MATBUOT ANJUMANI: NAVOIY VILOYATIDA ICHIMLIK SUVI TAʼMINOTI SOHASIDAGI ISLOHOTLAR TAHLIL ETILDI
“Navoiy suv taʼminoti” AJ hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida “2025-yil davomida viloyatda ichimlik va oqava suv taʼminotini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar” yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
OAV vakillari va blogerlar ishtirokidagi ushbu anjumanda dastlab “Navoiy suv taʼminoti” AJ direktori Otabek Zaripovning viloyat aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi, mavjud muammolarni bartaraf etish borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy 2026-yildagi rejalar to‘g‘risidagi maʼruzasi tinglandi.
— Navoiy viloyatidagi 330 ta mahallalardan 201 tasi to‘liq va 113 tasi qisman ichimlik suvi bilan taʼminlangan, — deydi “Navoiy suv taʼminoti” AJ rahbari Otabek Zaripov. — Markazlashgan ichimlik suvi mavjud bo‘lmagan mahallalarga tashkilotning hududiy bo‘limlariga qarashli suv tashish texnikalarida tasdiqlangan reja-grafiklarga muvofiq ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Davlat dasturlari asosida ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlangan 3028 nafar isteʼmolchilar bilan shartnomalar tuzilib, billing bazaga kiritildi. Aholiga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida tizimlarni profilaktik ehtiyot ko‘rikdan o‘tkazish, joriy va mukammal taʼmirlash rejalari inshoatlar, mahallalar, ko‘chalar kesimida tasdiqlab olingan.
Shuningdek, korxona masʼullari tomonidan ichimlik va oqova suv xizmatlaridan yuzaga kelgan debitor qarzdorliklar va ularning undirilishi, o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida aniqlangan noqonuniy holatlarning bartaraf etilishi, ichimlik suvi yetkazib berishdagi murojaatlarni o‘rganish natijalari xususida ham alohida qayd etib o‘tildi.
— Tadbir jarayonida “Navoiy suv taʼminoti” AJ tomonidan isteʼmolchilarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishda sohadagi qator o‘zgarish va qulayliklar, raqamlashtirish ishlari, to‘lovlarning onlayn amalga oshirilishi to‘g‘risida tegishli axborotga ega bo‘ldik, — deydi viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi muxbiri Zebo Qutliyeva. — Bu maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali aholiga yetkazishimizda muhim ahamiyatga ega, albatta.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan atroflicha javob oldilar.