“Uzbekistan GTL” MChJ VII stipendiya dasturi gʻoliblari aniqlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft va gaz sohasida taʼlim–ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Uzbekistan GTL” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2025–2026 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida VII “Uzbekistan GTL” stipendiya dasturi dasturi tashkil etildi.
Mazkur dasturda Oʻzbekiston Respublikasidagi texnika va texnologiya yoʻnalishlariga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarining 3–4-bosqich bakalavriat hamda 1–2-bosqich magistratura bosqichlarida, kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar ishtirok etdilar.
Tanlov jarayoni 3 bosqich asosida oʻtkazildi. Dastlabki bosqichda talabgorlardan onlayn anketa orqali roʻyxatdan oʻtish talab etildi. Ikkinchi bosqichda saralangan talabalar oʻz mutaxassislik yoʻnalishlari hamda xorijiy til boʻyicha yozma imtihon topshirdilar. Yakuniy bosqichda esa yuqori natija koʻrsatgan talabalar suhbat jarayonida ishtirok etdilar.
Tanlov doirasida oʻtkazilgan har bir bosqich boʻyicha maʼlumotlar, jumladan, keyingi bosqichga oʻtgan talabalar roʻyxati, imtihon oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi korxonaning rasmiy veb-sayti (uzgtl.com) hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam eʼlon qilib borildi.
Oʻz yoʻnalishlari boʻyicha bir necha bosqichli yozma va ogʻzaki shakldagi tanlov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan quyidagi 7 nafar talaba 2025/2026-oʻquv yili uchun oʻtkazilgan VII “Uzbekistan GTL” MChJ stipendiyasi gʻolibligiga munosib koʻrildi:
- Ravshanov Muhammad Olim oʻgʻli — Qarshi davlat texnika universiteti, Mexanika yoʻnalishi;
- Bozorov Sanjarbek Dilmurod oʻgʻli — I. Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Mehnat muhofazasi yoʻnalishi;
- Zokirov Asilbek Mirzohid oʻgʻli — Qarshi davlat universiteti, Laboratoriya yoʻnalishi;
- Baxromov Abbosxoʻja Abrorxoʻja oʻgʻli — Oʻzbekiston Milliy universiteti, Laboratoriya yoʻnalishi;
- Ismatov Rustam Rashidovich — I. Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Nazorat-oʻlchov asboblari va avtomatikasi yoʻnalishi;
- Neʼmatjonov Javohir Otamurod oʻgʻli — Yangi Oʻzbekiston universiteti, Texnologiya yoʻnalishi;
- Oydinov Hojiakbar Shuxrat oʻgʻli — Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Elektr taʼminoti yoʻnalishi.
Gʻoliblarga 1 oʻquv yili mobaynida har oy belgilangan miqdorda stipendiya toʻlab boriladi hamda ular korxona kadrlar zaxirasiga kiritiladi. Oliy taʼlim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlaganidan soʻng doimiy ish bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Shuningdek, quyidagi 1 nafar talaba VII “Uzbekistan GTL” stipendiya dasturining faol ishtirokchisi deb topildi:
- Valiyeva Odinai Muzayana Elbek qizi — D. I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti, Texnologiya yoʻnalishi.
Aziz talabalar, Sizlarni gʻalabangiz bilan samimiy muborakbod etamiz! Mehnatingiz, intilishingiz va bilimga boʻlgan ishtiyoqingiz orqali ushbu yuksak eʼtirofga sazovor boʻldingiz. Ushbu muvaffaqiyat yangi imkoniyatlar eshigini ochib, kelajakdagi kasbiy va shaxsiy rivojlanishingiz uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
“Uzbekistan GTL” masʼuliyati cheklangan jamiyati Sizlarni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, yanada katta zafarlar, izlanishda tinimsiz qatʼiyat va yangi marralarni zabt etishingizni tilaydi!