketishi mumkin edi.

Kora telefonini topish uchun lifchigini paypasladi. Nega u barmoqlarini sezmayapti? Qo‘li go‘yo beso‘naqay, jonsiz bo‘lakka aylangandek edi.

Xo‘p, bu holat uni rostdan ham qo‘rqitdi. U endi hech qachon alkogol ichmaydi.

Nihoyat telefonini topganida, u qoshlarini chimirdi. Ko‘z oldida hammasi raqsga tushayotgandek edi. Chiroqlar ham. Juda yorqin. U yuzini burishtirdi va gandiraklab, olomon orasidan o‘tishga harakat qildi.

U Hannaga yozmoqchi. Balki ular eng yaqin dugonalar emasdir, lekin shaharda Kora biladigan yagona odam — shu qiz edi.

Kora yotib olishga muhtoj edi. Rasman olganda, bu kun haddan tashqari uzun bo‘ldi. Uni yakunlash kerak edi. Hozirning o‘zida.
U telefonni ochish uchun kerakli joylarga barmog‘ini uch marta sudrab ko‘rdi. Kora ko‘zlarini qisib, kichkina ekranga tikildi. U hanuz siljib, raqsga tushayotgandek edi. Qaysi ekran haqiqiy ekanini tushunish qiyin edi. U g‘alati, qisqargandek tuyulayotgan qo‘li bilan ekranga bosdi, ammo biror ishni to‘g‘ri qila olmadi.

U o‘zini bir vaqtning o‘zida ham telbadek, ham uyqu bosgandek his qilardi. Unga yordam kerak edi.

Nihoyat u SMS ilovasiga yetib bordi. Yengillikdan ko‘zlariga yosh keldi.

Ammo xabar yozishni boshlagan zahoti telefonni qo‘lidan chiqarib yuborib, yerga tushirib oldi.

— La’nati!

Klub poli qorong‘i jarlikka o‘xshab ketdi. U uni umuman topa olarmikan?..

— Hey, seni tanidim. Telefoningni tushirib yubordingmi? Men seni u yerdan ko‘rdim. — Qandaydir erkak uning yoniga egilib, telefonini olib berdi. Kora unga suyanib turishi mumkin edi.
U “rahmat” demoqchi bo‘ldi, ammo tili chigal bo‘lib, bu “rahmba”ga o‘xshab chiqdi.

Stroboskop chiroqlari chaqnaganida u yon ko‘zi bilan unga qaradi va yuzini burishtirdi. Shunga qaramay, bu o‘sha yoqimli yigit ekanini ko‘rib, biroz bo‘shashdi.

U unga ichimlik olib bermoqchi bo‘lgan, Kora esa faqat klyukva sharbati ichishini aytganda ham kulmagan, g‘alati qarab qo‘ymagan edi.

— Menimcha, men… — deb boshladi u, ammo atrof yana aylana boshladi.
Keyingi lahzada yoqimli yigit uni yelkasidan quchib, olomon orasidan olib chiqdi.

— Kel, seni hojatxonaga olib boraman, yuzingni yuvib olasan, — dedi u. — Dugonangga yozdim, u seni u yerda kutib oladi.

Kora bosh irg‘adi. Gapirish juda ko‘p kuch talab qilardi. Yurish ham haddan tashqari og‘irlashib ketgandi, ammo u o‘zini tutib, shu yoqimli odam yonida qoqilib ketmaslikka harakat qildi.
U Koraga yonida kuchli va mustahkam bo‘lib tuyuldi, shuning uchun u bor kuchi bilan unga suyanib oldi.
U boshini biroz ko‘tardi va yorug‘lik yana ko‘zini qamashtirdi. Bu endi haddan oshgandi. Juda ko‘p narsa bor edi. Musiqa miyasida go‘yo muz yoradigan bolg‘adek urardi. Unga sukunat kerak edi. Qorong‘ilik. Hatto onasining podvali bo‘lsa ham rozi edi.
Bu fikr sabab u tutqanoqdek yig‘lab yuboray dedi.

"— Qarang, men qanchalik uzoqqa keldim, oyi. Qarang, katta shahar haqiqatan ham siz aytganingizdek qo‘rqinchli ekan"

Yo‘q. Bu shunchaki yomon kun edi. U diqqatini oyoqlarini harakatlantirishga qaratdi. Avval bittasini, keyin boshqasini. Yiqilib ketmaslik uchun erkakka mahkam yopishib oldi.
Ular go‘yo butun bir abadiyat yurgandek tuyuldi. Nahotki hojatxonaga hali yetib kelishmagan bo‘lsa?
Nihoyat u yana ko‘zlarini ko‘tarishga jur’at etdi. Va ular yo‘lakda ekanini ko‘rib, qoshlarini chimirdi. U orqasiga qarab, yelkasidan oshirib ko‘z tashladi.
To‘xta… ular hojatxonadan o‘tib ketishgan edi-ku. U oyoqlarini tirab, to‘xtashga urindi. Unga bu yigit adashganini bildirish kerak edi.


— Tuaaa… — deb boshladi u, ammo erkak uni darhol bo‘ldi.

— Jim, tinchlan, kichkintoy. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Juda ham yaxshi.

Ammo uning ovozi qandaydir noto‘g‘ri eshitildi. Xuddi asabiylashgan, bezovta qilayotgan bolaga gapirayotgandek.

— Yo‘q. — Kora boshini chayqadi. Bu noto‘g‘ri edi. Bu yaxshi emas edi.

U qutulishga urindi, lekin erkak uning qo‘llarini qisqichdek mahkam qisib oldi va muloyim yetaklash o‘rniga, uni oldinga tortdi.

“To‘xta! Yordam bering!” — ichida qichqirdi u. Ammo tashqariga faqatgina past ovozli inqillash chiqdi, xolos.

U Korani klubning orqa eshigidan itarib chiqardi. Sovuq tungi havo minglab mayda ignalardek uning tanasini teshib o‘tdi va u nihoyat baqira oldi.

Ammo kech edi. Eshik ular ortidan ochilganiday tez yopildi.

— Og‘zingni yop, foxishacha, — dedi erkak cho‘ntagidan kalitlarini chiqararkan.

Yaqinroqda, tor ko‘chada qora mashina turardi va u brelok tugmasini bosishi bilan faralar yonib ketdi.

Yo‘q! Yo‘q, yo‘q, yo‘q!

Kora qarshilik ko‘rsatishga urindi. Xayolida u tishlari va tirnoqlari bilan kurashardi. Baqirardi, qo‘llarini siltab, tirnar edi.
Ammo tashqaridan qaraganda u deyarli qarshilik ko‘rsatayotgandek ham ko‘rinmagan bo‘lsa kerak — chunki o‘sha pastkash uning ozg‘in tanasini osonlik bilan ko‘tarib oldi. Uni mashinaning orqa o‘rindig‘iga, yuzini charm o‘rindiqqa qaratib tiqdi. Mashina eshigi qars etib yopildi.

U hatto Korani ushlab ham turmadi. Bunga ehtiyoj yo‘q edi.

Erkak gazni bosganida, shinalar chiyilladi. Kora o‘zini mutlaqo ojiz his qildi. Uni o‘rindiq suyanchig‘iga urib yubordi, mashina to‘xtaganda esa u oyoqlar qo‘yiladigan joyga uchib ketdi.

— Voy!

Ammo yo‘q. Og‘riq — bu yaxshi. Ko‘zini pirpiratib, Kora diqqatini jamlashga urindi.
U hushidan ketishga haqqi yo‘q edi. Ko‘rinishidan, u klyukva sharbatiga nimadir qo‘shib yuborgan.

Ahmoq. Qanday tentak!

U ichimlikni ko‘zidan qochirmagan edi. Hech bo‘lmasa, shunday deb o‘ylagandi. Ammo u ichimlikni barmendan olib, Koraga uzatgan edi. Agar u ayyor bo‘lsa, yo‘lda bokalga biror doza qo‘shib yuborishi juda oson edi.

U charchagan edi. Juda ham charchagan. Ko‘zini yumdi. Bir marta. Yana bir marta.

Mashina tezlashdi va siltanishdan ko‘zlari yana katta ochildi. La’nati! U deyarli uxlab qolayozganmidi?
U nima haqida o‘ylayapti o‘zi? Agar uxlab qolsa — o‘ladi. Uni zo‘rlashadi va o‘ldirishadi yoki onasi ogohlantirib kelgan dahshatli narsalarning barchasini qilishadi. Hammasi rostdan ham sodir bo‘layotgandi. Avval Sanho bilan, endi esa giyohvand modda berib, o‘g‘irlashdi… ey Xudo, ey Xudo…

Yoqimli mutola 💛💚💙