May 17

Uch kun davom etgan O‘zbekiston energetika haftaligi o’z ishini yakunladi   

Joriy yilning 14-16 - may kunlari bo'lib o'tgan O‘zbekiston Energetika haftaligida dunyoning 29 ta davlatidan 450 ta ishlab chiqaruvchi kompaniyaning yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga oid zamonaviy uskunalari va texnologiyalari ko‘rgazmasi, xorijiy va mahalliy kompaniyalar, xalqaro ekspertlar hamjamiyati, yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga oid dolzarb mavzular yuzasidan qator konferensiyalar va yalpi sessiya tashkil etildi. Shuningdek, mazkur haftalik doirasida respublika neft-gaz va energetika sohasidagi xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “UNG-YOUTH MARAFON” yugurish marafoni va “Zakovat” intellektual o‘yini o'tkazildi. Ushbu sport va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarda “O'zransgaz” AJ, “O'zkimyosanoat” AJ, “O'zbekneftegaz” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va boshqa yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari qatori “O‘zatom” agentligi va "AES qurilishi direksiyasi" DUKning bir guruh xodimlari ham faol ishtirok etishdi. Unda soha yoshlari 3,9 km masofaga yugurishdi. Mazkur yugurish marafonida umumiy 500 nafarga yaqin yosh xodimlar ishtirok etdi. Belgilangan masofani birinchi bo‘lib yugurib o‘tgan 6 nafar ishtirokchi (3 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz) g‘olib deb topildi va ular qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shu jumladan, Yoshlarni ijtimoiy-siyosiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularning intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini ham tashkil etildi. Ushbu musobaqada jami 19 ta jamoa qatnashishdi. Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan aql musobaqasida birinchilikni “Uz-Kor Gas Chemical” jamoasi, 2-o‘rinni “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” jamoasi, 3-o‘rinni esa “O‘zbekneftgaz” jamoasi qo‘lga kiritdilar. O’yin yakunida g’olib bo’lgan ishtirokchilar munosib sovg’alar bilan taqdirlandi.

Eslatib o’tamiz, O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida energetikaga oid bir qator muhim tadbirlar bo’lib o’tdi:

- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” 26-xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi;

- “Energetika, energiyani tejash, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2024” 17-xalqaro ko‘rgazmasi;

- 4-Xalqaro energetika konferensiyasi;

- G2B va B2B uchrashuvlari;

- Energetika vazirligi va tizim tashkilotlarining sport va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlari: neft-gaz va energetika sektoridagi yoshlar marafoni – “UNG-YOUTH MARAFON”, “Zakovat” intellektual o‘yini, videoroliklar tanlovi, “Quvvat” 3D animatsion multfilmlar seriyasi taqdimoti, mutaxassislarning IT salohiyati hakatoni, eng yaxshi startaplar va innovatsion takliflar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash hamda boshqalar.

Telegram (https://t.me/uzatom_info)

Facebook (https://www.facebook.com/uzatom/)

Instagram (https://www.instagram.com/uzatominfo/)

Web sayt (https://uzatom.uz/)

YouTube (https://youtube.com/@uzatomuz?si=5UMBbCSkGuoVBtio)

Twitter (https://twitter.com/uzatom_info)