Sen bir olam , Men o‘zga olam
Har kim hayotda aqalli bir marta ôylab kôrgan bôlsa kerak - sen hamma kabi bôlmagan olamda oq qarğadek yashash qanday ekan-a? Har holda men bu haqida ôylab kôrganim aniq.
Chunki ôsha oq qag‘a o‘zimman..!
Yo‘q, albatta, menga ôxshaganlar ham, meni tushunadigan, do‘stona munosabatda bôladiganlar ham bor, ammo atrofimdagilarning aksariyati mutlaqo boshqacha umrguzaronlik qiladi. Qayga bormay begonaman. Bizning olamlarimiz butkul boshqa - boshqa, bu shunday olamlarki, har birining qonun-qoidalari bisyor. O‘z olamimda baxtiyorman, ammo hamma menga toleyi sho‘r bechoradek qaraydi.
Men ingliz ota va muhojir onaning farzandi, Shtatlarda yashovchi musulmon qizman. Hamma gap ana shunda.
- Bismillahir Rohmanir Rohim - qariyb pichirlagandek asta shivirladim.
Musulmonlar taom tanovulini aynan shu tarzda boshlashadi. Bu bizning duomiz, nasroniylar uni stol atrofida o‘zaro qo‘l ushlashib talaffuz qilishadi. Shu tariqa Parvardigorga riza bergani uchun shukrona keltiramiz. Aytishlaricha, bu sôzlar bilan boshlanmaydigan har qanday tanovul ikki lunjini to‘ldirib kavshanayotgan Iblisning hamoqatida kecharmish. Ammo bu duo yangradimi, bas, u nimaniki paqqos tushirishga ulgurgan bo‘lsa, hammasini varaqlatib qusadi va yana och qoladi. Bolalikda bu rivoyat doim kulgimni qistar, bo‘shliqqa tikilib, baland ovozda qichqirardim: ,, Senga shu ham kam! Ajab bo‘pti!" Bugungi nonushtamiz ham har doimgidek aynan shu sôzlar bilan boshlandi.
Umuman ishtaham yôq, lekin oğir va mashaqqatli kundan avval kuch tôplab olish uchun oyim saharmardonlab tayyorlagan katayefning (ichi qiyomli quymoq (blinchik)) bir bo‘lagini majburan oğzimga tiqishtiraman. Qovog‘imdan qor yogʻayotgani e'tibordan chetda qolmadi, shekilli, otam naq yarim soat davomida har-har zamon men tomonga mopralab qôydi, keyin esa daf'atan savolga tutdi:
- Tinchlikmi? O‘ychan ko‘rinasan. Haddan ziyod ôychan desa ham bo‘ladi.
- Shunchaki yangi maktabga borish oldi biroz hayajonlanyapti, - gazplita oldida pishir-kuydirni davom ettirayotgan oyim o‘rnimga javob berdi.
Indamadim: izoh berishga hojat yôq.
Oshxonaga shovqin-suron solib 12 yashar ukam - bu yorug‘ olamda men astoydil yaxshi kôradigan birdan bir bola otilib kirib keldi. Otamdan o‘tgan kashtanrang sochlari tôzğiganidan ukamning hali vannaxonaga qadam bosmaganini shundoq bilsa bo‘lardi. Oshxonaga kirgan zahoti sovitkichni ochib, sut oldi.
- Kani, dasturxonga o‘tir-da, biz bilan nonushta qil, - norozi ohangda dedi oyim. - Opangga bir -ikki og‘iz dalda ham berib qo‘y.
Kani osmondek moviy kôzlarini menga tikib, dunyodagi eng yupatuvchi tabassumni hadya qildi.
- Hammasi zo‘r bo‘ladi, opaginam, - liq to‘la zalda she'r o‘qiyotgandek baland ovozda dedi u, - ishonchim komil, bekorga hayajonlanyapsiz.
- Hayajonlanayotganim yo‘q, - e'tiroz bildirdim o‘zimni aldashga oshkora urinib. - Sal-pal bo‘lsa bordir.
Oyim boshim va bo‘ynimni ôrab turgan qora ro‘molga nazar tashladi-yu hammasini angladi.
Ha, tan olishga hech bo‘ynim yor bermasa-da sochlarimni yot ko‘zlardan pana qilib turgan mana shu mato hayajonimning sababchisi edi. Yangi sinfdoshlarim meni qanday qabul qilishadi, o‘qituvchilar, qolgan amerikalik o‘smirlar qanday munosabatda bo‘lishadi, buni tasavvur ham qila olmas, shu sababli maktab binosiga kirib borishimni va shu zahotiyoq o‘nlab qiziquvchan nigohlar menga qaratilishini o‘ylasam, vujudim tarang tortardi.
Yo‘q, aslida ulardan qanday munosabat kutish mumkinligini juda yaxshi bilaman.
,, Shahidlikka chog‘langan bo‘lsang, buni bizdan nariroqda qil". Keyin esa kulgi kôtariladi, xuddi bu chindan ham kulgilidek.
Yoki biroz boshqacha. Masalan: ,,Qaysi terrorchilardansan? Afg‘onlardanmi? Yoki iroqliklardan? "
Katta ehtimol bilan shunday deyishadi.
- Adilya, - oyim bilan ma'nodor ko‘z urishtirayotganimizni ilğagan otam ehtiyotkorlik bilan so‘z boshladi, - balki ro‘molni sal boshqacharoq ôragan ma'quldir-a? E'tiborni tortmaydiganroq qilib balki. Xuddi shunchaki oddiy bezak yoki ayollar taqinchg‘idek.