Davlat tiliga hurmat – Vatanga hurmat ifodasi!
Til har bir millat madaniyatining o`zagidir. Shu sababli ham tilning sof saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi.
O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to`lishi munosabati bilan butun respublika miqyosida qator madaniy-ma`rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 20 - oktabr kuni Atom energetikasini rivojlantirish agentligi xodimlari ishtirokida “Davlat tiliga hurmat – Vatanga hurmat ifodasi!” mavzusida davra suhbati o`tkazildi.
Tadbirda „Toshkent irrigatsiya va qishloq xo`jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari, filologiya fanlari nomzodi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va "Ma`rifat" targ`ibotchilar jamiyati a`zosi hamda Notiqlik san`ati akademiyasi direktori Rahimboy Jumaniyozov ishtirok etdi.
Davra suhbatida o`zbek tilini e`zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma`naviy burchimiz bo`lib qolishi borasida g`oyatda qiziqarli qizg`in suhbat bo`ldi.
Amaliy seminarda o`zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish uchun uni taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda har birimiz o`z hissamizni qo`shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashish talab etilishi naqadar muhim ekanligi to`g`risida so`z bordi. Shuningdek, agentlik xodimlari o`zbek tili rivojiga qaratilayotgan yuksak e`tibor yuzasidan qator fikr-mulohazalarini bildirib, o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.