Maktab o‘quvchilari uchun “Uzbekistan GTL” zavodiga ekskursiya tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft va gaz sohasida ta’lim–ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, bugun G‘uzor tumanidagi 74-sonli ixtisoslashtirilgan umumiy ta’lim maktabi o‘quvchilari “Uzbekistan GTL” zavodiga tashrif buyurishdi.
Ekskursiya davomida o‘quvchilar korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar. Ular o‘zlarida katta taassurot qoldirgan ushbu tashrif orqali kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lish uchun qanday bilim va ko‘nikmalarni egallash zarurligi haqida muhim xulosalar chiqardilar.
Shu bilan birga, korxona mas’ullari maktab pedagoglarini yaqinlashib kelayotgan 1-oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni bilan tabriklab, ularga samimiy tilaklarini bildirdilar.
“Uzbekistan GTL” MChJ bunday tashriflarni muntazam yo‘lga qo‘yib, o‘quvchilarning ilm-fan, texnologiya va ishlab chiqarish jarayonlariga qiziqishini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratadi.