Yangiliklar
September 30

Uzbekistan GTL MChJ yosh mutaxassislari Germaniya va Niderlandiyada malaka oshirdi

“Uzbekistan GTL” MChJ zavodining Muntazam texnik xizmat ko‘rsatishni rejalashtirish bo‘limining 8 nafar yosh mutaxassislari xalqaro tajriba orttirish, o‘z kasbiy salohiyatini mustahkamlash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan bilimlarni egallash maqsadida Germaniya va Niderlandiyada joylashgan Flowserve kompaniyasi zavodlarida tashkil etilgan treninglarda malaka oshirib qaytdi.

Trening davomida ishtirokchilar:

  • nasoslar va ularga o‘rnatiladigan uplotneniyalarning ishlash tamoyillari;
  • kompressorlar va ularga o‘rnatiladigan uplotneniyalarning ishlash tamoyillari;
  • ishlab chiqarishda sifat nazorati;
  • Materiallar va ularning turlari;
  • quvurlar loyihasini rejalashtirish va quvurlar konstruksiyasi;
  • uplotneniyalarning nosozliklarini aniqlash va bartaraf etish;
  • shuningdek, yordamchi tizimlar, chizmalar va materiallarning texnik xususiyatlari bilan tanishdilar.

Amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar nosozliklarni aniqlash, ularning oldini olish hamda qurilmalarni montaj va demontaj qilish jarayonlarini yanada chuqur o‘rgandilar.

Treningning alohida qismi sifatida sifat nazorati, gaz muhrlash tizimlari va sanoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy yondashuvlarga urg‘u qaratildi. Flowserve ishlab chiqarish tsexlariga tashriflar esa yosh mutaxassislarga “Uzvekistan GTL” zavodida ishlatilayotgan ilg‘or texnologiyalarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.

Ma’lumot uchun:
Flowserve – 1790-yilda asos solingan, shtab-kvartirasi AQShning Texas shtatidagi Irving shahrida joylashgan dunyodagi eng yirik nasos, klapan va zichlagich ishlab chiqaruvchilardan biridir. Kompaniya bugungi kunda 55 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, neft-gaz, kimyo, energetika va boshqa sanoat tarmoqlariga yuqori texnologiyali uskunalarni yetkazib beradi.