Yangiliklar
December 3, 2025

“Uzbekistan GTL” MChJda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Ochiq muloqot” tadbiri bo‘lib o‘tdi

9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Aksilkorruptsiya oyligi” doirasida “Uzbekistan GTL” MChJda ochiqlik, halollik va korporativ shaffoflikni mustahkamlashga qaratilgan “Ochiq muloqot” tadbiri tashkil etildi. Tadbirda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish, faoliyatda shaffoflikni ta’minlash va zamonaviy komplaens tizimlarini joriy etish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Tadbirni “Uzbekistan GTL” MChJ Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ravshan Karabayev ochib berdi. U o‘z nutqida korrupsiyaga qarshi kurashishning korxona barqaror faoliyati, mas’uliyatli boshqaruv va umumiy ishonch muhitini shakllantirishdagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, korxonada har bir qaror va har bir jarayon shaffoflikka tayangan holda amalga oshirilishi lozim, chunki bu nafaqat ichki nazorat, balki korporativ madaniyatning asosiy tamoyillaridan biridir.

Tadbir davomida sohaga oid mutaxassislar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy siyosat, amaliy mexanizmlar va korporativ komplaens tizimining zamonaviy yondashuvlari haqida ma’lumotlar berildi. Adliya organlari hamda "O‘zbekneftgaz" AJ Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamenti mas’ullari mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat etikasi talablariga rioya etish va korporativ muhitda murosasiz munosabatni shakllantirishning amaliy jihatlarini yoritib o‘tdi.

Yuridik bo‘lim hamda personalni boshqarish xizmati vakillari ham korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga qarshi qat’iy pozitsiyani shakllantirish, xodimlarning huquqiy ongini oshirish va xizmat intizomini mustahkamlash bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslarni bildirishdi. Chiqishlarda ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurash faqat nazorat mexanizmlari bilan cheklanmaydi — u har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati, kasbiy etikasi va halol mehnat tamoyillariga bog‘liq.

Tadbir “Uzbekistan GTL” MChJda amalga oshirilayotgan shaffof boshqaruv, korporativ odob-axloq va zamonaviy komplaens tizimini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi. Fikr va tajriba almashinuvi orqali korxonada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mavjud yondashuvlarni takomillashtirish, ichki nazoratni kuchaytirish va barqaror korporativ muhitni shakllantirish maqsad qilingan.

“Uzbekistan GTL” rahbariyati tadbirda bildirilgan fikr va tavsiyalarni qo‘llab-quvvatlagan holda, korxona faoliyatida halollik va ochiqlik siyosatini kelgusida ham ustuvor yo‘nalish sifatida davom ettirishini ta’kidladi.