Yangiliklar
May 1

"Uzbekistan GTL" MChJda 28 aprel — “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Xalqaro mehnat tashkilotining tashabbusi bilan 2003-yildan boshlab 28 aprel sanasi “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu kunning ta’sis etilishidan maqsad — butun dunyoda ish joylarida baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat muhofazasini ta’minlash va xavfsiz ish sharoitlarini rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat.

Dunyoning barcha davlatlarida sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida, shuningdek, mehnat muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilot va muassasalar ushbu kunga bag‘ishlab turli tadbirlar tashkil etadilar. Shu munosabat bilan, "Uzbekistan GTL" MChJda ham Sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi hamda Jamiyat kasaba uyushmasi qo‘shma tashabbusi bilan keng qamrovli tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ning kelib chiqish tarixi, mehnat muhofazasining dolzarbligi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilishning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. So‘zga chiqqanlar ushbu sohada olib borilayotgan ishlar, mavjud statistik ma’lumotlar va dunyo tajribasiga oid qimmatli fikr-mulohazalarni taqdim etdilar.

Tadbirning asosiy mavzusi mehnat muhofazasi va uning ish faoliyatidagi o‘rni bo‘ldi. Shu bilan birga, kitobxonlikni targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Tadbir boshida barcha ishtirokchilarga o‘zlari tanlagan 200 dan ziyod badiiy va ilmiy kitoblar sovg‘a qilindi, bu esa xodimlar uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi.

Tadbirda barcha tsex va bo‘limlardan xodimlar, kasaba uyushmasi vakillari hamda Jamiyat rahbariyati faol ishtirok etdi. Xususan, Jamiyat Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ravshan Raxmonjonovich so‘zga chiqib, har bir xodim mehnat muhofazasi qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarurligini ta’kidladi. U xavfsizlik va sog‘lik har doim birinchi o‘rinda turishi, mehnat muhofazasi qoidalariga amal qilish esa nafaqat xodimlarning, balki ish beruvchilarning va jamiyatning umumiy manfaatlariga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Turon Fanlar Akademiyasi akademigi, Professor Oktyabr Raximov so‘zga chiqib, xavfsiz mehnat qilish nafaqat sanoat xodimlarining, balki har bir xodimning bosh shiori bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, Sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinayotgan onlayn "Quiz" testlarida eng faol ishtirok etgan xodimlar, mehnat muhofazasi bo‘yicha eng namunali bo‘limlar, rejaviy ta’mirlash ishlarida alohida faollik ko‘rsatgan xodimlar va boshqa turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash marosimi o‘tkazildi. G‘olib va sovrindorlarga Jamiyat kasaba uyushmasi tomonidan esdalik uchun qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Tadbir so‘nggida Sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Boybo‘ri Qorayev -

«Hurmatli hamkasblar, bugungi tadbir orqali korxonamizda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga rioya etilishiga qaratilayotgan e’tibor yana bir bor namoyon bo‘ldi. Har birimiz ish jarayonida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishimiz, o‘zimiz va atrofimizdagilarning hayoti va sog‘ligi uchun mas’uliyatli bo‘lishimiz shart. Kelgusida ham barchangizdan yuqori darajada hushyorlik va intizom kutib qolamiz. Tadbirda faol ishtirok etganingiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman»

– deya tadbirni yakunlab berdi.

"Uzbekistan GTL" MChJ PR xizmati #yangiliklar