“Ayol borki, olam munavvar”, “Jannat onalar oyog’i ostida”.
BuxDu Xorijiy tillar fakulteti Fakultetlararo chet tillar kafedrasida ma'rifat soati tashkil etildi.
Bolaligimizda, aniqrog‘i esimizni taniy boshlagan kezlarda bizga: "Onangni yaxshi ko‘rasanmi yoki otangni yaxshi ko‘rasanmi?", deb paydar-pay savol berishadi. Va tabiiyki, ko‘pchilik, “onamni”, deb javob beradi. Bu aslo otamni yomon ko‘raman, degani emas. Aksincha, bu onaga bo‘lgan mehr-muhabbatning yuksak ramzi, onaga bo‘lgan samimiyatning bebaho izhori ekanligini otalarimiz ham tushunadi. Onalarimizni yaxshi ko‘rishimiz, ardog‘lashimiz va hurmat qilishimiz otalarimizga hech mahal og‘ir botmaydi. Chunki, otalarimizning ham onalari bor. Ular ham o‘z onalarini bizday qadrlab, bizday yaxshi ko‘rib biz kabi hurmat qilishiga ishonamiz.
Darhaqiqat, bu tabarruk so‘zni aytish yoki eshitish bilan yuragimizda bexosdan cheksiz mehr paydo bo‘ladi. Va har safar vujudimizda onaning munis va mehribon siymosi aks eta boshlaydi. Tomirlarimizda samimiyat va yaxshilik daryoday jo‘sh uradi. Ona, deyish bilan tilimiz ham, dilimiz ham beqiyos insoniy mehr-muhabbatga, ezgulikka to‘lib-toshib boraveradi.
Ushbu “ma’rifat soati” doirasida kafedra o'qituvchilari tomonidan: -" barchamiz onalarimizni boshga ko‘tarishga, ularga hamisha shafqatli, xokisor bo‘lishga, xizmatlarida bo‘lishga buyurilganmiz. Faqat bu buyruqni chin dildan, samimiy, Alloh rizoligi uchun amalga oshiraylik. Onalarimizni riyokorlik nishoniga aylantirmaylik"-deb fikr bildirildi.