🦋 𝘚𝘦𝘳𝘦𝘯𝘥𝘪𝘱𝘪𝘵𝘺 🦋
Suho bilan bo‘lgan soxta uchrashuvim mojarosi ommaviy axborot vositalarining bosh mavzusiga aylanganiga ikki hafta bo‘ldi.
Direktor haq edi. Bu xabar SM aksiyalarini tushirish o‘rniga, aksincha kompaniyaning obro‘si va aksiyalarini yanada oshirdi. Uning biznes borasidagi sezgisi chindan ham kuchli ekan.
Ammo mening ahvolim buning aksi edi. Go‘yo kundan kunga ozib borayotgandim. Men va Suhoga odamlar oldida tez-tez birga ko‘rinish, ijtimoiy tarmoqlarda yozishish, niqobsiz tushlik va kechki ovqat qilish, hatto birga konsert tomosha qilish topshirildi.
Bularning bari meni juda noqulay ahvolga solib, qattiq bosim ostida qoldirdi.
Guruhdoshlarim qayta-qayta holimni so‘rashardi. Men esa har safar tabassum qilib, "Hammasi joyida", deb javob berardim. Lekin ular bunga ishonishmasdi. Shuning uchun meni xursand qilish uchun doim sevimli taomlarimni olib kelishar, ko‘nglimni ko‘tarishga harakat qilishardi.
Men faqat Seokjinni kuzatish uchun ochgan maxfiy ijtimoiy tarmoq akkauntimni yana ochdim. U qanday ekan? O‘zimni tiyolmay uni izladim. Muxlislarining hazilomuz izohlariga javob yozayotganini ko‘rib, beixtiyor kulib yubordim.
BTS endigina xorijdan qaytgani uchun aeroportdagi suratlari hamma joyda tarqalgan edi. Men esa beixtiyor Seokjinning yuzini izladim.
...U hamon avvalgidek kelishgan edi. Faqat chehrasida charchoq sezilib turardi. U ovqatlanyaptimikan? Yetarlicha uxlayaptimikan?
Keyin yana bir xabarga ko‘zim tushdi: BTS va Red Velvet ikki kundan keyin bir xil mukofotlash marosimida qatnasharkan.
Yana ikki kundan keyin uni ko‘raman...
Hammasini Jinga tushuntirishim kerakmi? U qanday munosabat bildirarkin? Keyin nima bo‘ladi? Men unga hech narsani izohlay olmayman.
Agar direktor bu mojaro haqida birovga gapirganimni bilib qolsa, albatta jazolanaman. Red Velvet ham bundan zarar ko‘radi. Men guruhimni muammoga duchor qila olmayman.
Boshim savollarga to‘lib ketgan. Juda charchadim...
Nihoyat, Jin va Irenening yana uchrashadigan kuni ham yetib keldi.
Bugun ular yirik telekanallardan birining mukofotlash marosimida ishtirok etishadi. BTS ham, Red Velvet ham tadbir davomida sahnaga chiqib chiqish qiladi.
Ertalabdanoq Irene juda hayajonda edi. U hech bo‘lmasa uzoqdan bo‘lsa ham Jinni ko‘rishni istardi.
Jin esa aksincha, Irenedan qochishga qaror qilgandi.
U hali ham uni ko‘rishga tayyor emas edi. Ayniqsa, endi Irene Suhoning sevgilisi ekaniga ishonganidan keyin.
U boshqa birovning sevgilisiga ko‘z tikadigan odam emas edi.
Kechga yaqin san'atkorlar qizil gilamga birin-ketin yetib kelishdi.
BTS Red Velvetdan oldinroq kelgandi. Ular qizil gilamdagi kichik sahnada intervyu berayotgan, Red Velvet esa sahna chetida o‘z navbatini kutayotgan edi.
— Irene tomonga beixtiyor qarab yubordim va ko'zlarimiz to'qnashdi. Yuragim hapriqib ketdi. Darrov nigohimni boshqa tomonga burdim.
Ammo kech bo'lgandi. Uning qiyofasi allaqachon xayolimga muhrlanib ulgurgan edi.
Bu yelkalari ochiq ko'ylakda naqadar go'zal ko'rinadi...
Uzun sochlari yelkasiga mayin to'kilib turardi. Faqat... ko'ylagi juda qisqa edi. Etagi sonining yarmigacha ham yopmasdi. O'zim ham sezmay, norozilik bilan qoshlarimni chimirdim.
— "Jin-ssi, muxlislaringizga biror narsa demoqchimisiz?" — boshlovchi meni chaqirdi.
— "ARMY, havo soviyapti. Kasal bo'lib qolmaslik uchun issiq va qulay kiyim kiyinglar," — dedim.
Gapimni eshitganlar kulib yuborishdi.
— "Demak, Jin-ssi tashqarida kutayotgan muxlislaringiz uchun juda qayg'urar ekansiz."
— "Albatta," — jilmaydim. — "Ularning kasal bo'lishini istamayman."
Ich-ichimdan esa: Joohyun ham ustidan biror narsa kiyib olsa edi... deb umid qilardim.
Fotosessiya tugagach, zal ichiga kirish uchun yo'l oldik. Zinadan tushayotganimizda ularning guruhi bilan ro'baro' keldik. O'zaro ta'zim qilib salomlashdik.
Men uning ko'zlariga qarashga jur'at eta olmadim. U menga tikilib turganini his qilsam-da, boshimni egib o'tib ketdim.
Mayli, qo'rqoq deyishsin. Agar ko'zlariga qarasam, o'zimni bosolmay qolishim mumkin edi. Hatto uni to'xtatib, hammasiga izoh berishini so'rab yuborishim ham hech gap emas.
Birinchidan, boshqa birovning munosabatiga aralashadigan odam emasman.
Ikkinchidan, BTS nomiga yana bir mojaro orttirishni ham, a'zolarim mening xatolarim sabab aziyat chekishlarini ham istamayman.
Uchinchidan... men undan xafaman.
U menga biror marta ham aniq javob bermadi. Nega menga umid uyg'otdi? Rostdan ham uni bunday inson deb o'ylamagandim.
— "Yaxshimisiz?" — deb sekin so'radi Suga.
— "Albatta. Nega yaxshi bo'lmay?"
Chuqur xo'rsinib, Sugani quchoqladim.
— "Shunchaki... hammasi tezroq tugashini xohlayman."
— "Bizga suyanishingiz mumkin, hyung. Yana biroz sabr qiling buni uddalaysiz"
Ha... bu kechani albatta o'tkazaman. Faqat Joohyundan uzoqroq yurishim kerak.
Bizning stolimiz Red Velvet stoliga ro'para ekan. Qayerga o'tirmayin, baribir unga qarab o'tirishga majbur edim. Bundan ortiq omadsizlik bo'ladimi?
Bugun ham bunchalik chiroyli bo'lishi shartmidi? Faqat ko'ylagi juda qisqa... Yopiqroq kiyim topolmaganmi? Sovuq qotmayaptimikan? deb o'yladim.
— "Hyung, yaxshisi hozir hojatxonaga yoki kutish xonasiga kirib chiqing. O'zingni bosib oling Hozir odamlarga tashlanishga tayyor buqaga o'xshayapsiz," — dedi RM.
Men esa hali ham Joohyunga qarab:
— "Shunchalik bilinib turibdimi?" — deb so'radim.
— "Hyung, iltimos..." — RM yolvorayotgandek dedi.
— "Xo'p, xo'p. Hojatxonaga kirib, yuzimni yuvib chiqaman."
Shunday deb o'rnimdan turdim va sahna ortiga yo'l oldim.
Ammo o'ylab qarasam, menga shunchaki yuzimni yuvish emas, toza havo kerak edi. Shu sabab hojatxonaga emas, binoning tomiga chiqdim. Hamma e'tibor tadbirga qaratilgan payt bo'lgani uchun u yer bo'm-bo'sh bo'lishi kerak edi.
Tomga chiqishim bilan ko'kragimni to'ldirib chuqur nafas oldim. Go'yo shu sovuq havo ichimdagi barcha stressni yuvib ketadigandek... Go'yo oxirgi kunlarda yuz bergan hamma voqea shunchaki yomon tush bo'lgandek...
Shu payt tom eshigi ochilgan ovozni eshitib, seskanib ketdim.
Jin ursin... kimdir meni ko'rib qolsa yomon bo'ladi.
Hozir hech kimga nega bu yerda ekanimni tushuntirishga kayfiyatim yo'q edi. Shu bois eshik tomondan ko'rinmaydigan joyga yashirindim.
Bu mahalda yana kim tomga chiqadi? Axir allaqachon tun-ku...
Ko'zlarimni qisib yaxshiroq qaradim.
U panjaraga suyangancha, tashqariga termulib turardi. Uni tanimasligimning iloji yo'q.
Aynan o'sha la'nati kiyim... Uni faqat bitta odam kiygan.
Bu yerga nega chiqdi? Nahotki, Suho bilan yashirincha uchrashishga kelgan bo'lsa? EXO bugungi tadbirda qatnashmayotgandi-ku.
Bu o'y xayolimdan o'tishi bilan ichimni alam va g'azab kuydirdi.
Men bu yerga kelib, ularning uchrashuvini tomosha qilish uchun kelmadim. Yaxshisi, hoziroq ketaman.
Shu payt uning sovuqdan titraganini ko'rdim. Kechki shamol juda muzdek edi. U qo'llarini quchoqlab, o'zini isitishga urinardi.
O'zi nimani o'yladi ekan? Bunaqa yupun kiyimda tomga chiqadimi?
Bu qilayotgan ishimdan keyin, ehtimol, hali afsuslanarman...
Bo'ldi... keyin nima bo'lishini keyin o'ylarman.
Shunday deb yashiringan joyimdan chiqdim.
— "Bu yerda nima qilyapsan?" — dedim.
Joohyun cho'chib ketib, shiddat bilan menga o'girildi.
— "Voy xudoyim!" — dedi u hayrat va qo'rquv aralash ovozda.
Jin Irene tomon yurib kelib, uning ro‘parasida to‘xtadi.
— Sal qolsam, qo‘rqqanimdan yuragim to‘xtab qolay derdi, — dedi Irene.
— Bu yerda nima qilyapsan? — deb so‘radi Jin.
— O‘zingiz-chi? Bu yerda nima qilyapsiz? — Irene ham bo‘sh kelmadi.
— Yigiting bilan yashirincha uchrashgani keldingmi? — dedi Jin sovuqqina ohangda.
Jinning bu gapi Irenening jahli chiqishiga sabab bo‘ldi. Ammo u o‘zini bosishga harakat qildi. Aslida Jin ham Irenening o‘ziga qarshi turayotganidan g‘azablanayotgan edi. Ular go‘yo ajratib qo‘yilmasa, janjallashib ketadigandek bir-biriga tikilib turishardi. Afsuski, bu yerda ularni to‘xtatadigan hech kim yo‘q edi.
— Bu jamoat joyi. Bu yerga faqat siz kelishingiz mumkin emas, — dedi Irene.
— To‘g‘ri. Lekin uchrashuv qilmoqchi bo‘lsang, yaxshiroq joy tanlaganing ma'qul. Shunaqa joyda uchrashish nimasi? Yoki sen bilan yigitingning didi shunchalik yomonmi? — dedi Jin zaharxanda bilan.
Bu gaplarni aytar ekan, ichida yig‘ilib qolgan alamini chiqarayotgandek edi.
— Bu sizga tegishli ish emas, — dedi Irene sovuqqina.
— Endi tegishli. Chunki bu yerga sendan oldin men kelganman. Yaxshisi, hozirning o‘zida ket, — dedi Jin.
— Nega buncha asabimga tegaverasiz? — Irene sabrini yo‘qota boshladi.
— Menmi? Asabingga tegayotgan? Men senga hislarini aytmaganman, deb aytmadim. Sen esa boshqa birov bilan yurayotganingni ham aytmading. Hatto meni ham senda umid bor, deb o‘ylashga majbur qilding. Jin sochlarini jahl bilan siladi.
— La'nati Joohyun! Har doim meni ahmoqdek his qildirarding! — dedi u va beixtiyor Irene tomonga bir qadam tashladi.
Jinning bunday holatini ko‘rgan Irene beixtiyor orqaga chekindi. U Jin ularning munosabatini aynan shu yerda oydinlashtirishini kutmagandi.
— Bilasanmi, men seni sevaman. Men his-tuyg‘ularimni senga aytganman. Lekin sen boshqa birovning sevgilisi ekaningni aytmading. Hatto meni ham sening ko‘nglingda menga nisbatan nimadir bor, deb o‘ylashga majbur qilding... Nega bunday qilding? — dedi Jin chuqur nafas olib. Uning ovozida og‘ir iztirob sezilib turardi.
Irene unga achinish bilan qaradi. Rostini aytganda, u hozir hammasini Seokjinga aytib berishni, uni bag‘riga bosishni istardi. Axir uning xayolida doim faqat shu yigit bo‘lgan.
— Seokjin... — dedi Irene. Uning o‘zini tutib turishi tobora qiyinlashib borardi. — Kim Seokjin...
— Menga ayt... Hech bo‘lmasa ozgina bo‘lsa ham meni sevganmiding? — deb pichirladi Jin.
Bu savolni berar ekan, uning bor kuchi tugab borayotgandek edi. Axir u chin dildan Ireneni sevardi. O‘zini endi boshqa birovning munosabatiga aralashtirmaslikka qaror qilgan bo‘lsa-da, baribir shu savolni bermasdan turolmadi.
— Kim Seokjin... — Irene titroq ovozda uning ismini takrorladi.
U shu paytgacha doimo kuchli ko‘rinib kelgan yigitning his-tuyg‘ularini o‘ziga ochiq aytayotganini ko‘rib, yuragi ezildi. Irene sevgi borasida tajribali emasdi, ammo ayni damda uning qarshisida turgan yigitni qattiq ranjitishni ham aslo istamasdi.
— Men qanchalik bema'ni gaplarni aytyapman... — dedi u zaifgina kulib. — Hammasini unut. Bugun aytganlarimni ham, ilgari senga aytgan har bir so‘zimni ham unut. Go‘yo yo‘llarimiz hech qachon kesishmagandek yashaylik.
Shunday deb, u xayrlashayotgandek bosh egdi.
— Shuni uddalay olasizmi? — deb kutilmaganda so‘radi Irene.
U Seokjinning hammasini unut, degan gapini eshitishni istamasdi. Chunki ular birga o‘tkazgan lahzalar juda qisqa bo‘lsa ham, uning yuragida chuqur iz qoldirgandi.
Aynan o‘sha lahzalarda Irene o‘zida ilgari bilmagan yangi tuyg‘ularni his qilgan edi: Seokjinning tabassumini ko‘rganida yuragini qamrab oladigan iliqlikni, u bilan uchrashayotganda yoki xabariga javob yozayotganda paydo bo‘ladigan hayajonni, ovozini eshitganida yuragi tez urishini...
— Bae Joohyun, yaxshisi gapirishni bas qil. Aks holda...
— Aks holda nima? Hammasini unutishga qodirmisiz? Ilk bor suratga olish paytida qo‘llarimiz tegib ketganini unuta olasizmi? Kechasi men bilan ovqatlanganingizni-chi? Meni unuta olasizmi, Kim Seokjin?
Seokjin keyinchalik bundan afsuslanishi mumkin edi. Ammo hozir u aql bilan emas, yuragi buyurganidek harakat qildi.
U bir zumda Irene tomon yaqinlashib, uni panjara oldida to‘xtatdi. Irene muvozanatini yo‘qotib, orqaga chekindi va panjaraga suyanishga majbur bo‘ldi.
Ularning orasidagi masofa juda yaqin edi. Jin ikki qo‘lini Irenening ikki yonidagi panjaraga tirab turardi. Irene esa hamon birdan sodir bo‘lgan voqealardan hayratda qolgan edi.
— Axir aytdim-ku... gapirishni to‘xtat, aks holda...
Jinning yuzi asta-sekin Irenening yuziga yaqinlashdi. Ikkalasining nigohlari bir-biridan uzilmas, goh ko‘zlariga, goh lablariga tushardi.
Ikkalasining ham yuragi qattiq urardi. Ularning orasini og‘ir sukunat qoplagan edi. Hech biri qimirlamadi. Go‘yo vaqt ham bir lahzaga to‘xtab qolgandek edi. Har ikkalasi ham bir-birining keyingi harakatini kutardi.
— Bae Joohyun... sen men bilan nima qilyapsan?.. — deb pichirladi Jin.
Nima bo‘lganini o‘zi ham anglamay, Irene Jinning ko‘ylagining old qismini mahkam ushlab oldi. Go‘yo ayni damda uni qo‘yib yuborsa, hamma narsani yo‘qotadigandek edi.
— Ey, Joohyun... Agar to‘xtamasang, men...
Jin yana bir qadam oldinga tashladi. Endi ularning orasida deyarli hech qanday masofa qolmagandi.
Irene boshini ko‘tarib, Seokjinning ko‘zlariga tikildi. Qo‘llari uning ko‘ylagini yanada mahkamroq ushladi. Jinning yuzidagi ifodani anglay olmasdi. Yuragi tobora tez ura boshladi, nafas olishi ham qiyinlashib borardi. U bunday bo‘lishi kerak emasligini bilardi.
— Men ketishim kerak, — dedi Irene past ovozda. — Guruhdoshlarim meni qidirishayotgandir.
Jin o‘ng qo‘li bilan Irenening qo‘lini ohista siladi.
Irene seskanib ketdi. Ko‘zlari beixtiyor yumildi.
Jinning qo‘li uning beliga tushdi va uni sekin o‘z bag‘riga tortdi.
Irene hayratdan qotib qoldi, ammo uni itarib yubormadi.
— Bilasanmi... seni ko‘rish ba'zan meni juda qiynaydi...
Jin chap qo‘li bilan Irenening yuziga muloyim tegdi, o‘ng qo‘li esa hanuz uning belida edi.
— Meni qo‘yib yuboring... Men ketishim kerak, — dedi Irene kuchsiz ovozda.
— Hech bo‘lmasa biroz yopiqroq kiyim kiysang bo‘lmaydimi? Erkaklarning senga tikilib qarashini ko‘rishga toqatim yo‘q.
Oradan haftalar o‘tgan bo‘lsa ham, Irene ilk bor chin dildan tabassum qildi. U sog‘ingan ko‘zlarga termuldi.
— Kechiring.. — dedi u sekingina. Boshqa hech qanday so‘z topolmadi.
Shu payt Jinning telefoni tebrandi.
— Guruhdoshlarim meni qidirishayotgandir.
Telefonini chiqarib, RMning qo‘ng‘irog‘iga javob berdi.
— Ha, men yaxshiman. Birozdan keyin qaytaman. Yana necha daqiqam bor? Tushunarli.
Qo‘ng‘iroq tugagach, telefonini cho‘ntagiga soldi.
Jin uni qo‘yib yuborgan zahoti Irene uning bag‘rining iliqligi yo‘qolganini his qildi.
— Ketasizmi? — deb so‘radi Irene.
— Sen ham qaytishing kerak emasmi? Guruhdoshlaring seni qidirishmayaptimi?
— Men telefonimni olib chiqmaganman, — dedi Irene.
— Voy, Bae Joohyun... Sen odamlarning xabarlaridan qochishni juda yaxshi ko‘rasan-a, — dedi Jin kulimsirab.
— Xo‘p-xo‘p, endi xafa bo‘lma. Aytgancha, yigiting qayerda? Kelmaydimi?
— Axir aytdim-ku, men bu yerga uchrashuvga kelmaganman. Qolaversa, agar u kelib, siz meni quchoqlab turganingizni ko‘rganida nima qilardi?
Shu zahoti Irenening yuzi qizarib ketdi.
— Demak, uni yigiting deb tan olyapsan, — dedi Jin, ikki qo‘lini shimining cho‘ntagiga solarkan.
Shundan so‘ng ikkalasi ham yana noqulay sukunat ichida bir-biriga qarab qolishdi.
— Meni kechir. Bu aslida menga xos ish emas. Birovning sevgilisiga yaqinlashish... Shunchaki... sen boshqachasan. Seni allaqachon boshqa birovniki ekaningni qabul qilish juda qiyin. Yuragimni sindirding, Joohyun...
Irene Jinga bor haqiqatni aytishni juda istardi. Ammo ikkilanardi. U na Red Velvetni, na Jinning o‘zini xavf ostiga qo‘ya olardi. Agar haqiqat oshkor bo‘lsa, buning oqibati qanday bo‘lishini hech kim bilmasdi.
— Sen ham. Keyingi safar meni qat'iyroq rad etishga harakat qil, — dedi Jin o‘ziga ishonch bilan.
Irenening yuzi qaynagan pomidordek qizarib ketdi.
— Agar o‘zimni bazo‘r ushlab turmaganimda, seni allaqachon o‘pgan bo‘lardim. Ishonchim komilki, sen ham meni to‘xtatmagan bo‘larding. Shunda ikkalamiz ham vaqtida joyimizga qaytolmasdik. Bu esa yigitingga xiyonat qilganingni anglatardi.
— Inkor qilishing shart emas. Ikkalamiz ham buni xohlaganimizni bilamiz.
Bu gapni eshitib, Irene beixtiyor Jinning lablariga qarab qoldi. Bir lahzaga uning o‘pichi qanday bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ketdi.
Jin uning qo‘lidan ushlab, Irene boshini sekin ko‘ksiga bosdi.
Irene hayron bo‘ldi, ammo yana uni itarib yubormadi.
— Menga bunaqa qaramagin. Aks holda o‘zimni boshqara olmay qolaman.
— Unday gaplarni aytmang. Meni dovdiratib qo‘yyapsiz, — dedi Irene.
Jin yengil xo‘rsindi. Bir necha daqiqa ular jim turishdi.
— Yana qancha vaqtingiz bor? — deb so‘radi Irene.
— Aslida besh daqiqa oldin ketishim kerak edi. Namjoon meni telbalardek qidiryapti. Balki meni o‘zimga biror narsa qilib qo‘ydi deb o‘ylagandir.
Irene boshini ko‘tarib, uning ko‘zlariga qaradi.
— Agar baxtli bo‘lsang... seni qo‘yib yuboraman. Bularning hammasi noto‘g‘ri. Bilasanmi, men Suho hyungni taniyman. Uning sevgilisiga tegayotganim uchun u meni urishga ham haqli. Bu qilayotganimiz noto‘g‘ri ekanini tushunasan, shundaymi?
Irene uzoq o‘ylanib qoldi. Javob berishga ikkilanardi. U muammo tug‘dirishni istamasdi. Ammo Seokjinni ham yo‘qotishni xohlamasdi.
— Biz... shunchaki do‘st bo‘la olmaymizmi? Mendan qochmang. Mendan nafratlanmang. Menga sovuq nigoh bilan qaramang... iltimos, — dedi Irene.
— Joohyun... bilasanmi, sendan chiqqan bu iltimos juda ham xudbinona.
— Bilaman... Shunday bo‘lsa ham... iltimos, Kim Seokjin... bo‘ladimi?..
— Men esa boshqa bir erkak seni quchoqlayotganini tomosha qilib, indamay turishim kerakmi?
Irene bunday qilish to‘g‘ri emasligini yaxshi bilardi. O‘zi boshqa yigit bilan juft qilib qo‘yilgan bo‘lsa-da, Jindan yonida qolishini so‘rayotgan edi.
— Agar bunga koʻngingiz kelmasa, mayli... Lekin mendan nafratlanmang. Bilaman, hozir sizning ko‘zingizga men yengiltabiat qizdek ko‘rinayotgandirman. Axir sevgilim bor bo‘la turib, sizga ham yaqinlashishga qarshilik qilmayapman...
— O‘zing haqida bunday gapirma. Sen yengiltabiat qiz emassan, — dedi Jin qat'iy ohangda.
— Ammo hozir kimdir bizni ko‘rsa, albatta meni shunday deb o‘ylaydi!
Irenening ko‘zlariga yosh qalqdi.
Jin uning ko‘z yoshlarini muloyimlik bilan artdi.
— Hech kimning seni yomonlashishiga yo‘l qo‘ymayman. Seni himoya qilaman, Joohyun.
Bu so‘zlarni eshitishi bilan Irenening yuragidagi g‘am, alam va sarosima asta-sekin yo‘qoldi. Ularning o‘rnini esa jilovlab bo‘lmaydigan iliq mehr egalladi.
— Kim Seokjin... Hayotimda nimalar bo‘layotganini o‘zim ham tushunmayapman. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Hatto to‘g‘ri o‘ylashga ham ulgurmayapman. Men... mas'uliyatdan qocholmayman.
— Nima demoqchisan? — dedi Jin hayrat bilan.
— Bilaman, sizdan juda ko‘p narsani so‘rayapman. Lekin... iltimos, meni past nazar bilan ko‘rmang Boshqalar men haqimda nima deb o‘ylashi menga baribir. Ammo siz... menga ishona olasizmi?
Jin uning gaplaridan tobora hayron bo‘lib borardi. Shunga qaramay, sovuqdan muzlab qolgan qo‘llarini sekin silab qo‘ydi.
— Mendan uzoqlashmang Do‘stim bo‘lib qoling— dedi Irene iltijo bilan.
Qanday qilib uning iltimosini rad etaman? deb o‘yladi Jin ichida.
— Shunday qila olasizmi? — dedi Irene.
— Harakat qilaman. Lekin bu oson bo‘lmaydi. Imkon tug‘ilganida seni quchoqlamaslik uchun o‘zimni tiyolarmikanman, bilmayman, — dedi Jin hazillashib.
— Bilasizmi... sen juda asabiy odamsiz
— Endi rostdan ham ketishim kerak. Sen ham. Yana besh daqiqadan keyin pastga tush. Tushundingmi?
Jin eshik tomon yurdi. Chiqish oldidan yana bir bor ortiga o‘girilib, Irene tomon qaradi.
— Bugun juda chiroyli ko‘rinyapsan. Lekin iltimos, stolga qaytganingda ustingni adyol bilan yaxshilab yopib ol.
Jin esa bu safar ortiga qaramay pastga tushib ketdi.
Oradan besh daqiqa o‘tgach, Irene ham yelkasiga adyolni o‘rab, o‘z joyiga qaytdi. Guruhdoshlari uni qayerga ketganini so‘rab, xavotir bilan kutib olishdi. Yaxshiyamki, u muhim dastur qismlarini o‘tkazib yubormagandi.
Ko‘zining cheti bilan qaraganida esa, zalning narigi tomonida bir yigit unga mayin tabassum bilan boqib turganini ko‘rdi.