December 4, 2022

"Zakovat formulasi" chempionati

3 dekabr kuni Atom texnologiyalari axborot markazida (ATAM) "Kelajak energiyasi" atom energiyasi axborot markazlarini rivojlantirish avtonom notijorat tashkiloti, "O`zatom" agentligi va "Rosatom" Davlat korporatsiyasi ko`magida "Zakovat formulasi" chempionati finali bo`lib o`tdi.

Ushbu intellektual chempionat Rossiyada 2013 yildan buyon o`tkazib kelinmoqda va bu yil esa Belarus, O`zbekiston va Qozog`istondan bo`lgan jamoalar Rossiyaning 18 ta mintaqasidan ishtirok etayotgan 8-11-sinf o`quvchilariga onlayn formatda qo`shilishdi.

Toshkentdagi turli maktablardan bo`lgan 23 ta jamoa 2 ta saralash bosqichida ham ishtirok etdilar. Shuningdek, birinchi yarim final 25-noyabr kuni Toshkent shahridagi 50-sonli o`rta ta'lim maktabida, ikkinchi yarim final esa 1-dekabr kuni Atom texnologiyalari axborot markazida (ATAM) bo`lib o`tdi.

Natijalarga ko`ra, "Zakovat formulasi" chempionatining final bosqichida umumta'lim maktablari o`quvchilaridan iborat eng yaxshi 7 ta jamoa saralab olinib, o`zaro kuch sinashdi.

"Zakovat formulasi" intellektual chempionati "Nima? Qayerda? Qachon?" sport o`yini qoidalariga muvofiq tarzda o`tkazildi : unda bir vaqtning o`zida 123 ta jamoa ishtirok etishdi va ularga o`yin boshlovchisi savolni o`qib chiqqandan keyin o`ylash uchun bir daqiqa vaqt berildi. Shundan so`ng jamoalar savolga javobni varaqaga yozib, boshlovchiga topshirdilar.

O`yinni olib boruvchi barcha jamoa javoblari varaqasini yig`ib, to`g`ri javobni aytdi. O`yin savollari turli mavzularga bag`ishlangan bo`lib, ular ilmiy kashfiyotlar, fizika, adabiyot, geografiya, tarix kabi fanlardan edi. Intellektual bellashuvni "Nima? Qayerda? Qachon?" sport o`yini bo`yicha jahon chempionatlari boshlovchisi Sergey Abramov olib bordi.

Chempionat yakunlangach, barcha ishtirokchilarga “Kelajak energiyasi” ANT va “O`zatom” agentligining esdalik sovg`alari topshirildi.

Shuningdek, Toshkent maktablari o`rtasida final bosqichida eng yaxshi natijaga erishgan Toshkent shahar 187- sonli o`rta ta'lim maktabi jamoasi o`quvchilari 14 dekabr kuni Atom texnologiyalari axborot markazida (ATAM) bo`lib o`tadigan Ilm-fan va atom festivaliga taklif qilindi.

"O`zatom" agentligi matbuot xizmati