Fizika-matematika va axborot texnologiyalari fakulteti “Geliofizika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va elektronika” kafedrasida 2024 yil 7 aprel kuni “Amir Temur va temuriylar davrida ma’naviy – ma’rifiy tarbiyaning rivoji” mavzusida ma’naviyat
“Geliofizika,qayta tiklanuvchi energiya manbalari va elektronika” kafedra professor-o’qituvchilari bilan “Amir Temur va temuriylar davrida ma’naviy – ma’rifiy tarbiyaning rivoji” mavzusida ma’naviyat soati bo’ldib o’tdi.
Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyatning rivojlanishini keng miqyosda o‘rganish, hozirgi zamon taraqqiyotida uning boy an’analaridan foydalanish yo‘llarini izlash, bugungi kun tadqiqotchilarimizning qadrli va e’zozli vazifalaridan biridir. Bu esa, o‘z navbatida mustaqil davlatimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Sohibqiron Amir Temur davrida ilm-fan, adabiyot va san’at, hunarmandchilik va me’morchilik ravnaq topdi. Temur tomonidan turli mamlakatlardan yuz mingga yaqin olimlar, hunarmandlar, me’morlar, san’atkorlar Samarqandga oldirib keltirilgan.
Amir Temur ilm fan va san’at namoyandalarini o‘z himoyasiga olgan. Ma’lum sharoitlar yaratgan, ularning tirikchiligi, ijodiy faoliyatlari davlat hisobiga olingan. Temur davlati sa’yi-harakatlari tufayli XIV asr o‘rtalari, XV asr boshida Samarqandda astronomiya, tibbiyot, riyoziyot, falsafa, tarix kabi fanlar, me’morchilik, adabiyot, san’at, xattotlik va musiqa san’ati gurkirab o‘sadi, ko‘p olimlar, san’atkorlar yetishib chiqadi. Tarixdan ma’lumki, Gʻarb va Sharq davlatchiligida notiqlik san’ati har vaqt siyosiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etgan. Temur va temuriylar davlatida ham notiqlik san’ati — so‘z san’atiga jiddiy e’tibor berilgan, notiqlik maktablari ochilgan. Amir Temur ham tengi yo‘q notiq bo‘lgan. “Temur hayoti” asarida Temurning notiqligiga katta baho berilgan, uning ovozi “jarangdor va shirali...” bo‘lganligi haqida yozilgan.
Temuriylar davrida O‘rta Osiyoda maydonga kelgan buyuk tarixiy shaxslar jahon taraqqiyotiga katta hissa qo‘shganlar. Movarounnahr madaniyati, ilm-fani, ayniqsa, Ulug‘bek zamonida yana yuksak cho‘qqilarga ko‘tarildi. XIV asrning yigirmanchi yillaridayoq Ulug‘bek Movarounnahr, O‘rta va Yaqin Sharqda buyuk olim va madaniyat xomiysi sifatida tanildi. Natijada ilm-fan bilan bir qatorda adabiyot, xattotlik, musavvirlik, musiqa va raqs san’ati yana taraqqiy kilib ketdi. Ulug‘bek faqat fan bilan mashg‘ul bo‘lib kolmay, she’riyat va san’at bilan ham qiziqar, mushoiralarda qatnashar, bu bilan san’at va adabiyot taraqqiyotiga o‘z xissasini qo‘shar edi. Mizo Ulug‘bek vafotidan so‘ng, Xuroson, Sharqiy va Shimoliy Eron hududida Temuriylarning so‘ngi yirik davlati hukmronlik qila boshlagan edi. Davlat boshida sulton Xusayn Boyqaro va Alisher Navoiy turdilar. Bu davrda juda ko‘p fan, adabiyot, san’at ahllari to‘plangan va beqiyos iste’dodlar yetishib chiqqan edi. Bu oqim va ko‘tarilish hammadan avval Alisher Navoiy va Xusayn Boyqaro ijodi va faoliyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular ma’rifiy davlat yaratishdagi Amir Temur an’analarini davom ettirish bilan bir qatorda, o‘zlarining butun ongli hayotlarini, ijod va tafakkurlarini ilm-fan, adabiyot va san’at taraqqiyotiga bag‘ishladilar, turk tilining adabiyotda butunlay g‘alabasini ta’minladilar. Shu yerda, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarini keltirib o‘tish joizdir. Bobur o‘z asarini turkigo‘ylarning jonli, so‘zlashuv tili, iboralari, maqollaridan keng foydalangan holda yozgan bo‘lib, xammaga tushunarli, qiziqarli chiqishini ko‘zlagan, tili sodda, ixcham, tejamli, lug‘atga hojat yo‘q. Shu jihatdan, “Boburnoma” o‘sha zamonda badiiy ixtiro edi. Asarning eng muhim fazilati — bu rostgo‘ylikdir. Mamlakatimiz tarixi juda boy, teran va mazmunlidir. Lekin unda qora va mungli sahifalar, tushkunlik, jaholat hukm surgan davrlar ham bo‘lgan, ammo aksar zamonlarda ota-bobolarimiz, salaflarimiz o‘qimishli, ma’rifatli, madaniyatli, nafosatni chuqur anglagan, sezgan kishilar bo‘lishgan. Ular ilmli bilimli insonlarni qadrini baland tutganlar. Inson — bu dunyoga yaxshilik qilish uchun, o‘zining va boshqalarning boshlaridan nafosat va ma’rifat nurlarini sochish uchun keladi deb bilganlar. Bobokalonimiz Amir Temur jahon tarixida kam uchraydigan, uzoqni ko‘ruvchi buyuk davlat arbobi bo‘lgan. XIV asrning ikkinchi yarmi XV asr boshida Movarounnahrda milliy birlikni yuzaga keltirgan mustaqil davlatga asos solgan, o‘rta asr uyg‘onish davri madaniyati, ilm-fani, san’ati taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shgan, uning benazir homiysi bo‘lib tanilgan bu ulug‘ zot nomi asrlar o‘sha avlodlarning faxri va iftixori bo‘lib qoladi. Amir Temurning siyosiy, ijtimoiy faoliyati, falsafiy qarashlari jahon olimlarining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Temur va temuriylar davri madaniyatiga aloqador manbalarning kamchiligiga, asrlar mobaynidagi o‘zaro urushlarni, to‘polonlarni, tabiiy ofatlarni sabab kilib ko‘rsatsa bo‘ladi, bundan tashqari, saqlanib kolgan minglab qo‘lyozmalarning hali to‘liq o‘rganilmaganligidir. Dunyo muzeylaridagi manbalarning, xujjatlarning barchasi tarjima qilinmagan. O‘rta Osiyo tarixining bu yorqin sahifalarini o‘rganish, uni barchaning ma’naviy mulkiga aylantirish hozirgi kunning muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda, chunki bu davr madaniyati, ilmu-fani, san’ati, badiiy-estetik qadr-qiymati hali bugungacha chuqur va to‘la o‘rganilmagan.