January 22

IJODKORNING IBRATLI YO‘LI

Navoiy viloyatining bepoyon Qizilqum sahrosi etaklaridagi chorvadorlar diyori Konimex tumanida tug‘ilib o‘sgan Muxtar Sag‘atboyevning nomini tuman, viloyat, O‘zbekistondan tashqarida, olis Ukrainada ham ko‘pchilik yaxshi biladi. Chunki, uning ijodiy izlanishlari mahsuli bo‘lgan turli mavzudagi rang-barang hayotiy sheʼrlari Sharqiy Yevropaning yirik mamlakatlaridan hisoblangan mazkur zaminda, uning poytaxti Kiyev hamda o‘zi oliy o‘quv yurtida tahsil olgan Zaporojye shaharlarida chop etiladigan respublika va viloyat gazetalarida ham eʼlon qilingan.

Uning sheʼriyatga, badiiy ijodga bo‘lgan mehri o‘rta maktabda tahsil olgan bolalik va o‘smirlik yillaridayoq shakllandi. U maktabda aʼlo baholarga o‘qish bilan bir paytda, kitob o‘qishga ham juda qiziqardi. O‘zbek adabiyoti, shuningdek, rus hamda jahon adabiyotining eng sara asarlarini, roman, qissa va hikoyalari, sheʼr hamda dostonlarini katta qiziqish bilan mutolaa qilardi. Bu esa unda badiiy asarlarga nisbatan cheksiz mehr uyg‘otmasdan qolmadi. Shu davrdan boshlab, o‘zi ham sheʼr va hikoyalar mashq qilishga kirishdi.

Uning ijodiy qiziqishlari umumiy o‘rta taʼlim maktabini tugallab, Ukrainaning Zaporojye davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan yillarida jiddiy tus oldi. U oliy taʼlim dargohining filologiya fakultetida o‘qish bilan bir qatorda, tinimsiz ravishda sheʼrlar bitdi. Bo‘lajak ijodkor oliy taʼlim dargohidagi Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, shoir Vladimir Omelchenuo rahbarligidagi adabiyot to‘garagi mashg‘ulotlariga qatnashdi, tajribali ijodkorlar ko‘magida mahorati yildan-yilga sayqal topib bordi. Doimiy ijodiy izlanishlari samarasi bo‘lgan turli sheʼrlari qardosh mamlakat davriy nashrlarida, shuning barobarida Navoiy viloyati gazetasi hamda respublika “Yoshlik” jurnalida chop etila boshlandi.

1973-yilda institutni Rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi mutaxassisligi bilan tugallagan yosh mutaxassis O‘zbekistonga qaytib, dastlab, tuman va viloyat maktablarida ishladi. Shuning bilan bir qatorda, jamoatchi muxbir sifatida viloyat “Znamya drujbы” gazetasi sahifalarida o‘z badiiy ijod namunalari, jurnalistik ishlari bilan faol ishtirok etdi. Shu bois uni mazkur gazeta tahririyatiga adabiy xodim sifatida ishga qabul qilishdi. 1993-2006-yillar mobaynida gazeta sahifalarida viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid qator tahliliy materiallarini eʼlon qildi. Shuning bilan birga davriy matbuot nashrining o‘z o‘quvchilari uchun yanada qiziqarli bo‘lishi yo‘lida sidqidildan mehnat qildi, doimiy ravishda o‘qib-izlandi. Shu yillar mobaynida hamda shundan keyingi yillarda ijodiy izlanishlarini biror zum ham to‘xtatmadi.

2005-yildan hozirgi davrga qadar ko‘plab kitoblarini chop ettirdi. “Mы vse s toy dalyokoy voynы”, “Kon s rozovoy grivoy”, “Tank Iskandera”, “Konimex qizg‘aldoqlari”, “Vexi sudbы”, “Zulmatni yoritgan odamlar”, “Dorogi ne imeyuщiye konsa”, “Shkola – pyedestal buduщego”, “Konimex. Yillar va odamlar” kitoblari shular jumlasidandir.

Shoir va adib asarlarining o‘quvchilari orasida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qardosh Qozog‘iston Respublikasi adabiyot muxlislari ham bor. Ushbu mamlakat gazeta va jurnallarida uning qalamiga mansub qator hikoyalari bosilib chiqqanligi adib ijodiga O‘zbekistondan tashqarida ham qiziqish katta ekanligidan dalolatdir.

Muxtar Sag‘atboyev ayni kunlarda ham qizg‘in ijod og‘ushida. U hayotini ijodsiz tasavvur eta olmaydi.

— Ayni paytda bitta sheʼrlar to‘plamim bosmadan chiqayapti, – deydi ijodkor, — Yana biri ham deyarli bosmaga tayyor bo‘lib qoldi.

Suhbatlashar ekanmiz, Muxtar og‘a ijodkor qadrdonlarini ham esladi.

— Hayotda ajoyib ijodkor insonlar bilan uchrashganimdan xarsandman, — deydi u. — Bugun ayrimlari hayotni tark etishgan, ayrimlari esa yonimizda. Lekin ularning barchasi qalbimizga o‘rnashgan. Ayniqsa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga tavsiyanoma bergan Hamdam Eshonqulov, shoira Olga Panova hamda jurnalist Odil Hotamovlarni unutmayman.

2011-yilda “Konimex qizg‘aldoqlari” kitobimning so‘zboshisiga Odil Hotamovning “Nafas” nomli sheʼridan quyidagi to‘rt satrini kiritgandim:

Senga berar yo‘llarni so‘ray,

Shundoq ham ko‘p tog‘ yo‘li, ko‘ngil yo‘li.

Senga tutar gullarni qaydan teray,

Yurak ursa titrarmi oshiq qo‘li.

–        Unga kitobni ko‘rsatgandim, xursand bo‘ldi, – deydi suhbatdoshim.– Meni unutmaganingiz uchun rahmat, – dedi.

Afsuski, bugun Odil aka oramizda yo‘q. Lekin, uning xotirasi doimo yodimizda va hech qachon unutmaymiz.

Muxtar Sag‘atboyevning oilasi ham Konimex tumanidagi eng namunali xonadonlardan sanaladi. Ular, maktabda sinfdosh bo‘lgan umr yo‘ldoshi, muallimalikdan mehnat hordig‘iga chiqqan Zuhra yanga bilan besh nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Uch nafar qizlarining to‘ng‘ichi Oyshahar ayollar sartaroshi, keyingilari Anora va Gulnoralar esa qo‘li gul tikuvchilardir. O‘g‘illari Farhod Olmaota davlat universitetining yuridik fakultetini tugallab, mutaxassisligi bo‘yicha ishlayapti. Kenjalari Muslim esa, fermer sifatida faoliyat yuritmoqda. O‘n besh nafar nevaralari ham bobo-buvilari va ota-onalari singari komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishmoqda.

Fursatdan foydalanib, taniqli shoir, adib va jurnalist, ajoyib insonga kelgusi hayoti va ijodiy faoliyatida yangi yutuqlar tilaymiz.

Olim XO‘JAYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.