🦋 𝘚𝘦𝘳𝘦𝘯𝘥𝘪𝘱𝘪𝘵𝘺 🦋
Joohyun bilan ayrilganimdan keyingi kunlarni qanday o‘tkazganimni o‘zim ham bilmayman.
Hammasi xuddi tushdek o'tib ketdi.
Dastlabki uch kunni umuman eslay olmayman.
Har kuni xuddi robotdek yashadim. Ertalab uyg‘onaman, kun bo‘yi ishlayman, kechasi esa uxlayman.
Ammo vaqt o‘tishi bilan a'zolar ham xavotir ola boshlashdi. Ularning aytishicha, men xuddi tirik odam emas, ichi bo‘sh qobiqdek bo‘lib qolgan ekanman. Tanam shu yerda, ammo ruhim allaqayerlarda kezib yurardi.
Shu sabab Taehyung bilan Jungkook hatto kechalari yonimda qolib uxlashardi.
Suga va Jimin meni ichkilik ichib, biroz bo‘lsa ham o‘zimga kelishim uchun yonimda bo‘lishardi.
J-Hope bilan Namjoon esa tinmay men bilan hazillashib, kayfiyatimni ko‘tarishga harakat qilishardi.
Sezmay ham qolibman, Joohyunni unutishga urinayotganimga deyarli bir oy bo‘libdi.
Birga o'tkazgan barcha lahzalarimizni...
Va eng muhimi, yuragimni tilka-pora qilgan o‘sha so‘zlarini unutishga harakat qilardim.
Hatto ijtimoiy tarmoqlarga ham kirishimni taqiqlashdi.
Ular bilishardi... men baribir uni qidiraman.
U meni shunchalik qattiq ranjitgan bo‘lsa ham, men uni sog‘inardim.
Uni yana bir bor ko‘rgim kelardi.
Hatto uning oldida o‘zimni yerga urib, yolvorganimdan keyin ham...
Men hali ham u bilan birga bo‘lishni istardim.
> "Agar taqdiringizda birga bo‘lish yozilmagan bo‘lsa, baribir bo‘lmaysiz. Ammo agar bir-biringiz uchun yaratilgan bo‘lsangiz, bugun ayrilgan bo‘lsangiz ham, bir kun albatta yana uchrashasiz."
Namjoonning gaplari doim odamning yuragiga yetib borardi.
Gaplarini eshitib, biroz yengil tortdim.
Balki... uni qo‘yib yuborishim kerakdir.
Boshidanoq munosabatimizda juda ko‘p to‘siqlar bor edi.
Lekin biz baribir birga bo‘lishga urindik.
O‘zi ham meni tanlay olmasligini aytgandi.
U uchun faoliyati doim birinchi o‘rinda edi.
Faqat men yolg‘iz o‘z faoliyatimni biz uchun qurbon qilishga tayyor edim.
Bunday munosabat qanday qilib baxtli yakun topishi mumkin?
Menimcha, endi oldinga yurish vaqti kelgandi.
Bangtan yigitlarini ham doim tashvishga solib yashay olmayman.
Agar ular bo‘lmaganida, balki allaqachon butunlay sinib ketgan bo‘lardim.
Endi yana ularning hyungi bo‘lishim kerak.
Ularni himoya qiladigan inson bo‘lishim kerak, aksincha emas.
Shu sabab a'zolarga endi avvalgi Kim Seokjin bo‘lib qaytishga tayyor ekanimni aytdim.
Mendan endi xavotir olishmasin, dedim.
Balki, agar yana uni eslamaslikka harakat qilsam, unutarman...
Lekin Kim Seokjinni qanday unutaman?
Hatto o‘sha yoqimsiz odatlarini ham...
Labimga achchiq tabassum yugurdi.
Axir birinchi muhabbatimni qanday unutishim mumkin?..
Mashina ichida o‘tirarkanman, orqa ko‘rish oynasidagi aksimga tikildim.
Tashqi ko‘rinishimda hech narsa o‘zgarmagandi.
Stilist unni hali ham meni chiroyli qilib bezardi.
Kiyimlarimni tanlaydigan koordinatori ham menga yarashadigan liboslarni kiydirardi.
Faqat yuragim chil-chil singanini hech kim bilmasdi.
Va men shunday bo‘lib qolishini istardim.
Bu sirni faqat o‘zim bilsam kifoya.
— Joohyun, bugun qizil gilamda Suho bilan uchrashasan. Tayyormisan? — deb so‘radi menejerim.
Bugun Seuldagi yangi Gucci do‘konining tantanali ochilish marosimiga borardim.
Savdo markazidagi do‘kon ta'mirlanib, shaharning eng nufuzli hududlaridan birida yangi filial ochilgandi.
Men Suho bilan juftlik sifatida qizil gilamdan o‘tishim kerak edi.
Indamay menejerimga bosh irg‘adim.
Axir mening boshqa qanday tanlovim bor edi?..
— Joohyun... — menejerim yana meni chaqirdi.
— Kim Seokjin ham bugun keladi.
Qo‘llarim o‘tirgan o‘rindiq chetini mahkam qisib oldi.
— Nima? Axir u xorijda edi-ku...
— Direktorim. U menga Suho bilan kelishimni aytdi. Seokjin esa chet elda bo‘lgani uchun uchrashib qolmaysizlar, degandi...
Hatto hozir ham uning ismini bemalol ayta olmasdim.
— Lekin u boshidanoq mehmonlar ro‘yxatida bor edi va kelishini tasdiqlagandi. Axir ikkalangiz ham shu brendning ambassadorisiz. Bo‘ldi, ortiq bu haqda o‘ylama, maylimi?
Qanday qilib o‘ylamayman?! — deya ichimda baqirdim.
Qanday qilib o‘zimni yaxshi his qilishim mumkin?
Men u bilan yana uchrashishni istamayman...
— Nima bo‘lsa ham bo‘lar. Men yaxshiman, — dedim sovuqqina.
— Kechirasan. Men buni bilasan deb o‘ylagandim, — dedi menejerim.
— Sizning aybingiz yo‘q, unni. Nazarimda, direktorim aynan shuni xohlagan. Men shunchaki aytilganini qilaman. — dedim charchoq bilan.
Yoki... balki u meni Suhoga turmushga chiqishga ham majburlamoqchidir?
Ajrashganimizning o‘zi yetarli emasmi?
Nahotki endi u Kim Seokjinning yana azob chekishini ham ko‘rmoqchi bo‘lsa?..
U hali ham azob chekyaptimikan?
Yoki meni allaqachon unutdimi?
Axir u mening ham bugungi tadbirga kelishimni bilsa kerak...
— Joohyun xonim, yetib keldik. Janob Suho tashqarida sizni kutyapti.
Suho allaqachon mashina yonida turardi.
Mayli... Avval bugungi kechani o‘tkazay. Balki shundan keyin Seulgi va Wendy bilan rosa icharman...
— Irene! Bu yoqqa qarang! Suho! Ikkalangiz ham bu tomonga!
Jurnalistlar tinmay ismimizni chaqirishardi.
Kameralar chaqnashi bir lahza ham to‘xtamasdi.
Qizil gilamdan o‘tib, suratga tushish va intervyu berish uchun tayyorlangan sahnaga chiqdik.
Boshlovchi yonimizga kelib intervyuni boshladi.
U munosabatimiz haqida savollar bera boshladi.
Suho esa agentligimiz tayyorlab bergan ssenariy bo‘yicha javob berardi.
Men esa faqat jilmayib, bosh irg‘ab qo‘yardim. Ba'zida odob yuzasidan kulimsirardim.
Birdan olomon orasidan baland qichqiriqlar eshitildi.
Jurnalistlarning kameralari birdan boshqa tomonga burildi.
Nafasim bir lahzaga to‘xtab qoldi.
Beixtiyor o‘sha tomonga qaradim...
U mashinadan tushib, qizil gilam bo‘ylab odimlar ekan, muxlislar va jurnalistlarga vaqti-vaqti bilan ta'zim qilardi.
Suho yengilgina belimga tegib qo‘ydi.
U qoshini ko‘tarib, boshlovchi tomonga ishora qildi.
Men darhol boshlovchiga qaradim.
— Kechirasiz... Savolingizni eshitmay qoldim, — dedim uyalib.
— Kim Seokjin janobni ham sahnaga taklif qilsak bo‘ladimi? Axir Irene xonim bilan Seokjin janob ilgari birga suratga tushishgan va Koreyada Gucci ambassadorlari sifatida hamkorlik qilishgan.
— Yaxshisi, unday qilmaylik. Seokjinni ham, Suhoni ham noqulay ahvolga qo‘ygim kelmaydi...
— Hechqisi yo‘q, — dedi Suho darhol. — Men qarshi emasman.
Boshlovchi kulib, baland ovozda murojaat qildi:
—Janob Kim Seokjin iltimos, bir daqiqaga sahnaga chiqishingiz mumkinmi?
U sahna chetida turib, intervyumiz tugashini kutayotgandi.
Ammo ismi aytilishi bilan nigohi darhol biz tomonga burildi.
Men esa ko‘zlarimni olib qochdim.
— Iltimos, sahnaga chiqing, — dedi boshlovchi yana.
— Yo‘q... Keragi yo‘q. Men shu yerda kutaman. Hech kimga xalaqit bermayman, — dedi Seokjin boshini chayqab.
— Irene xonim ham, Suho janob ham bunga qarshi emas. Marhamat, sahnaga chiqing, — deya turib oldi boshlovchi.
Seokjinning chiqishni istamayotgani ko‘rinib turardi.
Ammo jurnalistlar ham uni chaqira boshlashgach, oxiri rozi bo‘ldi.
Qachonlardir uchovimiz bir sahnada turishimizni kim ham o‘ylabdi?
Bu, shubhasiz, ertangi kunning eng shov-shuvli yangilaridan biriga aylanardi.
Seokjin Suhoning yoniga kelib turdi.
Avval ta'zim qilib salomlashdik.
Bularning bari faqat kamera oldidagi obrazimiz uchun edi.
Uni yana yonimda ko‘rish... yuragimni yana bir bor larzaga soldi.
Seokjin ikkilanib Suhoning yonida turardi. Shu paytgacha u Irene tomon biror marta ham qaramagandi. Sahnaga chiqish navbatini kutayotganida uni bir lahzaga ko‘rib qolgandi, xolos.
Unutishga qanchalik urinmasin...
Baribir har kecha tushlariga kiradigan o‘sha chehra.
Sevishni istamaydigan, ammo unutolmaydigan o‘sha chehra.
— Irene xonim, iltimos o‘rtaga o‘ting! O‘rtaga! — deb jurnalistlar tinmay baqirishardi.
U hozir Kim Seokjinga bunchalik yaqin turishni istamasdi.
Shu paytgacha zo‘rg‘a o‘zini bosib turgandi.
Yuragining urishini ham zo‘rg‘a nazorat qilayotgandi.
Yana u yonida tursa, bunga qanday chidasin?
— Irene xonim, iltimos, o‘rtaga o‘ting, — dedi boshlovchi yana bir bor.
Irene nochor kulib Suhoga qaradi.
Balki u yordam berar, degan umidda.
Ammo Suho vaziyatni umuman tushunmay turardi.
Oxiri Irene Suho bilan joy almashdi.
Seokjin bilan Suhoning o‘rtasida turardi.
Seokjin yuziga odatdagi sovuq va jiddiy ifodasini qaytardi.
U necha yuz marta Irene bilan mana shunday qizil gilamda yonma-yon turishni orzu qilgandi.
Bugungidek og‘riqli vaziyatda emas.
Go‘yo taqdir ularning ustidan kulayotgandek edi.
— Kim Seokjin janob va Irene xonim, sizlar Gucci ambassadorlari sifatida birga ishlagansizlar va birgalikda fotosessiya ham qilgansizlar. Bir-biringiz haqidagi taassurotingiz qanday? — deb so‘radi boshlovchi.
Savolni eshitib, Irene ham, Seokjin ham bir necha soniya jim qolishdi.
Ammo birinchi bo‘lib o‘zini qo‘lga olgan Seokjin bo‘ldi.
U Suhoning qo‘lidagi mikrofonni muloyimlik bilan olib, javob berdi.
— Menimcha, hamkorligimiz juda yaxshi o‘tgan. Bir-birimizga moslashish ham qiyin bo‘lmadi. Balki bunga sabab ikkalamiz ham o‘z guruhlarimiz bilan tez-tez fotosessiyalarda qatnashib turishimizdir.
Irene uning gaplariga quloq solar ekan, beixtiyor yuziga qaradi.
Majburan taqilgan tabassum edi.
U mendan nafratlanayotgandir...
Axir uni bu ahvolga aynan men solganman.
— Irene xonim, sizning fikringiz qanday? — deb yana so‘radi boshlovchi.
Yana jurnalistlar tomonga qaradi.
Seokjin mikrofonni unga uzatdi.
Barmoqlari bir lahzaga tegib ketdi.
Shu qisqa teginishning o‘zi Irene yuragini qattiq urdirib yubordi.
— Men ham Seokjin janob aytgan fikrga qo‘shilaman. Fotosessiya juda yaxshi o‘tgan. Hech qanday qiyinchilik bo‘lmagan. Biz uchun bu yoqimli hamkorlik edi, — dedi Irene.
— Yana bir savol. Bir paytlar muxlislar sizlarni uchrashayotgan juftlik deb gumon qilishgandi. Bu mish-mishlarga qanday munosabat bildirasizlar? — deb so‘radi boshlovchi.
Kutilmagan savolni eshitib, Irenening yuzi qizarib ketdi.
Yonida turgan ayolning indamay qolganini ko‘rgan Seokjin uning nima deyishni bilmayotganini tushundi.
U Suho yordam berar, deb o‘ylagandi.
Ammo Suho ham boshini egib, noqulay ahvolda turardi.
Noqulay bo‘lsa, nega sevgilingga yordam bermaysan? Ahmoq... deb o‘yladi Seokjin.
Chuqur xo‘rsinib, u Irenening qo‘lidagi mikrofonni oldi. Irene hayrat bilan unga qaradi.
— Bu qanday savol o‘zi? — dedi Seokjin sovuqqina, ammo qat'iy ohangda. — Ko‘rmayapsizmi? Irene xonimning yigiti bor. U — Suho.
Boshlovchi uning javobidan dovdirab qoldi.
— Kelajakda odamlarni noqulay ahvolga soladigan bunday savollarni bermaganingiz ma'qul.
Shunday deb Seokjin mikrofonni yana Irenega uzatdi.
Irene unga minnatdor nigoh bilan qaradi.
Ammo Seokjin bunga javob bermadi.
U indamay yana oldinga qarab turdi.
Shunda Suho mikrofonni olib, hazilomuz ohangda dedi:
— Nahotki biz ikkalamizning baxtli ekanimiz ko‘rinmayaptimi? Irene bilan meni yana Seokjin bilan juftlashtirmoqchimisiz?
Atrofdagilar kulib yuborishdi.
So‘ng Suho to‘satdan Irenening yelkasidan quchoqladi.
— Irene bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Barchangizdan bizni qo‘llab-quvvatlashingizni va munosabatimiz uzoq davom etishini tilashingizni so‘raymiz.
Irene endi Seokjin tomonga qarashga jur'at eta olmadi.
U faqat majburan tabassum qilib, Suhoning quchog‘idan muloyimlik bilan chiqishga urindi.
Unga bunchalik yaqin turishning o‘zi noqulay edi.
Seokjinning esa mushtlari qattiq tugilib ketgandi.
Ichidagi g‘azabni zo‘rg‘a bosib turardi.
Joohyunni shunday quchoqlab turgan odamni urib yuborgisi kelardi.
Hammasi uning ko‘z o‘ngida, yuzlab odamlarning qarshisida sodir bo‘layotgandi.
Qanchalik o‘zini tiyishga urinmasin...
Uning qalbi hanuz Joohyunnikiligicha qolgan edi.
Xudoyim... iltimos, meni bu yerdan tezroq olib chiq... deb ichida yolvordi Seokjin.
— Mayli, unday bo‘lsa, intervyumiz shu yerda yakunlandi, — dedi boshlovchi noqulay vaziyatni yumshatishga urinib.
Uchalasi ham muxlislarga so‘nggi bor ta'zim qilib, qo‘l silkitishdi.
Irene nihoyat hammasi tugaganidan yengil tortdi.
Muxlislarga qo‘l silkib, sekin orqaga yura boshladi.
Bugungi voqealarni o‘ylab, bu kecha ham uxlay olmasam kerak...
Sahna chetiga yetib, yana bir qadam orqaga tashladi.
Ammo oyog‘i endi sahnaga emas, bo‘shliqqa tushdi.
Muxlislarning ogohlantiruvchi qichqirig‘i qulog‘iga chalindi.
Muvozanatini yo‘qotgan Irene yiqilib ketayotganini his qildi.
Qo‘llari vahimaga tushib, biror narsadan ushlanishga urinardi.
Yordam bering... iltimos... deb o‘yladi u ko‘zlarini mahkam yumarkan.
— Ahmoq... — degan past ovozni eshitdi.
Kimdir uning qo‘lidan mahkam ushlab tortdi.
Muvozanatini yo‘qotgan Irene oldinga otilib, o‘sha odamning bag‘riga urildi.
Tashqaridan qaraganda ular xuddi quchoqlashib turgandek ko‘rinardi.
— Bir marta bo‘lsa ham o‘zingga ehtiyot bo‘la olmaysanmi? — deb pichirladi Seokjin.
Hali ham sodir bo‘lgan voqeaga ishonolmasdi.
Yuragi shu qadar tez urardiki...
U hatto Seokjinning yurak urishini ham aniq eshitayotgandek tuyuldi.
Nahotki yana uning bag‘rining iliqligini his qila olayotgan bo‘lsam?..
Qarshisida unga xavotir va yengillik aralash nigoh bilan tikilib turgan bir juft ko‘zni ko‘rdi.
— Yaxshimisan? — degan o‘sha nigoh hammasini aytib turardi.
— Senga hech narsa bo‘lmadimi? — Suho darhol Ireneni Seokjindan tortib olib, yelkalaridan ushladi. — Jarohat olmadingmi?
Go‘yo Seokjinning bag‘ridan ajralgisi kelmayotgandek...
— Ha... Menimcha, menga hech narsa bo‘lmadi, — dedi u sekin.
Seokjin esa indamay bo‘sh qolgan qo‘llariga tikildi.
Shundagina Suho Ireneni undan tortib olganini anglab yetdi.
Ha... Irene endi uning emasdi.
Uni quchoqlashga ham, himoya qilishga ham haqqi yo‘q edi.
Seokjin mushtlarini qattiq tugdi.
Shu payt atrof birdan olqish va qichqiriqlarga to‘ldi.
— Ireneni qutqarganingiz uchun rahmat!
Boshqa muxlislar ham qarsak chalib, unga minnatdorlik bildirishardi.
Jinning muxlislari esa butun ovozi bilan qichqirishardi.
Ular o‘z idolining haqiqiy janoblardek tutganidan faxrlanishayotgandi.
Seokjin iliq tabassum bilan muxlislarga qo‘l silkitdi.
Ta'zim qilib minnatdorchilik bildirdi.
So‘ng hech narsa bo‘lmagandek zinadan pastga tushib ketdi.
Yo‘lda Irene va Suhoning yonidan indamay o‘tib ketdi.
Ikkalasi ham uning ortidan jim qarab qolishdi.
Tadbir davomida Irene bilan Seokjin boshqa gaplashishmadi.
Seokjin ataylab ulardan uzoqroq yurdi.
U boshqa mashhurlar bilan suhbatlashdi, Gucci vakillari va muhim mehmonlar bilan uchrashdi.
Birozdan so‘ng u menejeriga sekin dedi:
— Hyung... Iloji bo‘lsa, bu yerdan tezroq ketaylik.
— Albatta. Baribir bu yerda yetarlicha qolding. Ertaga yana Yaponiyaga uchishing kerak. Shunchaki dam olishing kerakligini aytamiz.
— Mayli. Men hozir hojatxonaga kirib chiqaman. Siz mashinada kutib turing. Keyin to‘g‘ri mashinaga boraman.
— Xo‘p. Faqat yana biror ish qilib qo‘yma. Bugun hamma joyda sen haqingdagi sarlavhalar chiqyapti. Hatto direktorimning qo‘ng‘iroqlariga javob berishga majbur bo‘ldim, — dedi menejeri ketishidan oldin.
Seokjin qo‘li bilan sochlarini orqaga silliq qilib taradi.
Bu uning boshi og‘riy boshlaganining odatiy belgisi edi.
Aynan shu harakati Irene yuragining yana tez urishiga sabab bo‘ldi.
Men endi unga yashirincha qarashni bas qilishim kerak...
Shuni o‘ylab, Irene o‘zini biroz tinchlantirish uchun hojatxonaga borishga qaror qildi.
Yo‘lda telefonini ham tekshirib qo‘ymoqchi edi.
Bugungi qizil gilamdagi voqeadan keyin internetda shov-shuv boshlangani aniq.
Direktori bilan muammoga duch kelishi ham tayin edi.