December 15, 2025

“Culture and Education in Korea” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.

2025-yilning 12-dekabr kuni Fakultetlararo chet tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi N.Sh.Shukurova hamda KOICA markazi ko‘ngilli o‘qituvchisi professor Byungjae Lee hamkorligida Xorijiy tillar fakulteti 11-1TNK-25-guruhi talabalari bilan Mamlakatshunoslik fanidan “Culture and Education in Korea” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi. Dars noan’anaviy tarzda tashkil etilib, koreys milliy kiyimlarida talabalar chiqishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Warm-up – qizitish mashqi sifatida talabalar koreys maqollarining o‘zbek tilidagi tarjimasini topish, shuningdek, ular qanday holatlarda ishlatilishi mumkinligi bo‘yicha misollar aytishga jalb qilindi. Asosiy qismda jamoalarga bo‘linib tayyorlangan posterlar, slaydlar asosida Koreya madaniyati, jumladan bayramlari, an’anaviy milliy raqsi, zamonaviy musiqa va kino san’ati, milliy taomlari, shuningdek, ta’lim tizimi hamda universitetlari haqida taqdimot qilindi, mashhur musiqa yulduzlari qo’shiqlaridan parchalar ijro etildi. Darsdagi topshiriqlar talabalarda asosan muloqot, mantiqiy fikrlash, kreativlik, hamkorlikda ishlash kabi ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratildi. Umuman olganda, dars mashg‘uloti ishtirokchilarda Koreya muhitini his qilish imkonini berdi.

Darsda BuxDU Akademik faoliyat va o‘quv-normativ ta’minot sektori mudiri R.A.Karimov, kafedra mudiri O.M.Fayzullayev, kafedra katta o‘qituvchilari M.U.Maqsudova, Z.Z.Abulova shuningdek, Kogon tumani 4-umumta’lim maktabining 8 nafar o‘qituvchilari kuzatuvchilar sifatida ishtirok etdilar.