“GTL yoshlari” loyihasining navbatdagi qahramoni — yosh, maqsadga intiluvchan va o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan mutaxassis Abdivaitov Shohruh Marat o‘g‘li
“GTL yoshlari” loyihasining navbatdagi qahramoni — yosh, maqsadga intiluvchan va o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan mutaxassis Abdivaitov Shohruh Marat o‘g‘li. U har doim o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yib, ularni bosqichma-bosqich amalga oshirishga intiladi. Til o‘rganish, dasturlash va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishlari uni doimo izlanishda bo‘lishga undaydi. Shohruhning hayotiy tamoyili — hech qachon yarim yo‘lda to‘xtamaslik. U bu haqda shunday deydi:
“Agar biror ishni boshlasam, natijasi tezda ko'rinmasa ham tashlab qo‘ymayman. Chunki haqiqiy muvaffaqiyat — sabr va izchillik natijasida keladi.”
- Keling, Shohrux, avvalo o‘zingiz haqida so‘zlab bersangiz. Bu sohaga qanday kirib kelgansiz?
- Men Abdivaitov Shohruh, 2000-yil 9-sentabrda Qamashi tumanida tug‘ilganman. Otam Muborak gazni qayta ishlash zavodida muhandis-elektrik bo‘lib ishlagani sababli oilamiz Muborak tumaniga ko‘chib kelgan, men esa maktab va kollejni shu yerda tamomlaganman. Muborak tumani neft-gaz sanoatining muhim markazlaridan biri bo‘lgani va otam ham shu sohada faoliyat yuritgani tufayli men ham tabiiy ravishda bu yo‘nalishga qiziqib, shu sohani tanlashga qaror qildim.
– Uzbekistan GTL haqida ilk bor qayerdan eshitgansiz va bu korxonaga qanday ishga kirgansiz?
– Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz universitetining Toshkent filialida 4-kursda o‘qib yurganimda Uzbekistan GTL stipendiyalar dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etdim va g‘olib bo‘ldim. Dastur ko‘ra, g‘oliblar korxonaga ishga qabul qilinardi. Avvaliga universitet yo‘llanmasi bilan Muborak GQIZda faoliyat boshladim. Keyinchalik yangi texnologiyalarga qiziqishim sababli onlayn tarzda jobs.uzgtl.com platformasi orqali Uzbekistan GTLga rezyume topshirdim. Onlayn test, yozma va suhbat kabi sinovlar imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, 2023-yilda Umumzavod xo‘jaligi tsexiga kichik mutaxassis sifatida ishga qabul qilindim.
– Ishga kirgandan so‘ng Umumzavod xo‘jaligi tsexidan Texnologik jarayonni loyihalashtirish bo‘limiga o‘tdingiz. Ishlab ketish siz uchun qiyin bo‘lmadimi? Hozirgi bo‘limingiz va u yerdagi sizning vazifalaringiz nimalardan iborat?
– Albatta, dastlab yangi bo‘limga moslashish biroz mas’uliyat talab qildi. Lekin bu jarayon qiyin bo‘lmadi, chunki doimiy o‘rganishga va yangi tajribalarni egallashga intilish men uchun odatiy hol bo‘lsa, bo‘limdagi har bir hamkasblar menga ustozlik qilib ko‘p narsalar o‘rgatishdi va katta yordam berishdi. Hozirgi vaqtda men ishlayotgan Texnologik jarayonni loyihalashtirish bo‘limining asosiy vazifasi — ishlab chiqarish va kimyo sanoatidagi jarayonlarni loyihalash, joriy etish va optimallashtirishdir. Ya’ni xom-ashyodan tayyor mahsulotlargacha bo‘lgan bosqichlarni samarali, xavfsiz va tejamkor tashkil etish, mavjud jarayonlarni tahlil qilish, muammolarni bartaraf etish va ishlab chiqarish unumdorligi hamda sifatini oshirishga qaratilgan. Bunda xavfsizlik va ekologik me’yorlarga qat’iy amal qilinadi.
Mening vazifam esa ushbu jarayonlarda faol ishtirok etish, texnik hujjatlarni tayyorlash, jarayonlarni monitoring qilish va zarur hollarda muammolarni tezkor hal qilishdir.
– Qanday hobbilaringiz bor, bo‘sh vaqtingizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?
– Bo‘sh vaqtimda kitob o‘qiyman, stol tennisi o‘ynab turaman va dasturlash sohasini o‘rganib boraman. Yaqinda Aleksandr Dyumaning “Askanio” kitobini tugatdim, ayni vaqtda esa Gektor Garsiyaning “Ikigai” kitobini mutolaa qilyapman. Dasturlash va unda Sun’iy intellekt (SI) bilan birga ishlash bilan bog‘liq loyihalar ustida ish olib boryapman. Shuningdek, SI bilan muhandislik sohasini rivojlantirish, zavodlarda chiqayotgan fakel gazlardan foydalanish va energoresurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha izlanishlar qilyapman.
– Avvalo tabriklaymiz! Yaqinda “Yoshlar kuni” munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining tashakkurnomasi bilan taqdirlandingiz. Ingliz va rus tillarini ham advanced darajada bilasiz. Ya’ni siz intiluvchan va o‘z ustingizda tinimsiz ishlaydigan yoshlardansiz. Sizni nima ilhomlantiradi?
– Keling, biroz ortga qaytamiz. 2018-yilda I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialiga o‘qishga topshirganman. Eng oxirgi bosqich, rus tili imtihoniga 41 ta nomzod yetib borgan, qabul kvotasi esa 40 ta edi. Bilasizmi, o‘shanda yiqilgan bitta abituriyent kim bo‘lgan? O‘sha men edim. Keyin tushundimki, inson nimanidir o‘rganayotganida oldida qandaydir to‘siqlar bo‘ladi. U o‘qiydi, lekin natijasini darrov ko‘rmaydi. Bu esa dangasalikka olib keladi. Aslida natija tezda bilinmaydi.
Men o‘qishga topshirayotganimda fizika va matematikani o‘qiganman, rus tilidan esa ancha narsa o‘rgansam ham “baribir gaplasha olmayapman-ku” deb tashlab qo‘ygan edim. Shu tajribadan keyin shuni angladim: agar biror ishni boshlagan inson, til o‘rganish bo‘ladimi yoki boshqa narsa, natijasi tezda bilinmasa ham uni tashlab qo‘ymaslik kerak, davom ettirish lozim. Natijada o‘qishga kira olmagan yilimda rus tilini o‘rgandim va keyingi safar eng yuqori ball bilan qabul qilindim. Talabalik vaqtimda esa ingliz tilini advanced darajagacha o‘rgandim. Hozir ham shu prinsipga qat’iy amal qilib kelaman.
– O‘z tengdoshlaringiz va yoshlarga nima maslahat berasiz?
– Avvalo shuni aytardimki, biror ishni boshlagan inson natijani darrov kutmasligi kerak. Natijasi tezda ko‘rinmasa, hech qachon to‘xtamang. Aksincha, ko‘proq mehnat qiling va unga ko‘proq vaqt ajrating. Eng muhimi — chet tilini o‘rganing. Chunki til bilish har qanday sohada izlanishlaringizni kengaytiradi va yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
"Uzbekistan GTL" MChJ PR xizmati